Qarzdorlardan 5 kun ichida 13,8 mlrd. so‘m davlat byudjetiga undirildi 

12:11 29 May 2018 Iqtisodiyot
501 0

Prezidentimiz respublikamizning har bir viloyatiga amalga oshirgan tashriflari davomida hududlarni obodonlashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining turmush farovonligini yaxshilashga yo‘naltirilgan loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish maqsadida mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratadilar.

Buning uchun tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, noqonuniy faoliyat yuritayotgan fuqarolarni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali soliq bazasini kengaytirish, mahalliy byudjetga tushumlarni ko‘paytirish, soliq qarzdorligi o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga aniq vazifalar belgilab bermoqda. 
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash, soliq qarzini qisqartirish maqsadida 2018 yil 18 may kuni Davlat soliq qo‘mitasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining qo‘shma buyrug‘i imzolandi. Unga asosan 1121 nafar xodimlar yuridik va jismoniy shaxslarning soliq qarzini sud tartibida undirish ishlariga jalb qilindi. Bu haqda "Xalq so‘zi online"ga Davlat soliq qo‘mitasidagi manba xabar qildi.

Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hamda aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, Soliq kodeksining 63-moddasiga asosan soliq to‘lovchilar zimmalaridagi soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishlari, belgilangan to‘lovlarni muddatidan kechiktirmasdan to‘lashlari lozimligi tushuntirilmoqda.

Tashkil etilgan hamkorlikdagi tadbirlar natijasida o‘tgan 5 kun ichida 1387 ta qarzdorlardan 13,8 mlrd.so‘m mablag‘ davlat byudjetiga undirildi.
Biroq ogohlantirishlarga qaramasdan byudjetga tushishi kerak bo‘lgan soliqlarni to‘lamagan 1329 ta qarzdorlarning 114,8 mlrd.so‘mlik 335 ta transport vositalari, 457 ta bino inshootlari, 2631 ta ofis jihozlari hamda boshqa turdagi mol-mulklari kim oshdi savdolari orqali sotish va tushgan mablag‘lardan soliq qarzini to‘lash uchun xatlovga olindi.
Bunday tadbirlardan qo‘zlangan maqsad kimnidur jazolash yoki birovning mulkini olib qo‘yish emas. Aksincha, qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilishdir.

Zero, soliq sifatida to‘langan har bir so‘m mablag‘, turli iqtisodiy va ijtimoiy xarajatlar shaklida xalq farovonligi uchun sarflanadi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?