Qashqadaryoda tarvuz pishdi. U Qozogʻistonga eksport qilinmoqda

09:02 17 May 2019 Jamiyat
910 0

Chiroqchi tumanidagi “Gissar Effect” masʼuliyati cheklangan jamiyati polizkorlari plyonka usulida ertachi yetishtirilgan Koʻkdala tarvuz koʻchatlaridan 4 tonnadan ortiq hosil olib, Qozogʻistondagi buyurtmachilarga eksport qilishni boshlashdi.

Taʼkidlash joizki, dehqonchilikda “Chiroqchi tajribasi”ni boshlab bergan koʻkdalalik mirishkorlar ertachi tarvuz-qovundan tashqari bodring, bulgʻor qalampiri va boshqa sabzavot mahsulotlarini ham bozorlarga birinchi boʻlib olib chiqishdi.

Chiroqchi tumani hokimligidan maʼlum qilishlaricha muhtaram Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Chiroqchi va Koson tumanlarida 2019 yilda 20 ming gektar lalmi yer maydonlariga eksportbop poliz mahsulotlari ekilishi boʻyicha berilgan topshiriqlar yuzasidan Chiroqchi tumanidagi mavjud lalmi yer maydonlarida eksportbop poliz mahsulotlari ekish va yetishtirishni tashkil qilish boʻyicha “Tarvuz – qovun yetishtiruvchilar” Qashqadaryo viloyati assotsiatsiyasi tashkil etilib, tarvuz yetishtirish va uning eksport salohiyatini amalga oshirish boʻyicha “Oʻzagroeksport” AJ taʼsischiligida tumanda “Eko agro melon” unitar korxonasi ish olib bormoqda.

Bu yil tumanda 14638 gektar lalmi maydonlarda eksportbop tarvuz va qovun yetishtirilmoqda. “Gissar Effekt” masʼuliyati cheklangan jamiyati, “Rajab xoji” polizchilik va sabzavotchilik fermer xoʻjaligi hamda “Eko agro melon” unitar korxonasi tomonidan bu yil tarvuz mahsulotlari chetga eksport qilinadi. Shuningdek, “Qashqadaryo tarvuzchilar uyushmasi” tomonidan Janubiy Koreyaning poliz mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etish boʻyicha tajribasi oʻrganilmoqda.

A. Muhammadiyev, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?