Qamashi tumanida 297 ta, Shahrisabz shahrida esa 157 ta istiqbolli loyiha amalga oshiriladi

10:20 15 Avgust 2019 Jamiyat
101 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy yil 29-iyulda “2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, 2-avgustda esa “2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida” qarorlar qabul qildi.

Ushbu hujjatlar asosida viloyatning mazkur ikki maʼmuriy hududini 2019-2020-yillarda kompleks rivojlantirish dasturlari tasdiqlanib, koʻrsatilgan qisqa davrda amalga oshiriladigan loyihalar va ularning moliyalashtirish manbalari aniq belgilab berildi. Masalaning mohiyati shundaki, rivojlantirish chora-tadbirlari natijasi ana shu hududlarda sohalarni jonlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, xalq isteʼmoli mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini sezilarli oshirish negizida aholi turmush farovonligini yuksaltirishni nazarda tutadi. “Qashqadaryo”gazetasi saytida eʼlon qilingan maqolada shu haqda soʻz boradi.

***

Avval, Qamashi tumani boʻyicha toʻxtalsak, tegishli qaror bilan tasdiqlangan dastur asosida hududda 297 ta istiqbolli loyiha va tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Ular yetti yoʻnalish boʻyicha ajratilib, 191 tasi muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, 33 tasi ijtimoiy soha, 22 tasi bogʻ va tokzorlar tashkil qilish, 20 tasi sanoat, 15 tasi xizmat koʻrsatish, 11 tasi qishloq xoʻjaligi va 5 tasi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlariga oiddir. Ushbu loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun 430 milliard 544 million soʻm sarflanishi koʻzda tutilgan boʻlib, uning 138 milliard 154 million soʻmi respublika byudjeti, 121 milliard 68 million soʻmi tashabbuskorlar, 71 milliard 438 million soʻmi tijorat banklari kreditlari,29 milliard 970 million soʻmi maxsus jamgʻarmalar, 7 milliard 329 million soʻmi tarmoq korxonalari, 6 milliard 824 million soʻmi xorijiy investitsiya, 3 milliard 900 million soʻmi mahalliy byudjet mablagʻlari va boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Natijada joriy yil 695 ta, kelgusi yilda esa 873 ta yangi ish oʻrni yaratilib, hududda ishga tushiriladigan ushbu loyihalar negizida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2019-yilda 26 milliard 890 million soʻmni, 2020-yilda esa 290 milliard 449 million soʻmni tashkil etishi prognoz qilingan.

Dasturga kiritilgan loyihalar va tadbirlarni qisqacha tahlil etsak, ularning sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatishga oidlari avvalo tuman ichki imkoniyatlarini hisobga olib ishlab chiqilganiga guvoh boʻlamiz. Shuningdek, kommunikatsiya tizimlari, ijtimoiy soha obyektlari, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari boʻyicha taklif etilgan loyihalar ham hududda uzoq yillar davomida yuzaga chiqib, aholini qiynab kelayotgan qator muammolarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Aniq misollarga oʻtamiz. Masalan, sanoat yoʻnalishida loyiha taklif etayotgan “Matanat” MCHJ xorijiy korxonasi Qamashida gips xom ashyosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni moʻljallayapti. Buning uchun jamiyat mulkdorlari 16 milliard 770 million soʻm investitsiya kiritishga tayyor. Binobarin, loyiha istiqboli hududda zarur xom ashyo resurslari yetarli ekanligi bilan ham yuqori baholanadi. Eng muhimi, kelgusi yil oxirlarida ishga tushirilishi koʻzda tutilayotgan yangi subyektda 300 ishchi oʻrni yaratilishi belgilangan.

Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha viloyat davlat oʻrmon xoʻjaligi taklif etayotgan loyiha ham eʼtiborga molik. U asosida tumanning togʻoldi yerlarida 2500 gektar pistazor barpo qilinishi rejalashtirilayapti. Jami 330 ta yangi ish oʻrni tashkil etishga zamin yaratishi belgilangan loyihaning istiqbolini taʼminlash uchun tashabbuskor subyekt 50 milliard soʻm investitsiya kiritishga jazm etgan.

