Qashqadaryoda 500 ming tonnadan ortiq gʻalla tayyorlandi

10:57 05 Iyul 2019 Iqtisodiyot
386 0

Viloyat gʻallakorlari davlatga gʻalla topshirish shartnoma rejasini oshirib bajardilar. Qabul punktlariga 500 ming tonnadan oshiq don yetkazib berildi.

Viloyatda 2019-yil hosili uchun jami 204800 gektar, shu jumladan, 141800 gektar sugʻoriladigan va 63000 gektar lalmi maydonlarda dehqonchilik qilinib, yetishtirilgan gʻalla hosili qisqa muddatlarda sifatli yigʻishtirib olindi.

Joriy yilda 3585 ta fermer xoʻjaligi bilan davlatga jami 408,8 ming tonna don sotish boʻyicha shartnoma tuzilgan edi. Qariyb bir oy davom etgan oʻrim yigʻim mavsumida fermer xoʻjaliklarining deyarli barchasi shartnoma majburiyati bajarib, daladagi asosiy hosilni yigʻishtirib olishga muvaffaq boʻldi.

Taʼkidlash joizki, oʻrim –yigʻim mavsumini tez va soz oʻtkazish uchun 470 ta “Gʻalla oʻrish otryad”lari shakllantirilib, ichki ishlar, yer tuzuvchi, statistika xodimlari, mexaniklar, hisobchilar va boshqa mutaxassislardan iborat 3760 nafar masʼullar ish olib borishdi. Har bir otryadga biriktirilgan alohida koʻchma ustaxona, yoqilgʻi tashish vositalari, don tashish texnikalari va yuk avtomobillarining biriktirilgani mavsumni samarali oʻtkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Viloyat hokimligidan xabar qilishlaricha mavsum davomida oʻrimda ishtirok etgan 940 nafar kombayn operatorlari, yordamchi mexanizatorlarni moddiy ragʻbatlantirib borishga alohida eʼtibor qaratildi. Viloyat va barcha tumanlarda “Gʻalla oʻrim-yigʻimi hisob-kitob markazlari” tashkil etilib, ushbu markazlarga hisob yuritish boʻyicha katta tajribaga ega boʻlgan malakali mutaxassislar jalb qilinib, gʻalla karvonlari kechayu –kunduz qabul qilindi.

Gʻalla oʻrimi mavsumi oldidan toʻliq taʼmirlanib, mavsumga tayyorlangan jami 400 dona, “Keys”,“Nyu-xolland”, “Klaas” va“Vektor” kombaynlari grafik asosida ish olib bordi. Shuningdek, 2019-yilda gʻalla oʻrim-yigʻim mavsumi uchun yangidan sotib olin 70 ta gʻalla oʻrish kombaynlari kuchidan samarali foydalanildi.

Ayni paytda gʻalla maydonlarida oʻrim ishlari davom etmoqda. Shu kungacha Koson, Mirishkor, Nishon, Qarshi, Kasbi, Gʻuzor va Muborak tumanlari gʻalla topshirish boʻyicha davlat buyurtmasini bajarib, hosildorlikda yuqori koʻrsatkichga erishdi.

A. Muhammadiyev, “Xalq soʻzi“


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?