Qashqadaryoda 4500 ga yaqin, Buxoroda 6 600 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratiladi

18:10 31 Oktyabr 2018 Jamiyat
167 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2018–2019 yillarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Mirishkor hamda Chiroqchi tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturlari tasdiqlandi.

Bu haqda Adliya vazirligi “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Mazkur dasturlar oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari, shuningdek qurilish materiallari, yengil sanoat va boshqa sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash, yangidan barpo etish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, xizmatlar sohasi va servisni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi sohasining yanada barqaror rivojlanishini taʼminlash, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish boʻyicha investitsiya loyihalarini oʻz ichiga olgan.

Dasturlar doirasida viloyatning Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi tumanlarida jami 1305 ta loyihaning amalga oshirilishi, bu orqali esa 4 500 ga yaqin yangi ish oʻrinlarining yaratilishi nazarda tutilgan.

Xususan, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar doirasida Dehqonobod tumanida 160 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi tarkibida yopiq suzish havzasini qurish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Mirishkor tumani markazida yangi Madaniyat va istirohat bogʻini tashkil etish, Oilaviy poliklinika binosini qurib foydalanishga topshirish, tuman tibbiyot birlashmasida tez tibbiy yordam maʼmuriy binosi faoliyatini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Chiroqchi tuman markazidagi koʻp qavatli uy-joylarning kanalizatsiya tizimi tubdan yangilanadi. Buning uchun 1 mlrd. 56 million soʻm ajratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2018–2019 yillarda Buxoro viloyatining Jondor, Peshku, Romitan hamda Shofirkon tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturlari tasdiqlandi.

Dastur doirasida har bir tuman kesimida oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlar, shuningdek qurilish materiallari, yengil sanoat va boshqa sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash, yangidan barpo etish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, xizmatlar sohasi va servisni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi sohasining yanada barqaror rivojlanishini taʼminlash, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish boʻyicha investitsiya loyihalari tasdiqlandi.

Xususan, Jondor tumanida 296 ta, Peshkuda 286 ta, Romitanda 196 ta va Shofirkonda 211 ta loyihaning amalga oshirilishi, bu orqali esa 6 604 ta yangi ish oʻrni yaratilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Jondor tumanida un mahsulotlarini, gʻoʻzapoyadan DSP ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Peshku tumanida nevrologiya, kardiologiya, UTT, LOR, umumiy xirurgiya va klinik laboratoriya xizmatlarini joriy etish, Romitan tumanida jinsi mato va mahsulotlarini ishlab chiqarish dastur doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar sirasiga kiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?