Qashqadaryo viloyat hokimi “Rossiyskaya gazeta” orqali rossiyalik ishbilarmonlarni hamkorlikka chaqirdi

14:20 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
80 0

Joriy yilda Qashqadaryoda xorijiy hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 62,5 million dollarga teng 19 ta yirik qoʻshma investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, tuman va shahar hokimliklari vakillari yana 95 ta mustaqil investitsiya loyhasini hayotga tatbiq etish ustida ish olib borishar ekan, ularning umumiy hajmi 285,6 million dollarni tashkil qiladi. Shundan 240 million dollar - 20 dan ortiq mamlakatning xorijiy qoʻyilmalaridir.

Ushbu maʼlumotlar viloyat hokimi Zafar Roʻziyevning “Rossiyskaya gazeta”da chop etilgan maqolasida keltirilmoqda. “Sanoat gigantlaridan tortib issiqxonalargacha” deb nomlangan bu maqola Rossiya Federatsiyasi hukumati rasmiy bosma organi hisoblangan mazkur nashrning shu yil 29-avgustdagi maxsus sonida eʼlon qilingan. Unda Qashqadaryoda iqtisodiyot sohasida roʻy berayotgan ulkan oʻzgarishlar haqida batafsil soʻz yuritilib, xususan, viloyatimizda tabiiy gazdan sintetik suyuq yonilgʻi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Oltin yoʻl GTL” zavodi qurilishi yakuniga yetkazilayotgani va bugungi kunda bu sanoat gigantining tayyorgarlik darajasi qariyb 80 foizga tengligi eʼtirof etilmoqda.

- Bu korxona nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo miqyosida noyob sanaladi, - deb yozadi Zafar Roʻziyev oʻz maqolasida. - Jahonda atigi bir nechta bunday korxona bor - Janubiy Afrika Respublikasida, Malayziyada va Qatarda. Yaqinda bu mamlakatlar safiga Oʻzbekiston ham qoʻshiladi. Kelajakda yangi zavodda zamonaviy ekologik standartlarga javob beradigan 1,5 million tonnaga yaqin dizel yonilgʻisi va aviakerosin hamda nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi... Ushbu mega-loyihaning ishga tushirilishi yana bir yirik gazni qayta ishlash korxonasi - Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining ham ishlab chiqarish quvvatini oshirish imkonini beradi.

“Rossiyskaya gazeta” mushtariylarini Qashqadaryoning iqtisodiy salohiyati bilan batafsil tanishtirish maqsadida viloyat hokimi oʻz sharhida vohamizda yetakchi hisoblangan boshqa tarmoqlar rivojiga doir ham koʻplab misollar keltirmoqda. Jumladan, maqolada viloyatimizda paxta-toʻqimachilik klasteri ish boshlagani, shuningdek, Markaziy Osiyodagi eng yirik fabrikalardan biri, ip-kalava ishlab chiqarish quvvati yiliga 22 ming tonnaga teng “LT Textile International” korxonasi yana bir istiqbolli loyihani roʻyobga chiqarayotgani, hududda innovatsion texnologiyalarga asoslangan zamonaviy issiqxona komplekslari koʻpayayotgani, anʼanaviy chorvachilik taraqqiy etishi barobarida tuya, quyon, kurka, tuyaqush boqishga ixtisoslashgan fermalar ham ortib borayotgani, qorabayir zotli otlar parvarishlanayotgani haqida koʻplab muhim va qiziqarli faktlar bayon etilgan.

Maqola muallifi Qashqadaryoda rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan korxonalar faoliyatiga ham toʻxtalar ekan, misol tariqasida “Avtotraktorradiator” Oʻzbekiston-Rossiya qoʻshma korxonasi vohamizda oʻn yildan buyon muvaffaqiyatli biznes yuritayotgani va keyingi ikki yilda viloyatda Rossiya kapitali ishtirokida qoʻshma va xorijiy korxonalar tashkil etilishi faollashganini bildirmoqda. Oʻtgan yilning oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga qilgan rasmiy tashrifi doirasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston va Rossiya I mintaqalararo hamkorlik forumida viloyatimiz hududida umumiy qiymati 8,5 million dollarga teng 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish haqida kelishib olingan. Mazkur forum doirasida rossiyalik bir qator ishbilarmonlar Qashqadaryoga tashrif buyurib, vohamizda korxona tashkil etish niyatini bildirishgan. Xususan, “Kaylas” kompaniyasi kelgusida Qarshi shahrida bitum ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, “Rusuz” kompaniyasi esa Nishon tumanida idish-tovoq ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqchi.

Maqola yakunida viloyat hokimi rossiyalik boshqa tadbirkorlar va kompaniyalarga ham hamkorlik taklif qilib, yangi qoʻshma korxonalar ikki mamlakat uchun yangi imkoniyatlar ochishini va, eng muhimi, doʻstona munosabatlarimizning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishini taʼkidladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?