Qanday toifadagi mahkumlarga saylovlarda ishtirok etish huquqi berilmoqda?

10:35 24 Avgust 2019 Siyosat
109 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Munisxon Karimova- “Xalq soʻzi”-Online .Yalpi majlisda muhokama qilinayotgan “Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublika sining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuvlar asosida ishlab chiqilgani aytib oʻtildi. Unga muvofiq, 20 dan ortiq qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarga saylovlarida ishtirok etish huquqini berish maqsadidategishli oʻzgartishlar kiritilmoqda. Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi beshinchi qismi bilan “Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanmoqda. Demak, unga koʻra ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar saylovchi sifatida ishtirok etish huquqiga ega.

Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”gi Qonun oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi. Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”gi Qonundagi referendumni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha vakolatlari “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida“gi Qonunga oʻtkazildi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Qonunni ishlab chiqishda, 20 tadan ortiq davlatlar, xususan, Fransiya, Italiya, Kanada, Polsha, Belorus, Ozarbayjon va boshqa davlatlarning saylov qonunchiligiga doir tajribalari oʻrganilgan.

Mazkur qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalari kiritilishi mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi va oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik prinsiplarni oʻzida aks ettiradi.

“Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?