Qarzdor otalarga jazo bor

09:52 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
240 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksida ota-onalar voyaga yetmagan farzandlarining taʼminoti uchun aliment toʻlashi lozimligi, aliment voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari nikohda turishi yoki nikohda turmasligidan qatʼiy nazar, voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun ularning ota yoki onasidan undirilishi belgilangan.

Qonunchilikda, birinchi marotaba aliment majburiyatlaridan boʻyin tovlaganlik 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki maʼmuriy qamoq qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solinishiga, agar ushbu holat maʼmuriy jazo qoʻllanilgan paytdan eʼtiboran bir yil mobaynida takrorlansa – jinoyat tartibida hal etilishiga sabab boʻlishi belgilangan.

MIB Buxoro shahar boʻlimi ish yurituvida boʻlgan fuqarolik ishlari boʻyicha Buxoro tumanlararo sudining 04.01.2016-yildagi qarzdor Azamov Hayot Tolibovichdan undiruvchi Xodjayeva Mohidil Shukurovna foydasiga uch nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun ½ qism miqdorida aliment undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatiga asosan belgilangan tartibda ogohlantirishlarga qaramasdan, qarzdor 36.955.686 soʻm aliment toʻlovlarini ikki oydan ortiq muddatda toʻlashdan boʻyin tovlab kelgan.

Xuddi shunday, fuqarolik ishlari boʻyicha Buxoro tumanlararo sudining 26.09.2018-yildagi qarzdor Majidov Hamza Ibodullayevich ham undiruvchi Ergashova Rayhon Jamilovna foydasiga bir nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun ¼ qism miqdorida aliment undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatiga asosan qarzdor X.Majidov 9.945.857 soʻm aliment toʻlovlarini toʻlamagan.

Buxoro shahar maʼmuriy sudining tegishli qarorlariga asosan qarzdor H.Azamov va H.Majidovlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 474-moddasi bilan 15 sutkadan maʼmuriy qamoq jazolari tayinlandi.

Nurbek QURBONOV,
Majburiy ijro byurosi
Buxoro shahar boʻlimi

davlat ijrochisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?