Qariyb 5 oy faoliyat yuritmasdan, xodimlarga oylik toʻlab kelgan — “Angren shakar” korxonasidagi holat yuzasidan axborot berildi

14:10 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
352 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “Angren shakar” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ommaviy ravishda xodimlarni ishdan boʻshatilayotganligi bilan bogʻliq maʼlumotlar tarqaldi. Mazkur holat viloyat hokimligi axborot xizmati va OAV vakillari bilan birgalikda joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

"Korxona ish faoliyatining toʻxtatganligi alohida yondashuvni talab qiladigan, boz ustiga, masalaning mohiyatida bozor iqtisodiyoti tamoyillari, talab va taklif qonuni turganini inobatga olib, ayni paytda muammoning bu jihatiga toʻxtalmaymiz. Biz bu oʻrinda, korxona faoliyat olib bormagan davrda unda mehnat qilayotgan 600 nafardan ziyod ishchi-xodimlar taqdiri haqida soʻz yuritamiz.

Mazkur korxona qariyb 5 oydan buyon faoliyat koʻrsatmasdan kelmoqda. Lekin shunga qaramasdan, shu vaqtga qadar ishchi-xodimlarga oylik maosh toʻlab kelingan. Ayrimlari esa haq toʻlanmaydigan taʼtilga chiqarilgan.

Hozirgi vaqtga kelib, korxona tomonidan oʻzaro kelishuv asosida, yaʼni kelgusida korxona ish faoliyatini tiklagach, qayta ishga olish sharti bilan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinmoqda. Ayni damda 150 dan ortiq ishchi-xodim ishdan boʻshatilgan, ularning barchasiga kompensatsiya pullari toʻlab berilgan. Ishdan boʻshatishlar, haq toʻlanmaydigan mehnat taʼtillari yana davom etishi mumkin.

Ayni paytda Ohangaron shahar va tuman hokimligi vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni ish bilan taʼminlash boʻyicha dastlabki rejalarni muhokama qilib, takliflar tayyorlamoqda. Bunda, asosan, sanoat va ishlab chiqarishda maʼlum tajribaga ega boʻlgan ishchilarni oʻz sohasiga yaqin boʻlgan ishlab chiqarish obyektlariga ishga joylashtirish nazarda tutilmoqda.

Bugun Ohangaron tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Mirshohid Miryunusov, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 4-sektor rahbari Anvar Moʻminov mazkur korxonada boʻlib, ishchilar va rahbarlar bilan suhbatlashdi.

Korxonadan boʻshatilgan ishchi-xodimlarga 15 kun muddatda yangi ish oʻrinlari taklif etish boʻyicha xulosa tayyorlanayotgani haqida axborot berildi", deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?