Qashqadaryoda test sinovlari o‘tkazishga qanday tayyorgarlik ko‘rildi? (Foto)

18:43 31 Iyul 2018 Jamiyat
353 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Test sinovlarida bu yil shaffoflik va adolatni ta’minlash uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Qarshi olimpiya zaxiralari sport kollejining yengil atletika maneji va sport zallari har bir abituriyent uchun qulay bo‘lgan bir kishilik maxsus o‘rindiqlar, havoni mo‘tadillashtiruvchi sovitkichlar va boshqa jihozlar bilan ta’minlandi.

— Ertaga boshlanadigan test sinovlariga barcha joylar tayyor holga keltirildi, — deydi Davlat test markazi yetakchi mutaxassisi Abror Meyliyev. — Bu yerga Qarshi davlat universiteti, Qarshi Muhandislik iqtisodiyot instituti va TATU Qarshi filialida o‘qish uchun turli mutaxassisliklarga hujjat topshirgan abituriyentlar har kuni ikki smenada imtihonlarga kiritiladi. Kuniga bir smenada 2220 nafardan 4440 nafar abituriyent test sinovlaridan o‘tadi. 1 avgustdan 11 avgustgacha davom etadigan test sinovlarida jami 48 ming 900 nafardan ortiq abituriyent o‘z imkoniyatini sinab ko‘radi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Imtihonlarning ochiq va shaffof bo‘lishini ta’minlash maqsadida 84 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Shuningdek, 356 nafar malakali oliy ta’lim va xalq ta’limi xodimlaridan iborat nazoratchilarga seminarlar tashkil etilib, malaka sertifikatlari berildi. Bundan tashqari, ota-onalar test sinovlarini kuzatib borishlariga qulaylik yaratish uchun Qarshi axborot texnologiyalari kollejida yirik hajmdagi monitor tashkil etildi. Bu yerga kela olmagan ota-onalar va abituriyentlarning boshqa qarindoshlari va do‘stlari Qashqadaryo televideniyesi yoki internet sayti orqali ushbu jarayonni to‘liq kuzatib borishlari mumkin. Abituriyentlarga omad tilab qolamiz.

Ahad MUHAMMADIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?