Qashqadaryoda vafot etgan fuqaroga 14 yil oʻtib 44 mln soʻmdan ortiq jarima yozilgani maʼlum boʻldi

17:44 14 May 2019 Jamiyat
786 0

Illyustrativ foto

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Mesit qishlogʻida yashovchi fuqaro Bodom Shodiyeva tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, 2003 yilda vafot etgan marhum turmush oʻrtogʻi Elmurod Doʻsatov nomiga oʻlimidan oʻn toʻrt yil oʻtib tuman elektr taʼminoti korxonasi tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilganligi va marhumga nisbatan 44 044 294 soʻm jarima qoʻllanilganligini maʼlum qilgan. Bu haqda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.

Murojaat oʻrganilganda, tuman elektr taʼminoti korxonasi nazoratchilari tomonidan marhum E. Doʻsatov nomiga dalolatnoma yozilib, jarima summasi esa B.Shodiyevaga tegishli boʻlgan xonadonga ochilgan 0410456 raqamli abonent raqamiga kiritilganligi aniqlandi. Biroq, oʻrganish jarayonida ushbu dalolatnomani elektr taʼminoti korxonasi masʼullari topib berisha olmadi.

Bundan koʻrinadiki, sobiq nazoratchilar xonadonga bormasdan, u yerda yashovchilar bilan uchrashmasdan, guvohlarsiz dalolatnoma rasmiylashtirishgan va jarima hisoblashgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 351-moddasida “Agar majburiyatni qarzdorning shaxsiy ishtirokisiz bajarish mumkin boʻlmasa yoki majburiyat boshqacha tarzda qarzdorning shaxsi bilan chambarchas bogʻliq boʻlsa, qarzdor vafot etishi bilan majburiyat bekor boʻladi” deb belgilab qoʻyilgan.

Kodeksning mazkur moddasi talablaridan kelib chiqib, “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJga marhumning zimmasidagi qarzdorlikni uning hisobidan chiqarish yuzasidan maʼlumot kiritilib, Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimiga tegishli hujjatlar taqdim etildi. Marhum E.Doʻsatov qarz yukidan xalos boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?