“Kinder sentr” MCHJ mulkdorlari joriy yil soʻngiga qadar xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etishmoqchi. Ularning taklifi asosida dasturdan joy olgan tegishli loyihani amalga oshirish uchun2 milliard 557 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, 13 yangi ish oʻrni tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda.

Qamashi tumanini kompleks rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalarning 64 foizi muhandislik kommunikatsiya, yoʻl-transport infratuzilmasini takomillashtirish, aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga oid tadbirlar ekanligi diqqatni tortadi. Binobarin, bu borada belgilangan chora-tadbirlar maqsadi hudud aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash bilan izohlanadi. Xususan, mavjud 67 kilometr turli toifaga kiruvchi yoʻllarni taʼmirlash, tuman markazini oqar suv bilan taʼminlash, qator aholi punktlarida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun 7 ta artezian qudugʻi qazish, elektr tizimida 141 punktli, koʻp qavatli uylar va ular atrofida 11 punktli tadbirlar rejasini amalga oshirish kabi koʻplab manzilli ishlar shunga zamin yaratadi.

Dastur doirasida tumandagi taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash, madaniyat va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha tasdiqlangan investitsiya loyihalariga asosan 8 taumumtaʼlim maktabida, 11 ta maktabgacha taʼlim va 12 ta sogʻliqni saqlash muassasasida, shuningdek, markazdagi madaniyat va aholi dam olish maskani, Mangʻit mahallasidagi markaziy oʻyingohda bajarilishi belgilangan qurilish-bunyodkorlik ishlari ham qamashiliklarni hayotdan rozi boʻlib yashashga undashi tayin.

Irrigatsiya va melioratsiya tizimini yaxshilash va foydalanishdan chiqarib yuborilgan yerlarni foydalanishga qaytarish ham avvalo tuman ahli uchun manfaatli boʻlishi aniq. Dastur doirasida ushbu yoʻnalishda amalga oshirilishi belgilangan ishlarning dastlabki qiymati 20 milliard 70 million soʻmni tashkil etmoqda. Natijada 5 maxsus texnika sotib olinib, 11 ta nasos agregati yangidan oʻrnatiladi, yana 2 tasi taʼmirlanadi. 60 ta artezian qudugʻi yangidan ishga tushirilishi evaziga 2000 gektar lalmi yer maydoni oʻzlashtirilib, bogʻ va tokzorlar barpo qilinadi.

Yana, tegishli dasturda toʻgʻridan-toʻgʻri aholi ishtirokida ular daromadlarini oshirishni koʻzlagan chora-tadbirlar ham belgilanganki, bu haqda ham toʻxtalish joiz.

Maʼlumki, Qamashi odamlari parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik faoliyatiga ancha uquvli. Shunga monand, tumandagi ishsiz aholini ish bilan taʼminlash va xonadonlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni koʻpaytirish maqsadida 6 ming xonadonga 600 mingta kurka yetishtirish, 3 ming xonadonga 40 mingta quyon sotib olish, chet eldan 2 ming bosh naslli chorva mollari keltirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi koʻzda tutilayotgani ayni muddao. Bu oddiy odamlarning real daromadlari oʻsishiga xizmat qilishi bilan birga, hududda parhez goʻsht tayyorlash va goʻshtni qayta ishlash tarmoqlari rivojiga turtki berishi turgan gap.

Umuman, Qamashi tumanini kompleks rivojlantirish dasturi qamrovi ancha keng, unda nazarda tutilgan loyiha va tadbirlarning roʻyi-rost hayotda oʻz ifodasini topishi esa hudud aholisi nazdida katta voqelik sifatida baholanishi aniq.

