Qarordagi qonunbuzilish kimning manfaatiga xizmat qilmoqda?

19:11 17 Iyun 2019 Jamiyat
1241 0

Qonun va qonunbuzarlik oʻrtasidagi tafovut Samarqand viloyatida, xususan, Samarqand shahrida shu qadar chuqur ildiz otdiki, bu viloyatning hozirgi rahbarlari zimmasiga juda ogʻir yuk boʻlib tushmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bu holatga tomoshabin boʻlib kelishi, nafaqat davlat manfaatlariga zarar yetkazmoqda, balki fuqarolarning keskin noroziligiga ham sabab boʻlmoqda. Samarqand shahrida tadbirkor Umar Rajabov tomonidan qurilgan uy-joy mashmashasi tugamay turib, yangisi boshlanmoqda. Navbatdagi qonunbuzilishlardan yana birining asosi Samarqand shahar hokimining 2017-yil 10-maydagi buzilishga tushgan bino uchun tovon tariqasida yer maydoni ajratish va qurilishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi 700-Q sonli qaroridan soʻng boshlandi.

Qarorga koʻra, fuqaro Mehriniso Saidovaga shahardagi Gʻiyosiddin Jamshid koʻchasi 2-yoʻlak 2-manzildagi buzilishga tushgan uy-joy binosi uchun tovon tariqasida “Oʻzbekiston” koʻchasi 67-manzildagi “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli choyxona va xizmat kompleksiga tutash yer maydoni 3-qavatli bino qurish uchun berildi. Biroq, oradan koʻp oʻtmay Samarqand shahar prokuraturasi, “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasining 2017-yil 14-iyuldagi xulosasi va boshqa kamchiliklar inobatga olinmagan degan vaj bilan, hokim qarorini bekor qilish haqida protest kiritdi. Samarqand shahar hokimi Vohid Rahimov prokuratura protesti ijrosini taʼminlash toʻgʻrisida 2017-yil 14-avgust 1489-Q sonli qarorini chiqarganidan soʻng, sud fuqaro Mehriniso Saidovaning daʼvo arizasini qanoatlantirib, 700-Q sonli qarorni qayta tiklab, 3-qavatli bino qurish huquqini berdi.

Mehriniso Saidova deganimiz juda uddaburon chiqib qoldi. Qarorda koʻrsatilgan 3-qavatli bino oʻrniga Rajabovlar singari “Samarqandcha” usulni qoʻllab, G shaklidagi uyning ikki tarafini 4-qavatli, oʻrtasini esa 5-qavatli qilib yubordi. Birinchi qavati maishiy xizmat, ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va hatto beshinchi qavatlari odamlar uchun turar-joylardan iborat boʻlsa buning nimasi yomon. “Yomoni shundaki, - deydi “Oʻzbekiston” mahallasida yashovchi Oʻktam Norboyev. Mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan qonunbuzilishni mahalla raisi, Samarqand shahar hokimiyati va prokuraturaning ayrim xodimlari ikki yildan beri yashirib, respublika hukumatiga notoʻgʻri maʼlumot berib kelmoqda. Birinchidan, Samarqand shahar hokimining qarorida buzilishga tushgan bino uchun tovon tariqasida yer maydoni ajratish deb, notoʻgʻri koʻrsatilgan. Chunki, “Gʻiyosiddin Jamshid” koʻchasi 2-yoʻlak 2-manzilga davlat tomonidan hech qanday zarar yetkazilmagan va buzilmagan. Ikkinchidan, “Gʻiyosiddin Jamshid” koʻchasi 2-yoʻlak 2-manzilni Mehriniso Saidova “Sherzodstroyservis” MCHJga sotgan va bu joyda bugungi kunda Samarqand shahar hokimining 2018-yil 24-apreldagi 731-Q sonli qarori bilan koʻp qavatli turar-joy binosi qurilmoqda. Bu yerda shaxsga yetkazilgan zarar toʻgʻrisida emas, firibgarlik yoʻli bilan davlatga, jamiyatga yetkazilgan zarar haqida gapirilsa, maqsadga muvofiq boʻlgan boʻlardi. Axir, Mehriniso Saidovaga hech qanday zarar yetkazilmagan boʻlsa, nima uchun “Oʻzbekiston” koʻchasi 67-manzildagi YUNESKOning muhofaza zonasiga tutash, yaʼni bufer hududidagi manzarali yashil bogʻ boʻlgan, “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli choyxona va maishiy xizmat kompleksiga tutash yer maydonini jismoniy shaxs Mehriniso Saidovaga koʻr-koʻrona, tovon tariqasida taqdim qilish kimga va nima uchun kerak boʻlib qoldi. Mayli, meni huquqni muhofaza qiluvchi organlar yanglishyapti deyishi mumkin. Lekin, men ularga taqdim qilgan hujjatlar, bu vajlarni tasdiqlayaptiku!”

