Qamoqdan chiqqaniga 6 oy boʻlgan Fayoziddin haligacha ishga joylasholmadi. Nega?!

10:37 17 Yanvar 2019 Jamiyat
255 0

Muallif olgan surat.

16 yanvar kuni Marhamat tumanidagi Alitepa mahallasida jinoyat, fuqarolik, maʼmuriy va iqtisodiy ishlar boʻyicha Andijon viloyati sudlari raislari tomonidan sayyor qabul oʻtkazildi. Unda oʻttiz nafarga yaqin fuqaroning yechimi topilmayotgan muammolari tinglanib, ularni qonuniy tartibda hal qilish boʻyicha amaliy yordam hamda maslahatlar berildi.

Boboxuroson mahallasida yashovchi Muzaffar Shoyijonov Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh shahridagi Qirgʻiz — Oʻzbek davlat universitetining kimyo-biologiya yoʻnalishini tamomlagan. Uning aytishicha, ayrim sabablarga koʻra, akasi ichki ishlar boʻlimining qidiruv boʻlimida roʻyxatda turadi. Shu tufayli yigirma bir yildan buyon ishsiz. Hech qayerga ishga olinmayapti.

— Bir necha tegishli joylarga murojaat qilganman, — deydi qabul davomida M. Shoyijonov. — Afsuski, hech qanday natija yoʻq. Toʻgʻrisi, oʻtgan yili tuman hokimligi tomonidan menga Polvontosh shaharchasidagi maktabga ishga joylashishim uchun yoʻllanma berishganda quvongandim. Biroq xalq taʼlimi boʻlimidagilar “Komissiya kelib qolsa, nima deymiz?” deya rad etishganidan keyin “tarvuzim qoʻltigʻimdan tushdi”. Axir men ham boshqalar qatori ishlashni, shu yurt rivoji uchun hissa qoʻshishni istayman.

Murojaatni oʻrgangan jinoyat ishlari boʻyicha viloyat sudi raisi Vohidjon Nazarovning maʼlum qilishicha, tuman prokurori murojaatchi oʻzi yashayotgan hududdagi maktabga ishga joylashtirilishini bildirgan.

— Yoshlik qilib katta hatoga yoʻl qoʻyganman, — deydi Fayoziddin Umrzoqov. — “Jinoyat jazosiz qolmaydi” deganlaridek, umrimning 10 yilini, yaʼni oltin davrini qamoqda oʻtkazdim. Oʻtgan yilning iyun oylarida ozodlikka chiqdim. Mana, olti oydirki, ishsizman. Ikki marotaba bandlikka koʻmaklashish markaziga bordim. “Ish chiqsa, aytamiz”, deyishdi. Shuncha kutdim, boʻlmadi. Hayotimning qolgan qismini ham zalolatda oʻtkazish niyatim yoʻq. Ishlamoqchi, toʻgʻri yoʻlga qaytmoqchiman. Haydovchilik guvohnomam bor, hech boʻlmasa, haydovchi boʻlib ishga joylashsam ham mayli edi.

Sayyor qabulda fuqaro Umrzoqovning murojaati tegishli tashkilotlar bilan birga oʻrganilib, natijasi qisqa muddatda maʼlum qilinishi tushuntirildi.

Eʼtirof etish joizki, bunday sayyor qabullar mutasaddi shaxslarning xalq ichiga yanada chuqurroq kirib borib, odamlar muammolarini hal etish, davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Umidjon Mamarasulov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?