Qardosh xalqlar farovonligi yo‘lidagi uchrashuv

09:50 28 Aprel 2018 Siyosat
495 0
Foto: Vestnik Kavkaza

29 aprel kuni mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yana bir muhim voqea ro‘y beradi — Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on uch kunlik davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi.

Bu Anqaraning mamlakatimiz bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotganidan dalolatdir.

Eng avvalo, shuni alohida ta’kidlash kerakki, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan edi. Ikki xalq umumiy ko‘p asrlik tarixi, tili va dini, qadriyatlari hamda mushtarak urf-odat va an’analari bilan bir-biriga chambarchas bog‘langan. Davlatlarimiz o‘rtasidagi ana shunday do‘stona rishtalar ustiga qurilgan munosabatlar bugungi kunda izchil mustahkamlanib bormoqda.

2017 yil may oyida Pekindagi “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi chog‘ida O‘zbekiston hamda Turkiya Prezidentlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on o‘sha yilning 10 sentyabrida Islom hamkorlik tashkilotining Ostonada bo‘lib o‘tgan Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammiti doirasida ishonchli muloqotni davom ettirdilar. Shuningdek, ikki davlat rahbarlari sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida uchrashdilar.

Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil oktyabrda Turkiyaga buyurgan davlat tashrifi o‘tgan yildagi ikki tomonlama munosabatlarning asosiy voqeasi bo‘ldi.
Ushbu tashrif chog‘ida mamlakatlar yetakchilari O‘zbekiston — Turkiya hamkorligining hozirgi holati hamda istiqbollarini mufassal muhokama qilganlari barobarida, tarixda birinchi marta imzolangan Qo‘shma bayonot o‘zaro hamkorlikning strategik sheriklik darajasiga olib chiqilishini mustahkamlagan eng muhim hujjat bo‘lib qoldi.

Shuningdek, tomonlar turli sohalardagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha 20 dan ziyod bitimlarni imzolashdi.
Ikki mamlakat nufuzli delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari va muntazam ravishda o‘tkaziladigan uchrashuv hamda biznes forumlari keyingi paytlarda o‘zaro munosabatlar tobora chuqurlashib borayotganidan dalolat beradi. Masalan, 2017 yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston Prezidenti Turkiya iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchini qabul qildi. Joriy yil 27 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu ham davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilindi.

Parlamentlararo aloqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin egallaydi. O‘tgan yilning oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi tuzildi. Mamlakatimiz Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S. Safoyev ushbu guruhga boshchilik qilmoqda.

Shu o‘rinda Senat Raisi N. Yo‘ldoshev boshchiligidagi Oliy Majlis delegatsiyasi 2017 yilning noyabr oyida Osiyo parlament assambleyasi Ijroiya kengashining 2-majlisi va 10-yalpi sessiyasida qatnashish uchun Istanbul hamda Anqaraga borganini qayd etish joizdir. Tashrif chog‘ida Turkiya Buyuk millat majlisi Spikeri Ismoil Qahramon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

2018 yil mart oyida Turkiya parlamentining “Turkiya — O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Haydar Ali Yildiz boshchiligidagi Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi bu yo‘nalishdagi yana bir muhim voqea bo‘ldi. Uning doirasida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbariyati bilan uchrashuvlar, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida mazkur delegatsiya tarkibidagi Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ikki mamlakat munosabatlarida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Turkiya O‘zbekistonning yirik hamda muhim savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yil mobaynida o‘zaro tovar almashish hajmi sezilarli darajada o‘sgani holda, ular 1,5 milliard AQSh dollarini tashkil qilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Rangli metallar va ulardan tayyorlanadigan buyumlar, paxta tolasi hamda kalava, meva-sabzavot mahsulotlari, xizmatlar, azot o‘g‘itlari, neftni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar mamlakatimizning Turkiyaga asosiy eksportini tashkil etadi. O‘z navbatida, respublikamiz pardoz-andoz buyumlari, turli mexanik va elektron uskunalar, plastmassa hamda ulardan tayyorlanadigan mahsulotlar, to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari, teri oshlash va bo‘yash vositalarini import qiladi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya hamda Yer usti yuk tashuvlari to‘g‘risidagi kelishuvlarga muvofiq tuzilgan Xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiya bu yo‘nalishdagi aloqalarning mustahkamlanishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Hukumatlararo komissiyaning so‘nggi yig‘ilishi 2017 yil may oyida Toshkentda, qo‘shma komissiyaning 4-yig‘ilishi esa 2016 yil Istanbulda bo‘lib o‘tgan edi.
O‘zbekistonda 1993 yildan buyon vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatayotgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) sa’y-harakatlari ham yuqori bahoga loyiqdir.