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi esa, Samarqand shahar hokimining qaroriga asosan buzilishi belgilangan “Gʻiyosiddin Jamshid” koʻchasi 2-yoʻlak 2-manzildagi 609 kv. metr umumiy foydalanishdagi joylashgan 50/100 qismidagi 233,54 kv. metrdan iborat uy-joy binolariga boʻlgan mulk huquqi fuqaro Sanobar Turdiyevaga tegishli ekanligini aniqlagan. “Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy Kodeksining 27 va 28-moddalariga asosan yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan uyi (kvartirasi) buzilishi lozim boʻlgan fuqarolarni turar-joy bilan taʼminlash yoki yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi berilishi belgilangan. Ushbu holatda fuqaro S. Turdiyevaning oʻrniga M. Saidovaga yer maydoni ajratilishi va qurilish uchun ruxsat berilishi toʻgʻrisida Samarqand shahar hokimining 700-Q sonli qarorining qabul qilinishida hujjatlar soxtalashtirilganligi koʻrinadi”.

Xoʻsh, endi buyogʻi necha puldan tushdi. “Oʻzbekiston” mahallasidagilarning ikki yildan beri asabini qaqshatayotgan besh qavatli bu binoning tagzamini ham soxtakorlikka asoslangan boʻlib chiqyaptiku?!

Masalaning bu tomoniniku qilni qirq yoradigan huquqshunos-tadqiqotchilar eʼtiboriga havola qilayligu, endi masalaning ikkinchi tomoniga qaytaylik. Mehriniso Saidova hatto fuqarolik ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudining 2019-yil 13-mart kuni qurgan binosining yer sathidan 11,5 metrdan oshiq qismini buzish haqidagi hal qiluv qarorini ham bajarmasdan kelmoqda. Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish viloyatlararo davlat inspeksiyasining 2019-yil 4-martdagi 300-sonli “Oʻzbekiston” koʻchasidagi 67-manzil YUNESKOning butunjahon meros roʻyxatiga kiritilgan Samarqand shahrining tarixiy-meʼmoriy qoʻriqxona hududining bufer qismida joylashganligi maʼlum qilingan. Biroq, M. Saidova hokim qarorida 3 qavatli deb aniq-tiniq yozib qoʻyilganiga qaramasdan, 4 hatto 5-qavatni ham qurib yubordi.

Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi. Qonunbuzilishning chegarasi bormi? Har yili millionlab turist keladigan, millionlar nigohi ostida turgan koʻhna Samarqand shahrida, shaharsozlik talablariga javob bermaydigan bunday gʻayriqonuniy qurilishlar bolalab ketmadimi? Bunga kim javob beradi? Shahar hokimligiga qaror uchun soxtalashtirilgan hujjatlarni asos qilib kiritgan shahar arxitektura va qurilish boʻlimidagi janoblarchi? Muammo koʻpayaversin, jamiyat yelkasidagi yuk ortaversin, yechimi esa keyingilarga qolsin ekanda. Shundaymi?!

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi“.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?