Qashqadaryodagi bogʻchalarning 67 foizi tabiiy gaz bilan taʼminlanmagan

12:23 01 Mart 2019 Jamiyat
448 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi ONLINE”/Munisxon Karimova. Qashqadaryo viloyati hokimi oʻz axborotida hududdagi bogʻcha va maktablar faoliyati, ulardagi ahvolga ham toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanishicha, Qashqadaryo viloyatida bugungi kunda jami 595 ta maktabgacha taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, ulardan 351 tasi yoki 59 foizi davlat, 244 tasi yoki 41 foizi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalaridir. Viloyat hududidagi 241 843 nafar 3-7 yoshdagi bolalardan 68 602 nafari yoki 28,4 foizi maktabgacha taʼlimga qamrab olingan.

Viloyatdagi 107 ta MTM joriy taʼmirlanishi, 153 tasi mukammal taʼmirlanishi va 76 tasi rekonstruksiya qilinishi maqsadga muvofiq. Mazkur muassasalarda Davlat investitsiya, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari orqali taʼmirlanish ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyatdagi MTMning 2 tasi yoki 1,3 foizi markazlashgan issiqlik manbaiga ulangan boʻlsa, 185 tasi yoki 51,9 foizi burjuyka pechlari bilan isitiladi.

241 ta yoki 67 foiz maktabgacha taʼlim muassasasi tabiiy gaz bilan taʼminlanmagan. Ushbu maktabgacha taʼlim muassasalari suyultirilgan gaz ballonlari bilan taʼminlangan.

Viloyatda jamiya oʻquv kabinetlarining soni 4183 taga teng. Shundan 883 tasida yoki 21 foizida jihozlar maʼnan eskirgan.

Hududdagi 1 117 ta maktabdan 718 tasi yoki 64 foizi soʻnggi 5 yilda taʼmirlanmagan. 

Viloyatdagi umumtaʼlim maktablari uchun 2018 yil jihozlash dasturiga koʻra 5 587 mln. soʻmga 5318 ta 1-4 sinflar uchun parta (2 ta stuli bilan birga), 6 725 ta 5-11 sinflar uchun parta (2 ta stuli bilan birga), 842 ta oʻqituvchi stoli, 1 684 ta kitob javoni talab etiladi.

Viloyat boʻyicha 113 ta yoki 10,1 foiz maktabning isitish qozonlari yaroqsiz holatga kelib qolgan boʻlsa, 446 ta (39,9 foiz) maktab qoʻlbola isitish qozonlari bilan isitiladi.

Jumladan, ularning soni Muborak tumanida 19 ta, Mirishkor tumanida 22 ta, Qarshi tumanida 24 ta, Yakkabogʻ tumanida 36 ta, Chiroqchi tumani 77 ta, Qamashi tumanida 38 ta, Koson tumanida 48 ta, Kitob tumanida 28 ta, Gʻuzor tumanida 16 ta, Kasbi tumanida 40 ta, Dehqonobod tumanida 24 ta, Shahrisabz tumanida 46 ta, Shahrisabz shahrida 17 ta, Nishon tumanida 11 tani tashkil qiladi.

Viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan 1117 ta umumtaʼlim maktabining 842 tasi yoki 75 foizida ichimlik suvi tashib keltiriladi, 180 tasi yoki 16 foizida artezian qudugʻi orqali hamda 95 tasi yoki 8,5 foizi markazlashgan suv tizimiga ulangan.

Viloyat boʻyicha taʼmirga muhtoj maktablar soni 231 tani yoki 20,6 foizni tashkil etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?