Qashqadaryoda ijtimoiy soha obyektlarini kapital taʼmirlash va jihozlash uchun qoʻshimcha mablagʻ zarur

17:40 03 Iyun 2019 Jamiyat
305 0

“Yuksalish” umummilliy harakati, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi vakillaridan iborat ishchi guruh joriy yilning 29-30-may kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurib, u yerda qator tadbirlar oʻtkazdi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jumladan, hududiy investitsiya dasturi va 2019-yil davlat dasturida belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosini oʻrganish maqsadida jamoatchilik monitoringi va fuqarolar bilan muloqotlar amalga oshirildi.

Jamoatchilik monitoringi davomida Qashqadaryo viloyatining Kasbi va Nishon tumanlarida ijtimoiy soha obyektlarida olib borilayotgan qurilish va taʼmirlash ishlari koʻzdan kechirildi. Ishchi guruh tomonidan asosan mazkur hududlardagi suv taʼminoti tarmoqlari, ichki yoʻllar, maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini qurish va taʼmirlash boʻyicha ishlarning oʻz vaqtida, samarali yoʻlga qoʻyilganligi oʻrganildi.

Jumladan, Nishon tumanida 2019-yil investitsiya dasturiga muvofiq “Nishon-1” nasos stansiyasini kapital taʼmirlash ishlari hamda “Nishon-2” nasos stansiyasigacha boʻlgan 5,5 km uzunlikdagi masofaga suv quvurlari tarmoqlarining yotqizilishi oʻrganildi. Ishlar jadal tashkil etilib, ayni paytda umumiy ish hajmining 71 foizi bajarilgan.

Bundan tashqari, Nishon tumani maktabgacha taʼlim boʻlimiga qarashli Maktabgacha taʼlim muassasalari 2018—2019-yillarda kapital rekonstruksiya qilinib, topshirilgan maktabgacha taʼlim muassasalarida jihozlash boʻyicha yetarli mablagʻlar ajratilmaganligi uchun tumandagi maktabgacha yoshdagi bolalar qamroviga salbiy taʼsir qilmoqda. Xususan, “Obod qishloq” dasturi asosida 2018-yilda kapital rekonstruksiya qilingan “Paxtakor” MFY hududidagi 1-sonli 240 oʻrinli MTM 1830,0 mln soʻmga, “Paxtakor” MFY hududidagi 16-sonli 140 oʻrinli MTM 761,0 mln soʻmga, “Baynalminal” MFY hududidagi 2-sonli 140 oʻrinli MTM 1007,0 mln soʻmga taʼmirlanganligi, ammo binolarni jihozlash uchun esa mablagʻ ajratilmaganligi maʼlum boʻldi. Natijada, ushbu obyektlarda ovqat pishirish uchun elektr plitalar, oshxona jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun ombor muzlatkichlari mavjud emas.

2019-yilda investitsiya dasturiga asosan tumandagi “Navroʻz” MFY dagi 3-sonli 150 oʻrinli MTM uchun 2616,7 mln soʻm, “Kaptarli” MFY dagi 5-sonli 150 oʻrinli MTM uchun 2763,6 mln soʻm, “A.Qodiriy” MFYdagi 7-sonli 150 oʻrinli MTM uchun 2806,7 mln soʻm, “Samarqand” MFY dagi 8-sonli 150 oʻrinli MTM uchun 2555,4 mln soʻm kapital rekonstruksiya uchun mablagʻlar ajratilib, taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda, biroq ushbu muassasalarda ham mebel va jihozlash uchun mablagʻlar yetarli darajada ajratilmagan.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan tumandagi “Nishon” QFYda aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida 1,2 km masofadagi ichki yoʻl taʼmirlash ishlari oʻrganildi. Bugungi kunda 0,4 km masofada ishlar bitkazilgan boʻlib, obyekt joriy yil foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.

Jamoatchilik monitoringi tadbirlari Kasbi tumanida ham oʻtkazilib, 42- va 13-sonli umumiy taʼlim maktablarida hamda 24- va 14-sonli MTMlarida olib borilayotgan kapital qurilish va taʼmirlash ishlari oʻrganildi.

Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari “Tinchlik” MFYda bunyod etilayotgan 24 xonadonli uy qurilishi hamda “Fazli” MFYdagi suv saqlash inshooti rekonstruksiyasi ishlarining borishi bilan tanishdilar. Bugungi kunda inshoot binolarini taʼmirlash, rezervuarlarni tozalash va uning atrofini oʻrash, 3 ta yangi nasos uskunalarini oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Biroq, inshootga suv olib kelish masalasi hanuz ochiq qolmoqda. Sababi, loyiha smeta hujjatlarida SSIga 1,95 km masofadan quvurlar orqali suv olib kelish ishlari koʻrsatilmagan va tabiiyki mablagʻ ham ajratilmagan. Mutaxassislarning fikricha, rekonstruksiya ishlari tugallansada, inshoot bu yil ishga tushmaydi. Natijada ushbu hududda istiqomat qiluvchi 5 mingga yaqin mahalliy aholining toza ichimlik suvi boʻyicha muammosi hal etilmay qolishi mumkin.

Tashrif davomida, shuningdek, joriy yilning 30-may kuni viloyat hokimiyati binosida deputatlar, NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlari hamda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakatining maqsad va vazifalari, faoliyat yoʻnalishlari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Ularning soha rivojiga qaratilgan fikr va takliflari, hamkorlikda amalga oshirish mumkin boʻlgan tashabbuslar muhokama qilindi.

Shuningdek, harakat vakillari tomonidan NNTlar uchun mahalliy va xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdim etilayotgan grant mablagʻlari va boshqa imkoniyatlar haqida taqdimot oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?