Qashqadaryoda ishga tushiriladigan qoʻshma korxona muhim sanoat xom ashyosini chiqindiga tashlab yuborilishini oldini oladi

18:44 22 Yanvar 2020 Iqtisodiyot
297 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ahad Muhammadiyev/Qashqadaryo. Dehqonobod tumanida Rossiyaning “Freyol – Unity” korxonasi bilan hamkorlikda junni qayta ishlash va qadoqlash zavodi quriladigan boʻldi.

Tuman hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Dehqonobod tumani hokimligi bilan rossiyalik hamkorlar oʻrtasida Dehqonobodda junni qayta ishlaydigan korxona barpo etish borasida kelishuvga erishilgan. Bu haqda “Freyol — Unity” MCHJ vakillari, Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining chorvachilik yoʻnalishi mutaxassislari, chorvachilikka ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy xodimlari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirokida Dehqonobodda oʻtkazilgan seminar va davra suhbatida aytib oʻtilgan.

Qurilajak zavod uchun tumanning Beshbuloq mahallasi hududidan joy ajratilib, loyihalashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Yil oxiriga qadar ishga tushirilishi moʻljallanayotgan korxonada 80 ta yangi ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.

“Freyol – Unity” MCHJ vakili Rashid Isgilovning taʼkidlashicha ushbu korxona jun mahsulotlarini qayta ishlash va undan tayyor mahsulot olish boʻyicha uzoq yillik tajribaga ega. Qashqadaryoda qoʻylardan olinadigan jun xom ashyosi esa oʻzining sifati bilan ajralib turadi. Shu bois uni qayta ishlash borasidagi kelishuv ikki taraf uchun ham manfaatlidir.

Soha mutaxassislarining taʼkidlashicha, bugungi kunda respublikamizda boqiladigan 20 milliondan ortiq qoʻy va echkilardan qirqim davrida har biridan 2-3 kilogrammgacha jun olinadi. Uni qayta ishlash esa chorvachilik sohasida nihoyatda katta iqtisodiy samara keltiradi. Hozir esa jun xomashyosi hunarmandlarning sanoqligina vakillari tomonidan yigirilib, gilam yoki boshqa roʻzgʻor buyumlari toʻqishda foydalanilmoqda. Qolgan qismi muhim sanoat xom ashyosi hisoblansa-da, chiqindiga tashlanyapti. Viloyatda hozirgacha junni qayta ishlaydigan birorta ham korxona ishga tushmagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?