Qashqadaryo viloyatidagi 26400 gektar paxta maydonida o‘rgamchakkana tarqalishi mumkin

18:58 31 Iyul 2018 Iqtisodiyot
465 0
Illyustrativ foto

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili hosilning 30 foizi, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti axborotiga qaraganda, 34,9 foizi aynan zararkunandalar hamda turli kasalliklar sabab qo‘ldan boy berilmoqda. Sodda qilib aytganda, bu hovliga ekilgan kartoshkaning har o‘nidan salkam 4 kilogrammini qurt yeydi, deganidir.

“Yomon qovunning urug‘i ko‘p bo‘ladi” deganlaridek, tamaki tripsi bir mavsumda 10 marta, o‘simlik bitlari hamda o‘rgimchakkana 16-20 avlod beradi. Ildiz qurti o‘rtacha 500-600 dona, ko‘pi bilan 2000 tagacha tuxum qo‘yadi, ko‘sak qurti esa o‘simlik turiga qarab 500 dan 3000 tagacha tuxum qo‘yadi. Kuzda har bir tuxumdan 1-1,5 milliontagacha zararkunanda ko‘payishi mumkin.

Ko‘zga ko‘rinmas “dushmanlar” ortidan yo‘qotilayotgan hosilni pulga chaqib ko‘rganmisiz? Bu oz-emas, ko‘p emas 75 mlrd. AQSH dollariga teng. Mana sizga yomon qovun-u, hosil kushandasi bo‘lgan zararkunanda. Bejiz bu faktlarni keltirmadik. Chunki mana shunday zararkunandalarning borligi sabab ekkan-tikkanlarimizdan mo‘l hosil ololmay qolishimiz hech gap emas.

Yurtimiz dehqonlari uchun e’lon qilingan “Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi”ning ahamiyatini, g‘oyatda zarur ekanligini yuqorida keltirilgan raqamlarda ham aks etib turibdi. Nega deganda, aynan 5 iyuldan 5 sentyabrga qadar havo harorati sezilarli ravishda ko‘tarilishi natijasida zararkunandalar faollashadi, hosilni nobud qilish darajasi yuqori bo‘ladi.

Xo‘sh, zararkunandalarga qarshi qanday kurashyapmiz?

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi ma’lumotlariga ko‘ra, hududlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, qishloq xo‘jaligi xodimlari, irrigatorlar, fermerlar, tegishli idora vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgan seminarlar muhim o‘rin tutmoqda.

Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, Chim hududidagi “Bozor o‘g‘li Abdi” fermer xo‘jaligida vegetatsiya davri eng qizg‘in pallaga kirganda hosilni asrab qolish, mehnat, bilim hamda izlanish bilan uning miqdorini oshirishga harakat qilinmoqda. Bunda qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, viloyat hokimligi, prokuratura hamda ichki ishlar boshqarmasi vakillaridan iborat bir guruh faollar seminar tashkil qilish orqali fermerlarga zarur tavsiyalar va ko‘rsatmalar berayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.

“Zararkunandalardan o‘simliklarni himoya qilish eng muhim tadbirlardan biridir. Bu borada maxsus ishchi komissiyasi tashkil etilgan. Zararkunandalarga qarshi o‘z vaqtida tadbirlarni olib borish ishchi guruhlarning asosiy vazifasidir. Olimlar, tajribali dehqonlarni taklif etib joylarda seminarlar o‘tkazilyapti”, — deydi Bosh prokuratura boshqarma prokurori Aziz Vahobov.

Seminarlar shunchaki o‘tkazilayotgani yo‘q. Ularda soha mutaxassislari zararkunandalarga qarshi kurashadigan yangi vositalar bilan tanishtiryapti, dori vositalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashga ko‘mak berishmoqda.

“Ayni paytda paxta dalalari zararkunandalar xavf solishi bo‘yicha to‘la o‘rganib chiqildi. Bugungi kunda g‘o‘zaning ashaddiy zararkunandalaridan hisoblangan o‘rgamchakkana viloyatimizda 26400 gektar maydonda tarqalishi mumkinligi aniqlandi. Bunga qarshi kerakli choralar ko‘rilmoqda. Kimyoviy vositalar zaxirasi ham yaratilgan. Ayni paytda 19900 gektar maydonda ana shunday zararkunandaga qarshi kimyoviy ishlar amalga oshirildi”, — deydi viloyat “Agrokimyohimoya” hududiy AJ direktori o‘rinbosari Ismatulla Xolmaxmatov.

“Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” keng dala maydonlarida yetishtirilayotgan hosilga baraka indirish, ularni zararkunandalardan himoyalash, nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish kabi ezgu maqsad mujassam. Bularning barchasi xalqmiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyoti uchun g‘oyatda muhim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?