Qandahor savdo sanoat palatasi raisi : “Oʻzbekiston qora kishmishni eng sifatli yetishtiradigan mamlakatlardan biri”.

17:36 23 Sentyabr 2019 Jamiyat
164 0

Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov 21-22-sentyabr kunlari Termiz shahrida oʻtkazilgan “Open South International Business Forum II” xalqaro biznes-forumida ishtirok etgan Afgʻoniston Islom Respublikasining Qandahor viloyati delegatsiyasi aʼzolari bilan uchrashdi.

Qandahor savdo sanoat palatasi raisi Yusuf Yusufiy rahbarligidagi delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonda yetishtiriladigan qora kishmish eksportiga qiziqish bildirishlarini maʼlum qilishdi.

Ularning aytishicha, Oʻzbekiston bunday turdagi uzumni eng sifatli yetishtiradigan mamlakatlardan biri. Qandahorlik tadbirkorlar Oʻzbekiston kishmishini Qandahor orqali Hindistonga ham eksport qilish mumkinligini aytishdi.

Shuningdek, delegatsiya vakillari Qandahorning mashhur anorini Oʻzbekistonda yetishtirish borasida taklif bilan chiqishdi. Surxondaryo viloyati hokimi bu loyihaga qiziqish bildirdi va qandahorlik tadbirkorlarga bu borada yordam berishini maʼlum qildi. Toʻra Bobolov qandahorlik mehmonlarga Sheroboddagi anorzorlarni ham tomosha qilishni taklif qildi.

Mamlakatimizga ilk bor tashrif buyurgan qandahorlik rasmiylarga Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi elchisi Yodgorxoʻja Shodmonov hamrohlik qildi. 

Eslatib oʻtamiz, “Open South International Business Forum II” xalqaro biznes-forumi doirasida investor va xorijiy korxonalar bilan umumiy qiymati 429,7 mln. dollarga teng boʻlgan 76 ta investitsiyaviy va eksport shartnomalari imzolandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?