Qallibek Kamalov: “Oʻzbek moʻjizasi” — orzu emas, voqelik”

18:20 26 Fevral 2019 Jamiyat
471 0

Foto: "Xalq so'zi"

Bernard Shouning fikricha, keksa yoshdagi hayot tajribasi bilan yoshlik gʻayratini mujassamlashtirishdan oʻzga toʻgʻri yoʻl yoʻq. Bugungi ­suhbatdoshimiz Qallibek Kamalov ham shu haqiqatni hayot falsafasi, deb ­hisoblaydi.

Ayni paytda u kishi toʻqson yoshdan oshgan. ­Chorak asr davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga rahbarlik qilgan, bir qator masʼul vazifalarda ishlagan. “Paxta ishi” degan balo uni ham chetlab oʻtmadi. Shunchalik sermazmun hayot yoʻli va ulkan ­tajribaga ega boʻlmasin, hamon yoshlardek gʻayrat-­shijoatga toʻla. Kuchni esa, oʻzi ­aytganidek, atrofda yuz berayotgan oʻzgarishlardan olyapti. Islohotlar ­jarayonini kuzatib, hech bir muhim voqeani oʻtkazib yubormaslikka harakat qiladi.

— Bilasizmi, vaqt degan tushunchaning oʻzi oʻzgarib ­boryapti, — deydi Q. Kamolov. — Buni mamlakatimiz misolida yaqqol koʻrish mumkin. Keyingi ikki yil davomida Oʻzbekiston bosib oʻtgan yoʻl bir necha oʻn yillikka tatiydi. Zero, mamlakat va jamiyat rivojining asoslari shakllandi. Qoʻshni respublikalar bilan doʻstona aloqalarimiz yana tiklandi. Rossiya, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Hindiston kabi jahondagi yirik davlatlar ham biz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor. ­Shuningdek, fuqarolarning muammolarini hal etish ­mexanizmi yaratildi.

Bu islohotlar Prezident ­Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ­amalga oshirilmoqda. Men ­turli davr­larda yashadim, ish­ladim. Oʻshanda Usmon ­Yusupov, ­Sharof Rashidov singari taniqli shaxslar faoliyat yuritgan. Lekin Oʻzbekistonning yangi tarixida, shu qadar qisqa muddatda butun dunyo tan olgan va xalq ishonadigan yetakchi boʻlgan emas. Virtual qabulxona hamda Xalq qabulxonalari orqali aholining dardu tashvishidan xabardor boʻlib, u bilan maslahatlashadigan, fuqarolar fikriga quloq tutadigan rahbar ham uchramagan. Men 18 ta davlatga borganman, ammo xalq­ning bunchalik qoʻllab-quvvatlashi, odamlar bilan ochiq va samimiy muloqotni hech qayerda koʻrmaganman. Koʻpchilik shunday fikr­da. Masalan, 40 ta davlat va AQSHning hamma ­shtatlarida boʻlgan Oʻzbekiston xalq artisti Izro ­Malakov ham menga oʻxshash fikr bil­dirdi.

— Bugungi kunda hayot qanchalik tez oʻzgarayotganini koʻrish, taqqoslash uchun uzoq joylarga borishga hojat ­qolmadi. Qoraqalpogʻistonda ham ishlar qizigandan qizib ketdi, Moʻynoq esa bu ishlarning markazida.

— Darhaqiqat, hozir Orolboʻyi hududi butun dunyo hamjamiyatining eʼtiborida, desam, xato qilmayman. Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi nutqi, undagi Orol fojiasini bir yoqadan bosh chiqarib hal etishga qilingan daʼvat ulkan bunyodkorlik ishlariga turtki berdi. Bu gʻoyani barcha birdek mamnuniyat bilan qabul qildi va qoʻllab-quvvatladi. Aynan mana shu holat esa soʻzlardan amaliy ishga oʻtishdek uzoq kutilgan voqea boʻldi.

Qabul qilingan qarorlar Moʻynoq uchun najotbaxsh yoʻl boʻldi. Axir oʻz vaqtida bu yerdan hamma koʻchib ­ketishni boshlagan, bor-yoʻgʻi, 13-14 ming aholi qolgan edi. Hozir esa

30 mingga yaqin kishilar yashayapti. Bu yerda aeroport, stadion, sport majmuasi, amfiteatr va boshqa inshootlar paydo boʻlmoqda, infratuzilma qayta tiklanib, tadbirkorlik rivojlanyapti, hududning investitsiyaviy jozibadorligi ham ortmoqda. Odamlarning oʻzida maishiy turmushni yaxshilash, jonajon oʻlkaning gullab-yashnashiga hissa qoʻshish istagi kuchaydi. Bunda esa dengizning qurigan tubini koʻkalamzorlashtirish maqsadida oʻtkazilayotgan hasharga boshqa viloyatlardan kelgan yurtdoshlarimiz ham yordam berishyapti. Ushbu xayrli saʼy-harakatlarni tabiatning oʻzi ham qoʻllab-quvvatlagandek, goʻyo. Dalil — katta hajmdagi yer osti suvlaridan topilgan toza ichimlik suvi yaqinda favvora boʻlib otilib chiqqani!

