“Qamchiq” dovonida harbiy shaharcha qurilib, foydalanishga topshirildi

12:51 30 Avgust 2019 Jamiyat
805 0

Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi tasarrufidagi “Qamchiq” dovonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilar uchun yangi, har tomonlama qulay, barcha zarur shart-sharoitlarga ega harbiy shaharcha qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

“Qamchiq” dovonida joylashgan ushbu boʻlinma dengiz sathidan 1350 metr balandlikda joylashgan boʻlib, iqlim sharoitiga koʻra Mudofaa vazirligining boshqa harbiy qismlaridan farq qiladi.

Bu yerda harbiy xizmatni olib borishning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olib, shaxsiy tarkibning ijtimoiy himoyasini taʼminlash, ular uchun xizmatni oʻtashning xavfsiz shart-sharoitlarini yaratish maqsadida, mudofaa vaziri boshchiligida, vazirlik markaziy apparatining manfaatdor boʻlinmalari bilan hamkorlikda qiymati 24 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan qurilish ishlari olib borildi va mutlaqo yangi koʻrinishdagi harbiy shaharcha qad rostladi.

Shtab binosi, Madaniyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ittifoqi xonasi, kutubxona, qorovulxona, kapital taʼmirlangan va yangi qurilgan avtoturargoh, oshxona, shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilar uchun qurilgan yotoqxona binolari zamon talablariga toʻliq javob beradi.

Harbiy shaharchaning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston mudofaa vaziri, Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondoni, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mudofaa vaziri oʻz nutqida ushbu harbiy qismda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga, ularning kasbiy mahoratiga ishonishini, shu sababdan ham ularga yurtimizning muhim ahamiyatga ega boʻlgan toifalangan obyektlarini qoʻriqlashni ishonib topshirilganini alohida eʼtirof etdi.

Shuningdek, harbiy qism komandiriga yangi qurib bitkazilgan harbiy shaharchaning ramziy kaliti va mudofaa vazirining sovgʻasi – yengil avtomobil kaliti topshirildi.

Bayram munosabati bilan ushbu harbiy qismning bir qator harbiy xizmatchilari navbatdagi harbiy unvonlar, faxriy yorliq va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?