Qarshida Misr bilan hamkorlikda gepatit S kasalligiga qarshi dori vositalari ishlab chiqariladi

09:27 07 Avgust 2019 Jamiyat
128 0

Shu kunlarda Misr davlatining bir qator nufuzli kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiya Qarshi shahrida mehmon boʻlib turibdi, deb xabar berdi viloyat muxbirimiz Ahad Ahad Muhamadiyev.

Oʻzbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov boshchiligidagi 14 kishidan iborat delegatsiya aʼzolari ishtirokida dastlab mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Muzokaralar davomida viloyatda farmatsevtika, sanoat, xizmat koʻrsatish, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda investitsiyaviy loyihalarni tatbiq etish borasidagi foydali bitimlar haqida kelishib olindi.

Xususan, Qarshi shahridagi “Dori Darmon” DUK bilan Misr davlatinnig “One World Pharma” kompaniyasi hamkorligida “One world Kashdarya” qoʻshma korxonasini tashkil etish yuzasidan kelishuvlar olib borildi. Ushbu loyiha doirasida gepatit S kasalligini oldini olish va unga qarshi kurashish uchun dori vositalari ishlab chiqarish koʻzda tutilmoqda. Loyihaga dastlabki bosqichda 5 mln. AQSH dollari yoʻnaltiriladi. Shundan 3,5 mln. dollari xorijiy investitsiya boʻlishi kutilyapti.

Uchrashuvda Qashqadaryo sanoat salohiyati, hududdagi mavjud boy yer usti va yer osti boyliklari, ulardan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida ishtirokchilarga maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlanganidek, xorijlik investorlar bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari viloyat tadbirkorlari uchun qator imkoniyat va imtiyozlar yaratmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, 2019-yilning oʻtgan davri mobaynida viloyatga 140 dan ortiq investorlar tashrif buyurdi va ular bilan bir qator samarali kelishuvlarga erishildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?