Qariyb 70 yillik ayriliqdan soʻng yana bir bor uchrashish imkoniyati yaratildi

16:52 24 Avgust 2018 Dunyo
403 0

1950-1953 yillarda boʻlib oʻtgan Koreya urushi oqibatida boʻlinib ketgan koreys oilalari bugun tongda Janubiy Koreyadan KXDRga bir-birlari bilan yuz koʻrishish uchun joʻnab ketdi. Bu ana shunday uchrashuvlarning ikkinchi bosqichi doirasida amalga oshirilmoqda, deya xabar berdi “Sinxua” manbasi.

Oilalar bir-birlarini qariyb 70 yil davomida koʻrmagan. Maʻlumotlarga koʻra, fuqarolar avtobuslarda sohil boʻyidagi Sokchxo shahrida Shimoliy Koreyadagi qarindoshlarini koʻrish uchun yuborilgan. Uchrashuv ishtirokchilarining aksariyat qismi 80 yoshdan oʻtgan va ular nogironlik aravachasisiz yoki oʻz yaqini koʻmagisiz harakatlana olmaydi.

Maʻlumot uchun, bundan oldingi shu kabi ezgu marosim shu yil 20 avgust kuni KXDR hududida joylashgan Olmos togʻlari kurort zonasida tashkil etilgandi. Oʻshanda diydor koʻrishish uch kun davom etgandi. Ikkinchi bosqich ham bugun boshlanib, yakshanba yakunlanadi.

Janubiy Koreyaning birlashish vazirligi maʻlumotiga koʻra, mazkur tadbirda jami 250 kishi ishtirok etadi.

Vazirlik tomonidan qayd etilishicha, ayni paytda Janubiy Koreyada salkam 60 ming nafar boʻlingan avlod vakili qolgan. Ulardan 41,4 foizi 80 yoshdan oʻtgan, 22,4 foizi 70dan oʻtgan, 20 foizi 90dan oʻtgan keksalardir. Har yili ularning soni oʻrtacha 3,8 ming kishiga qisqarib borayapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?