***

“Shahrisabz Tekstil” MCHJ mulkdorlari joriy yil soʻngiga qadar ip-kalava ishlab chiqarishni koʻzda tutuvchi yirik loyihani amalga oshirishga azm etishdi. Buning uchun ular 167 milliard soʻm investitsiya yoʻnaltirishni maqsad qilishgan. Natijada 270 yangi ish oʻrni yaratiladi.

Ushbu loyiha Shahrisabz shahrining sanoat salohiyatini yanada kengaytirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal qurish, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va servis sohasini taraqqiy ettirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishni koʻzda tutuvchikompleks rivojlantirish dasturidan oʻrin olgan.

Umuman, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan mazkur dasturga hududda amalga oshiriladigan 157 ta loyiha va tadbirlar kiritilgan boʻlib, ularni roʻyobga chiqarish uchun 867 milliard 639million soʻmdan ortiqmablagʻ sarflanishi koʻzda tutilgan. Shundan qariyb 321 milliard 390 million soʻmi tashabbuskorlar, 203milliard 23 million soʻmi tijorat banklari kreditlari, 71milliard 291 million 400 ming soʻmi respublika byudjeti,29 milliard 500 million soʻmi xorijiy investitsiya, 18milliard 561 million soʻmi mahalliy byudjet, 8 milliard 524 million soʻmi tarmoq korxonalari hissasiga toʻgʻri keladi.

Toʻliq amalga oshirilishi natijasida 1547 ta yangi ish oʻrni yaratililishi moʻljallanayotgan dasturning ishlab chiqarish yoʻnalishidan 24 ta loyiha oʻrin olgan boʻlib, 6 tasi mebel va qogʻoz, yana 6 tasi oziq-ovqat, 5 tasi tekstil va toʻqimachilik, 4 tasi qurilish materiallari,2 tasi kimyo va neft-kimyo sanoatiga oid. Yana bir loyihada alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish sexini modernizatsiya qilish nazarda tutilgan.

Misol uchun, sunʼiy dekorativ qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish tashabbusi bilan chiqqan “Zonda Decor Invest” xususiy korxonasi mulkdori shu maqsadga 3 milliard 320 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirishini bildirgan. Kelgusi yilning dekabr oyida ishga tushirilishi belgilangan ushbu loyiha asosida 20 ta yangi ish oʻrni ochilishi qayd etilgan.

Maʼlumki, Shahrisabz shahrida xizmatlar sohasi, servis infratuzilmasi, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat va sharoit bor. Hamma gap bunday imkoniyatlardan unumli foydalana bilishda. Binobarin, hududda tilga olingan sohalarda faoliyat olib borib, dovrugʻ qozongan tadbirkoru ishbilarmonlar, hunarmandlar talaygina. Biroq, hamon turli xizmatlarga boʻlgan talab taklifdan yuqori qolayotgani 64 ta subyektning yangi gʻoyalar ustida ishlashiga turtki berdi. Ular tashabbus bilan chiqib, shaharni kompleks rivojlantirish dasturiga oʻz loyihalarini taklif etishdi. Xususan, “Suxrob Sardor qurilish” MCHJ mulkdorlari 12 milliard soʻm sarflab, oilaviy mehmonxona tashkil etishni koʻzlashgan boʻlsa, 18 milliard 400 million soʻm investitsiya qilishga tayyor “Asqar qurilish invest” MCHJ mulkdorlari zamonaviy savdo doʻkoni ochib, mijozlarga sifatli xizmat koʻrsatishni boshlashmoqchi.

Shu oʻrinda qayd etish joiz,dastur boʻyicha yaratilishi moʻljallangan jami yangi ish oʻrinlarining 922 tasi xizmat koʻrsatish va servis, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish yoʻnalishi hissasiga toʻgʻri kelayotgani ham koʻp narsani anglatadi. Zero, ishsiz aholi vakillarini doimiy ish bilan taʼminlash, ular uchun muqim daromad manbai yaratish bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanligi hech kimga sir emas.

Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish dasturiga, shuningdek, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishiga oid 12 ta istiqbolli investitsiya loyihasi kiritilgan. Ularning 4 tasida issiqxona tashkil etish, yana 4 tasida parrandachilik faoliyatini rivojlantirish, 3 tasi sovutkichli omborxona qurish va nihoyat, 1 tasida chorvachilikni rivojlantirish nazarda tutilgan. Buning uchun loyiha tashabbuskorlari 11 milliard 130 million soʻm tikishga shay. Faqat, ushbu mablagʻning yarmidan koʻpini shakllantirishda ular bank koʻmagidan foydalanishni koʻzlab turishibdi.

Hudud aholisi turmush farovonligiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir etishi kutilayotgan chora-tadbirlar tegishli dasturning muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport infratuzilmasini takomillashtirish, aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish yoʻnalishidan oʻrin olgan. Unga asosan mavjud koʻp qavatli uylarni taʼmirlash boʻyicha 6 ta, tabiiy gaz taʼminotini yaxshilash boʻyicha 5 ta, yoʻl-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha 4 ta, ichimlik suvi, kanalizatsiya va oqova suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha 3 ta, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha 3 ta, arzon uy-joylar qurish boʻyicha 1 ta va koʻmir taʼminotini yaxshilash boʻyicha 1 ta punktdan iborat tadbirlarni bajarish rejalashtirilgan.

Shaharning sharqiy qismi shaharsozlik hujjatlarini, Gʻalaba va Pillakashlik mahallalarida joylashtirilishi moʻljallangan “Shahrisabz city” majmuasi loyiha takliflarini ishlab chiqish, aholi bandligiga koʻmaklashish markazini qurish yumushlari ham ana shu yoʻnalishda qayd etilgan.

Dasturningtaʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash, madaniyat va boshqa turdagi ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash yoʻnalishidagi investitsiya loyihalari roʻyobi uchun 104 milliard 203 million700 ming soʻm mablagʻ sarflanishi belgilangan. Buning evaziga Choshtepa mahallasida yangi maktab binosi qurilsa, hududdagi 12-, 14-, 17-, 18-maktablar, 9-, 21-, 23-, 27-, 28-, 29-maktabgacha taʼlim, 3 ta sogʻliqni saqlash muassasasi binolarida rekonstruksiya ishlari bajariladi. Yana, bir nechta fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari uchun bino barpo etish, ularni jihozlash, Namaton madaniyat markazi binosini rekonstruksiya qilish, turizm va boshqa turdagi ijtimoiy soha obyektlarini qurish kabi qator loyihalar ham ana shu yoʻnalish boʻyicha sarflanishi koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi. Shahar hokimligi, FHDYO uchun yangi binolar qurish, istirohat bogʻi tashkil etish ana shular jumlasidan.

Darvoqe, tegishli qarorda Shahrisabz shahrining Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan qismida amalga oshiriladigan qurilish loyihalari YUNESKOning faqat ijobiy xulosasi olingandan soʻng amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan, buni aslo unutmaslik kerak.

***

Muxtasar qilganda, 2019-2020-yillarda Qamashi tumani hamda Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturlari ikkala hudud rivoji va ularda yashovchi aholi turmush farovonligini yuksaltirishni nazarda tutgani bilan ahamiyatli. Garchi mazkur dasturlar koʻrsatilgan maʼmuriy regionlarning mavjud iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari qamrovini, qalqib turgan barcha muammolarini oʻzida toʻliq namoyon etmagan boʻlsa-da, ularda koʻzda tutilgan loyiha va tadbirlar nisbatan qisqa muddatda ushbu tuman va shahar hayotida muayyan ijobiy oʻzgarishlar yasash uchun yetarli boʻlishiga shubha yoʻq. Faqat, joriy yilning 7 oydan ortiq fursati oʻtib boʻlgani holda tegishli dasturlarda belgilangan barcha chora-tadbirlarning oʻz vaqtida toʻkis amalga oshirilishi taʼminlansa bas.

Kamoliddin KARIMOV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?