Qashqadaryoda “Qorabayir otchilik majmuasi” ochildi

18:43 19 May 2018 Jamiyat
633 0


Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida yaqinda qurib bitkazilgan “Qorabayir otchilik majmuasi” tantanali ravishda ochildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi vakillari, viloyat hokimligi, jamoat tashkilotlari rahbarlari, xorijiy mehmonlar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.   


Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 24 fevralida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida milliy iftixorimiz sanalgan qorabayir otlari va har bir o‘zbek o‘g‘lonining qoniga singib ketgan tug‘ma chavandozlik xususiyati haqida alohida to‘xtalgan edilar. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosi doirasida Yurtboshimizning tashabbusi va taklifiga ko‘ra bunyod etilgan majmua mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga bo‘lgan alohida e’tibor namunasi bo‘ldi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, qorabayir zotli otlar ustidagi dastlabki seleksiya ishlari bundan uch yarim ming yil avval qadimgi Farg‘ona vodiysi va Jizzax vohasida bir paytning o‘zida olib borilgan. Ko‘hna Xitoy yozma manbalari va mamlakatimizning turli mavzelaridan topib o‘rganilgan qoyatosh suratlari – petrogliflar qorabayir zotining yoshi uch ming yildan ziyod ekanligini ko‘rsatdi.

O‘rta asrlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Jaloliddin Manguberdi, sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ajdodlarimiz qorabayir otlari bilan ulkan muhorabalarda zafar quchganligi haqida ko‘plab dalillar bor.

“Qorabayir otchilik majmuasi” davlat unitar korxonasining tashkil etilishi va bu yerda nasldor sport otlari tizimli ravishda yetishtirilishi kelajakda yurtimiz ot sportining hamda ot bilan bog‘liq milliy o‘yinlarimizning jahonga chiqishida asosiy tayanch bo‘ladi. Boshqacha aytganda, yaqin kelajakda ushbu korxona tashqi va ichki bozorni naslli otlar bilan ta’minlash bilan birga o‘zbek ot sportining jahonda yetakchi o‘ringa chiqishida poydevor vazifasini o‘taydi.

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi muxandis texnik nazoratchisi Farxod Berdiqulovning ta’kidlashicha, qariyb 6 oyda qurib bitkazilgan zamonaviy majmuada 34 milliard so‘mlik qurilish bunyodkorlik ishlari olib borildi. Unda muhtasham yopiq manej, sayohatchilar va shartnoma asosida ot olib ketishga keladigan mehmonlar uchun 8 o‘rinli mehmonxona, 80 o‘rinli restoran, shuningdek, chavandozlarni o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv xonalari, mashg‘ulot o‘tish zallari mavjud.  200 otga mo‘ljallangan ushbu majmua o‘z nomi bilan Qorabayr zotli otlarni ko‘paytirish, tayyorlash va realizatsiya qilishga mo‘ljallangan. Yetishtirilgan otlarni sportga tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 4 ta blokdan iborat otxonalarda 1 yoshgacha, uch yoshgacha va undan katta yoshdagi otlar alohida o‘rgatiladi. Bundan tashqari, otlarni suvda va qumda mexanik yurgizadigan manejlar barpo etilgan bo‘lib, ularda  6 tadan otni maxsus aylantiruvchi mexanizmlar yordamida bir xil tezlikda aylantirish mashg‘ulotlari olib boriladi. 

Majmuaga hozir respublikamizdagi Qorabayr otlardan 50 bosh olib kelindi. Ulardan nasl olinib, sonini 200 taga yetkazish rejalashtirilgan. Majmuada ot o‘rgatuvchilar, veterinarlar, otlarni parvarish qiladigan otboqarlar, shuningdek, dalada xizmat qiladigan agronom texnik xodimlar mehnat qiladilar.  

Majmuaning umumiy yer maydoni 1204,6 gektar bo‘lib, shundan 10 gektari qurilish maydonini, 200 gektari ozuqa ekinlari yetishtiriladigan suvli maydonlarni, qolgani tug‘ish yoshidagi otlarni boqishga mo‘ljallangan yaylov yerlarini tashkil etadi.
Majmuaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda ot sporti musobaqalari, ko‘rgazmali chiqishlar hamda keng dasturdagi konsert namoyish etildi. 

A. Muhammadiyev, 
“Xalq so‘zi” muxbiri.

Suratlar muallifi: Hasan Paydoyev /“Xalq so‘zi”.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?