Qamchiq dovonida ko‘chki yuz berdi. Jabrlanganlar bor

11:38 09 Iyun 2018 Jamiyat
757 0

2018 yilning 8 iyun kuni soat 22:00larda Namangan viloyatining Pop tumanida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida, mazkur tuman hududidan o‘tuvchi A-373 M-39 “Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon-Andijon orqali-O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovoni qismining 225,5 kilometrida eni 80 metr, uzunligi 300 metr va balandligi 0,5 metrni tashkil etuvchi, umumiy hajmi 12 000 m3 bo‘lgan tosh va tuproq massasi avtomobil yo‘li orqali oqib o‘tgan. Bu haqda FVV Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv markazi xabar berdi.

Mazkur holatdan kelib chiqib, soat 22:20da IIV YHXBB tomonidan “Chinor” va “Sherobod” yo‘l harakati xavfsizligi maskanlarida avtotransport vositalarining ikki tomonlama harakati to‘xtatilgan.

Natijada, tosh va tuproq massasi yo‘lning avtomobil qatnov qismida harakatlanayotgan 2 ta yengil avtomobil vositasini surib, yo‘l chetiga chiqarib yuborgan. Mazkur avtomobil vositalarida bo‘lgan 6 nafar fuqaro FVVning “Qamchiq” MQQB qutqaruvchilari tomonidan qutqarib olinib, ularga joyida birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, ulardan ikki nafari Angren shahar markaziy kasalxonasiga yuborilgan va to‘rt nafar fuqaroga dovondagi “Buloq” tibbiy yordam maskanida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, yo‘lning qatnov qismida qolgan 4 ta “Isuzu”, 2 ta “MAN” va 4 ta yengil avtomobil vositalari voqea joyidan xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan.

Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, hamda “O‘zavtoyo‘l” AJ, Namangan va Toshkent viloyati xokimliklari tomonidan tuni bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida, avtomobil yo‘li tosh va tuproq massasidan tozalanib, 2018 yilning 9 iyun kuni soat 08:00da “Qamchiq” dovoni orqali avtomobil vositalarining qatnovi tiklandi.

Qayd etilishicha, qidiruv-qutqaruv hamda kuchli yog‘ingarchilik oqibatlarini bartaraf etish ishlariga jami, 350 nafar xodim va 74 ta texnika jalb etilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?