O‘tgan davr mobaynida mazkur agentlik tibbiyot hamda ta’lim muassasalarining moddiy-texnikaviy bazasini modernizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi va xususiy hamda o‘rta biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgan loyihalarning hayotga tatbiq etilishida faol qatnashdi. 2017 yilga qadar bo‘lgan davrda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi tomonidan bu maqsadlarga 30 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ ajratildi.

Bugungi kunda shitob bilan o‘sib borayotgan madaniy-gumanitar aloqalar ham O‘zbekiston — Turkiya munosabatlarining ajralmas qismi hisoblanadi. 2016 yilning iyun oyida Anqarada O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi, sentyabr oyida esa o‘zbek rassomlari Bodrumdagi Haykaltarosh va rassomlar XIV xalqaro simpoziumida qatnashdilar. O‘sha yilning o‘zida San’at galereyasida o‘n kun davomida san’at muxlislari e’tiborini o‘ziga jalb qilgan o‘zbek rassomlari asarlarining ko‘rgazmasi Istanbul madaniy hayotidagi yorqin voqea bo‘ldi.

Shuni ta’kidlash joizki, bu sohada mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zgarmas bo‘lib qolgan an’analar mavjud. Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivalida turk san’at ustalarining muntazam ishtirok etishi, Turkiya Davlat teleradiokompaniyasi (TRT) O‘zbekistonda o‘tkaziladigan rasmiy tantanalarni xorijiy mamlakatlarga bepul retranslyatsiya qilishi ana shular jumlasiga kiradi.
Sog‘liqni saqlash — madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Misol uchun, 2002 yildan buyon o‘zbek shifokorlari Turkiyaning yetakchi klinikalari bazasidagi malaka oshirish kurslarida qatnashib kelmoqda.

2009 — 2017 yillar mobaynida O‘zbekistonda turk mutaxassislari 760 nafar bemor bolada jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazdilar. 2014 yili Toshkentda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi ko‘magida Markaziy Osiyodagi ilk Suyak iligi transplantatsiyasi markazi ochildi, 2015 yili esa Respublika Ginekologiya va akusherlik ixtisoslashtirilgan ilmiy markazi qoshida Simulyatsiya o‘quv markazi o‘z faoliyatini boshladi. 2016 yili “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamoatchilik fondiga qishloq joylarda yashaydigan aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 12 ta ko‘chma klinika taqdim etildi.

Mamlakatlarimiz hududlarida istiqomat qiladigan o‘zbek hamda turk diasporasi vakillari ham ikki xalqning yanada yaqinlashuviga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Shuni qayd etish joizki, O‘zbekistonda turk diasporasining shakllanishi 1944 yili boshlangan. Bugungi kunda O‘zbekistonda millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, o‘zbek zaminidagi turli xalqlar va elatlar madaniyatlarini har tomonlama o‘zaro boyitish, an’analar, urf-odat hamda madaniyatlarni avaylab asrash va rivojlantirish uchun 1997 yilda asos solingan Turk Milliy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Eslatib o‘tamiz: hozirgi paytda Turkiyada 15 mingdan ziyod etnik o‘zbeklar istiqomat qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, shuni aytish mumkinki, Turkiya Prezidentining O‘zbekistonga buyurajak tashrifi samarali hamkorlikni rivojlantirish hamda kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochishi barobarida, bugungi kunda ikki davlat yetakchilari va ikki xalq hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida mavjud bo‘lgan konstruktiv va ochiq muloqotning mantiqiy davomi bo‘ladi.
«Jahon» AA.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?