Qarshi shahrida eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan shifoxonalar tashkil etildi

23:34 13 Dekabr 2018 Siyosat
594 0

Ilgari kardiologik yoki endokrinologik kasallik bilan ogʻrigan qashqadaryolik bemorlar poytaxtimizga, baʼzan xorijiy davlatlarga borib davolanardi. Endi xorijliklar shifo izlab Qarshiga kelishi mumkin. Chunki bu yerda eng soʻnggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan zamonaviy shifoxonalar bor.

Prezidentimiz 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Qarshi shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining filiallarini tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Oʻtgan qisqa vaqtda yonma-yon joylashgan ikki yirik markaz qurib bitkazildi.

Davlatimiz rahbari 13 dekabr kuni bu yerga tashrif buyurib, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy texnika va uskunalarni koʻzdan kechirdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

120 oʻrinli Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialiga dunyoda eng yangi chiqqan tashxis va davolash apparatlari olib kelindi. Reabilitatsiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak yetishmovchiligi va aritmologiya, arterial-gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi boʻlimlar, kunlik 100 qatnovga moʻljallangan poliklinika faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Germaniya, Rossiya kabi davlatlarda tahsil olgan malakali shifokorlar ishga jalb qilindi. Ular oʻz tajribasi va bilimlarini viloyatdagi hamkasblariga ham oʻrgatadi.

Markazda koronarografiya, ventrikulografiya, tomirlar angiografiyasi, koronar tomirlarni stenlash, ballonli valvuloplastika, boʻlmachalararo va qorinchalararo toʻsiq nuqsonlarini okklyuder yordamida bartaraf etish, aortakoronar shuntlash, yurak orttirilgan nuqsonlaridan klapanlarni protezlash, aorta va uning shoxlarida, yurak tugʻma nuqsonlarida qilinadigan jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Bu tibbiyot turizmi rivojlanishiga ham hissa qoʻshadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya markazi filiali ham Qashqadaryo uchun juda zarur edi.

Shu paytgacha bunday tibbiy xizmati viloyat endokrinologiya dispanserida koʻrsatilib, jihozlari, davolash tizimi eskicha edi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan 150 oʻrinli yangi shifoxona endokrinologik kasalliklarni profilaktika qilish va samarali davolashga xizmat qiladi. Bu yerda yiliga 700-800 jarrohlik amaliyotini oʻtkazish mumkin.

Yangiliklardan yana biri – Diabet maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani. Mazkur maktabda malakali hamshiralar qandli diabetga chalingan bemorlarga oʻz-oʻzini nazorat qilish, kasallikning kelib chiqish omillari, uning oldini olish yoʻllari, bolalarga esa non birligiga asosan toʻgʻri ovqatlanish tartibi oʻrgatiladi.

Bu markazlar boshqa shifoxonalarga namuna boʻlishi kerak. Faqat kasallarni davolash bilan cheklanmasdan, oʻz yoʻnalishi boʻyicha xastaliklarning oldini olish, buning uchun aholining tibbiy madaniyatini oshirish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz mazkur tibbiyot muassasalariga malakali mutaxassislarni jalb qilish, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish qamrovi va sifatini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?