Qashqadaryoda nega ayrim tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatmasdan kelmoqda?

12:08 01 Mart 2019 Jamiyat
280 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi ONLINE”/Munisxon Karimova. Senat yalpi majlisida Qashqadaryo viloyati hokimi parlament vakillariga hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotini taqdim etdi.

Unda viloyat hokimi hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish, qator investitsiya loyihalarni amalga oshirish borasida erishilgan natijalarni qayd etib oʻtdi. Xususan, oʻtgan davrda tadbirkorlik subyektlari, aholi uchun qoʻshimcha daromad manbalari sezilarli darajada koʻpaydi. Qarshi shahridagi “Kardiologiya” va “Endokronologiya” markazlari hamda viloyat “Yuqumli kasalliklar shifoxonasi”ni tubdan yangilash va qurilish rekonstruksiya ishlari yakunlanib aholi uchun xizmat qilmoqda. Qarshi shahrida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykalini oʻrnatish va atrofini obodonlashtirish, “Barkamol avlod” markazi binosi oldida Oʻzbekiston Xalq qahramoni – buyuk shoir Abdulla Oripov haykalini oʻrnatish va uning nomidagi ona tili va adabiyoti fanidan chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Aholi uchun yangilangan namunaviy arzon uy-joylar va Ichki ishlar profilaktika inspektorlari uchun xizmat uylarini qurish ishlari jadal davom etmoqda, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminotini yanada yaxshilash choralari koʻrilmoqda. 2018 yilda “Afrosiyob” tez yurar poyezdini Shahrisabz shahrigacha olib kelindi...

Viloyat hokimi viloyatni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan muammo va kamchiliklarga alohida toʻxtaldi.

Unda aytilishicha, viloyatda 534 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat koʻrsatmasdan kelmoqda. Ularning 20 tasi muassislarning bedarak yoʻqolganligi yoki vafot etganligi, 227 tasi oʻz ustav fondini shakllantirmagan yoki mol-mulkka ega boʻlmaganligi, 180 tasi aylanma mablagʻlari yoʻqligi yoki xom ashyo boʻlmaganligi, 70 tasi bankrot holatiga tushganligi, 37 tasi boshqa holatlar sababli faoliyat yuritmayapti.

Hududda 2019 yil 1 yanvar holatida jami 4 245 ta boʻsh ish joyi mavjud boʻlib, shundan 2 203 tasi alohida malaka talab etiladigan mutaxassisliklarga, 774 tasi oʻqituvchi-pedagog va 631 tasi shifokor kadrlarga toʻgʻri keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?