Qashqadaryoda joriy yilda yongʻinlar sabab 51 fuqaro jarohatlanib, 7 nafari halok boʻldi

11:36 26 Noyabr 2018 Jamiyat
343 0

Illyustrativ foto

Qashqadaryo viloyatida joriy yilning 10 oyida 899 ta yongʻin qayd etilgan. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Qayd qilinishicha, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15 taga kamaygan. Biroq, sodir boʻlgan yongʻinlar oqibatida 51 fuqaro tan jarohati olib, 7 nafari halok boʻlgan.

– Aksariyat hollarda yongʻin chiqishiga eʼtiborsizlik sabab boʻladi, – deydi viloyat IIB YOXB boshligʻi, polkovnik Farhod Mirzayev. – Misol uchun, joriy yil 8 avgust kuni Shahrisabz tumani Mugʻiltoy qishlogʻida yashovchi fuqaro Tirkash Ravshanov (ism-familiya oʻzgartirilgan) ning hovlisidagi somonxonada yongʻin sodir boʻlib, somonxonaning tom qismi va ichidagi somon gʻarami yonib ketgan. Dahshatlisi, voqea joyidan uy egasining 7 yoshli nabirasining kuygan jasadi topilgan. Aniqlanishicha, yongʻin oʻsha qizaloqning somonxonaga kirib, gugurt oʻynashi natijasida sodir boʻlgan.

Maʼlumotlarga koʻra, joriy yil 1 oktyabr kuni Qarshi shahar Balandnavo koʻchasida yashovchi fuqaro B.S.ning uyida yongʻin sodir boʻlib, uy ichi va tom qismining 85 kvadrat metr maydoni yonib ketgan. Achinarlisi, yongʻin sabab B.S. kuyish tan jarohati olgan boʻlsa, turmush oʻrtogʻi G.L. yuqori darajadagi kuyish oqibatida vafot etgan.

Shu kuni taxminan soat 01:45 larda Qarshi shahrida yana bir mudhish fojia roʻy bergan. Navo mahallasi Yangi darvoza koʻchasida yashovchi fuqaro Shotoʻra Toyqarayev (ism-familiya oʻzgartirilgan) ning uyida yongʻin chiqib, xonadon egasining bevaqt oʻlimiga sabab boʻlgan. Aniqlanishicha, mazkur yongʻinga Sh.Toyqarayevning mast holda sigaret chekib, uxlab qolishi sabab boʻlgan.

Tahlillarga koʻra, bu kabi noxush holatlarning 70 foizi aholi turar joylariga toʻgʻri kelmoqda va bunda gaz va elektr bilan bogʻliq noxush holatlarning ham hissasi bor. Jumladan, aholining nosoz isitish qurilmalaridan foydalanishi oqibatida is gazidan zaharlanish holatlari ham uchrab turibdi.

Maʼlumki, is gazi isteʼmolchilar foydalanayotgan tabiiy gazning toʻliq yonmasligi, koʻmir va boshqa organik moddalarning chala yonishidan hosil boʻladigan birikmadir. U inson organizmining nafas yoʻllari va aʼzolariga kuchli taʼsir qilib, organizmni, xususan, markaziy asab tizimini zaharlaydi.

Uy sharoitida tabiiy gaz yonib turganida yoki pechka bilan isitiladigan uyda pechkaning qopqogʻi yaxshi yopilmay qolganida hamda pechka moʻrisi notoʻgʻri qurilishi oqibatida fuqarolar is gazidan zaharlanishi mumkin.

Xoʻsh, uy sharoitida pechkaning dudburoni qay tarzda oʻrnatilishi toʻgʻri boʻladi?

– Dudburon tomga nisbatan toʻgʻri yoʻnaltirilib, binoning tom qismidan kamida 50 santimetr chiqarilgan holda oʻrnatilishi lozim, – deydi viloyat IIB YOXB bosh mutaxassisi, kapitan Feruz Salomov. – Qishloq sharoitida aholi nafaqat oʻtin, balki goʻngdan ham yoqilgʻi sifatida foydalanadi. Bu esa tabiiy gazdan ajrab chiqadigan is gazidan ham ancha xavfliroqdir. Sababi, tabiiy gazning chala yonishi hisobiga havoga ajrab chiqayotgan zararli elementlardan chala yongan tezakdan ajrab chiqadigan zararli elementlar miqdori koʻproqdir.

Maʼlumotlarga koʻra, bu turdagi yoqilgʻi bilan bogʻliq is gazidan zaharlanish holatlari ham uchrab turibdi. Xususan, joriy yil 4 noyabr kuni Shahrisabz tumani Toʻdamaydon mahallasida yashovchi fuqaro B.K. shu turdagi yoqilgʻidan ajrab chiqqan is gazidan zaharlanib, voqea joyida vafot etgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?