Qandimdagi noyob majmua yiliga 8 milliard kub metrdan ziyod tabiiy gaz qazib olish va uni qayta ishlash imkonini beradi

11:01 01 May 2018 Iqtisodiyot
1317 0
Foto: 123ru.net

O‘zbekiston yer osti boyliklari, xususan, uglevodorod xom ashyosiga g‘oyat boy. Innovatsion iqtisodiyotga o‘tish jarayonida neft-gaz sanoatini rivojlantirish, ayniqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalarni bunyod etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani zaminimiz qa’ridagi ushbu resursni xalq farovonligi yo‘lida o‘zlashtirish imkonini bermoqda. Qandim gazni qayta ishlash majmuasining foydalanishga topshirilishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqayapti. Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur majmuaning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlaganidek, u mamlakatimizning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi.

— Markaziy Osiyodagi eng yirik inshootlardan biri bo‘lgan korxonamiz zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan, — deydi majmua direktori o‘rinbosari Isroil To‘rayev. — Ular yordamida yiliga 8 milliard kub metrdan ziyod tabiiy gaz qazib olinib, tozalangan gaz, barqarorlashtirilgan kondensat hamda oltingugurt kabi eksportbop mahsulotlar tayyorlanadi. Bizga tabiiy gaz Qandim, Quvachi-Olot, Porsonko‘l, Hoji kabi konlardan yetkazib berilayapti. Yangi uskunalarning yana bir afzalligi shundaki, ish jarayonida atmosferaga umuman gaz chiqib ketmaydi. Bu esa ishlab chiqarish chog‘ida ekologiyaga ziyon yetkazilmaydi, deganidir.

Darhaqiqat, Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan majmua “BASF”, “Yakobs”, “Xonevell” kabi jahondagi eng yirik kompaniyalarning so‘nggi rusumdagi texnologiyalari bilan jihozlandi. Qurilish-montaj ishlari esa “Xenday Injiniring”, “Posko” va “Dji-Es”, “Enter Injiniring” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Buning uchun yurtimiz hamda xorijning yuqori malakali mutaxassislari, jami 10 ming nafarga yaqin kishilar jalb etilgani tufayli ushbu yirik inshoot ko‘zda tutilganidan sakkiz oy avval bunyod qilindi. Shu maqsadda 3 milliard AQSh dollaridan ortiq investitsiya o‘zlashtirildi. Bu O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun qulay sarmoyaviy muhit yaratib berilganining yuksak samarasi, o‘zaro manfaatli aloqalar kengayib borayotganining yorqin dalilidir.

— Yaqin-yaqingacha odam yursa oyog‘i, qush uchsa qanoti kuyadigan mazkur sahroda zamonaviy korxona barpo etiladi, desangiz ko‘pchilik ishonmasdi, — deydi mehnat faxriysi Ismoil Nosirov. — Ammo atigi ikki yil ichida qurib bitkazilgan korxonaga, bu yerda ishlayotgan mahalliy yoshlarga qarab havas qilasan, kishi. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, malakali kadr bo‘lib yetishgan yigitlarimiz shu yerda zarur ko‘nikma va tajribaga ega bo‘lishmoqda. Bu esa kelgusida mamlakatimizda shunday yirik loyihalarni amalga oshirishda qo‘l keladi.

Majmua qurilishi bilan birga, hudud infratuzilmasi ham keskin o‘zgardi. 1150 kishiga mo‘ljallangan shaharcha barpo etilib, ishchi-xodimlar uchun zarur barcha qulaylik yaratildi. Shinam hamda ravon yo‘llar qurildi.

Bugun shu yo‘llar orqali Buxoro shahridan avtoulovda Qorako‘l tumani sari chamasi 100 kilometrcha yursangiz, daf’atan asriy qumliklar bag‘ridagi Qandim gazni qayta ishlash majmuasiga ko‘zingiz tushadi. U kishiga sahrodagi mo‘’jiza bo‘lib tuyuladi. Mo‘’jizalar esa, bilamizki, har kuni ro‘y beravermaydi. Ammo afsonalar haqiqatga aylanganini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Buni Qandim gazni qayta ishlash majmuasi misolida ko‘rib-bilib turibmiz.

Istam IBROHIMOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?