Qashqadaryoda 50 ming soʻm uchun odam oʻldirildi

15:20 22 Iyun 2020 Jamiyat
622 0

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida qotillik jinoyatiga qoʻl urildi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilning 16-iyun kuni taxminan soat 10:20 da Qamashi tumani Iftixor koʻchasida joylashgan “Hunarmand” savdo majmuasidagi doʻkon xodimi fuqaro A.L., shu yilning 27-aprel kuni “REDMI 8A” rusumli uyali telefon apparatini E.S. ga 1 mln 600 ming soʻmga sotadi. Xaridor undan 250 000 soʻm qarzdor boʻlib qoladi.

Oradan kunlar oʻtib E.S. toʻlanmay qolgan 250 000 soʻmni berish maqsadida doʻkonga keladi. A.L. undan 300 000 soʻm berishini talab qilib, u bilan oʻzaro janjallashib qoladi. U E.S. ni doʻkon tashqarisiga olib chiqib, yuzi va bosh qismiga mushti bilan bir necha marotaba uradi. Oqibatda E.S. yerga bosh qismi bilan yiqilib, tan jarohati oladi va tuman tibbiyot birlashmasiga yotqiziladi. Koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan olgan tan jarohatlari natijasida vafot etadi.

Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga koʻra, E.S. bosh miyaning yopiq jarohati, ensa suyagining chiziqli sinishi va boshqa koʻrinishdagi hayot uchun xavfli boʻlgan “ogʻir” tan jarohati olganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qamashi tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan A.L.,ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining oʻlishiga sabab boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?