Qarshida oliy harbiy aviatsiya bilim yurti ochildi

14:14 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
93 0

Qarshi shahrida yangidan barpo etilgan oliy harbiy taʼlim muassasasi - Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining ochilishi hamda kursantlarning harbiy qasamyod qabul qilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general-mayor Bahodir Qurbonov, viloyat hokimi Zafar Roʻziyev, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Maʼlumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018-yilning 28-30-yanvar kunlari viloyatimizga tashrifi chogʻida Qarshi tumanidagi Xonobod harbiy aerodromida ham boʻlib, harbiy uchuvchilar tayyorlash, ularning amaliy mashgʻulotlar olib borishida obyektning imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida 1994-yilda asos solingan Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini Qarshi shahrida qayta tashkil etish taklifini bergandi.

Shundan soʻng Qarshi serjantlar tayyorlash maktabi negizida oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tashkil etilishi belgilanib, bu yerda keng koʻlamdagi qurilish - bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ajratilgan 73 milliard soʻm evaziga oʻquv korpusi va yordamchi binolar zamonaviy koʻrinishga keltirilib, eng soʻnggi rusumdagi trenajyorlar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi. Bir soʻz bilan aytganda, maskanda yuksak mahoratli mutaxassislar tayyorlanishi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo.

- Muassasa havo hujumlaridan mudofaa qoʻshinlari va harbiy havo kuchlari uchun 7 ta yoʻnalish boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydi, - deydi Havo hujumidan mudofaa va harbiy havo kuchlari qoʻshinlari qoʻmondoni, general-mayor Ahmad Burhonov. - Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining aynan Qarshi shahrida tashkil etilishi avvalo kursantlarga mamlakatimizdagi eng yirik harbiy aerodromlardan biri - Xonobod aerodromida harbiy havo kemalarini boshqarish, ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha mashgʻulotlar olib borish, bevosita oʻquv poligonlarida ishtirok etish imkonini beradi. Bu esa harbiy uchuvchilarning professionallik darajasini oshirish, aviatsiya hamkorligidagi dala-oʻquv mashgʻulotlarini real vaziyatlarga yaqinlashtirgan holda olib borish va uning imkoniyatlaridan unumli foydalanish uchun muhim.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar tajribali harbiy uchuvchilar tayyorlanadigan mana shu muassasaning mustaqilligimizning 28 yilligi shodiyonalari davom etayotgan bir paytda ochilayotgani ham oʻziga xos ramziy maʼno kasb etishini taʼkidladi. Zero, istiqlolimiz abadiyligi, yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi koʻp jihatdan bu yerda taʼlim oladigan, yetuk mutaxassis boʻlib, sarhadlarimizni munosib himoya etadigan askar va ofitserlarning masʼuliyatli xizmatlari bilan chambarchas bogʻliq.

Tadbir davomida bilim yurti boʻylab ekskursiya uyushtirildi. Harbiy havo kuchlari tomonidan tayyorlangan havo paradi va aviashou namoyish etildi. Parad avvalida N-125 rusumli vertolyotda davlatimiz bayrogʻi olib oʻtildi. Mi-8MT, Mi-24 vertolyotlari, S-295, Su-25, Mig-29 samolyotlarining bilim yurti uzra parvozi mehmonlar tomonidan olqishlandi.

Bilim yurti rahbariyatiga Prezident sovgʻasi “Isuzu” avtobusi va “Gentra” avtomobili topshirildi.

Shu kuni oliy harbiy taʼlim muassasasi ilk kursantlari harbiy qasamyod qabul qilishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?