Qarashlar oʻzgardi, qiroat boshqa...

22:07 30 Mart 2020 Madaniyat
488 0

Arxiv surat

Qarashlar oʻzgardi, qiroat boshqa,
Muk tushdi tozalik “tojdor” soʻziga,
Zaharlar shifoyu qoʻshildi oshga,
Uzoq Amriqolar doʻst boʻldi bizga.

Inson anglab yetdi u bir oila,
Jahon sathidagi jonzotlar bari,
Hammaga bir ekan oddiy qoida,
Ezgusan ezgulik tilagan sari.

Kimdir azob chekdi Chin dardin koʻrib,
Ispanu italyan dard ila yondi,
Vijdon azobida kim barmogʻin soʻrib,
Chindan laʼnatlarin qaytarib oldi.

Nelarga qodirsan qodir tabiat,
Hamon odamzodga bergaysan saboq,
Koinotda mushtday Yer uzra sabot
Kutasan odamlar qalbidan mushtoq.

Bizga sen doʻstlikni oʻrgatding yana,
Ezgu fikr bilan yashanglar deding,
Ezgu soʻz jahonga tarqaldi mana,
Ezgu amal bilan qaytadan kelding.

Angladik, tabiat, taqchil bu qadam,
Aqlga kiydirding “Toj”ni qaytadan,
Bir zamon unutdik urushlarni ham,
Tushundik, inoqlik har dardga malham.

Gʻoyalar jahonni aylamas parcha,
Dinlar ham ofatdan tortdilar mayus,
Tushundi odamlar inoqlik qancha,
Oʻshancha oboddir har bir el, ulus.

Qaragin, zamondosh, qiroat boshqa,
Oʻzgardi jahonning gulday jamoli,
Nahot oʻzgarishga bir “Toj”ni boshlab
Kelish kerakmidi inson kamoli?

Mahmud YOʻLDOSHEV
24.03.2020

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?