Bunday bunyodkorlik jarayonidan chetda turishning oʻzi mumkin emas. Ketmon koʻtaradigan yoshda boʻlmasam-da, kuchim boricha yordam berishga harakat qilyapman. Bir necha million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilib, Moʻynoqda mehnat qilayotganlar uchun goʻsht, guruch, non yuboryapman. Aminmanki, boshqa hamyurtlarim ham shunday qilishyapti.

Davlatimiz rahbari doimo faxriylarga hurmat-eʼtibor bilan munosabatda boʻladi, viloyatlarga borganida oqsoqollar bilan suhbatlashib, ular fikriga quloq tutadi. Bunday uchrashuvlarda bir necha marta qatnashish sharafiga muyassar boʻldim. Biz, katta avlod vakillarining qoʻlimizdan keladigan ish, yaʼni Qoraqalpogʻistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar ahamiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ­targʻib qilishga vaʼda berdim. Shu maʼnoda aytmoqchimanki, Shavkat Mirziyoyevning maʼruzalari toʻpla­mini nashr qilishni hozirdanoq ­boshlash kerak. Undagi materiallar barcha darajadagi rahbarlar uchun aniq koʻrsatma boʻlib xizmat qiladi, mamlakatni rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini hayotga ­tatbiq etishda masʼuliyat sezuvchi har bir oʻzbekistonlikni yangi marralar sari ruhlantiradi.

— Oʻzbekistonning, uning barcha viloyatlari, ­xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining kelajagini Siz qanday tasavvur qilasiz?

— Jonajon oʻlkamiz kelajagi menga yorqin ranglarda koʻrinadi. Bu nafaqat davlatimizning global miqyosdagi oʻrniga, balki fuqarolarning hayot darajasi, farovonligiga tegishli. Qarang, Oʻzbekistonimiz qanday ulkan qurilish maydoniga aylandi. Shahar va tumanlarda arzon turarjoylar hamda qulay infratuzilma obyektlarini bunyod etish zarurati haqida Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturidayoq aytib oʻtgandi. Mana, moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida oʻz aksini topdi.

Yana bir yangilik. Mamlakat boʻylab ishbilarmonlik markazlari — “siti”lar barpo etilyapti. Misol uchun, “Nukus city” loyihasi bilan tanishdim. Bu yerda koʻp qavatli uylar quriladi, shahar aholisi va mehmonlar, ayniqsa, yoshlar uchun doʻkonlaru tibbiyot muassasalaridan tortib to ­restoranlaru sayr qilishga moʻljallangan yoʻlaklargacha, qisqasi, hamma zarur binolarni oʻzida jamlagan koʻchalar paydo boʻladi. Moʻynoqda ham oʻzining “siti”si boʻladi.

Aholi uchun qulay sharoit yaratishda mayda-chuyda narsaning oʻzi yoʻq. Eslasam, oʻtgan asrning 60-yillarida Parijda boʻlgandim. Hatto, xoʻjalik yuritishdayam, maishiy sharoitlarda ham biz bilan u yerdagilar oʻrtasida katta farq borligi koʻzga tashlandi. Oddiygina kir yuvishni olaylik. Fransuzlarning kir yuvish kukunidan foydalanishi oʻsha vaqtda faqat kirsovun ishlatuvchi biz — sobiq ittifoqdan borgan vakillarga gʻalati boʻlib koʻringan. Qaytganimizdan ­keyin koʻp oʻtmay, maishiy ­xizmat uylari ocha boshladik, doʻkonlarimizda oʻzimizning kir yuvish kukunlarimiz paydo boʻldi. Yana ham keyinroq kir yuvadigan mashinalarga qiziqish kuchaydi, maishiy turmush “avtomatlashdi”.

Bugungi kunda obodonlashtirish das­turlari aynan oʻshanday, har bir mayda detalga eʼtibor bergan holda amalga oshirilmoqda. Oʻylaymanki, ishlar shunday surʼatlar bilan ­davom etsa, besh-olti yildan soʻng shahar ­bilan qishloqning farqi qolmaydi.

Koʻplab dolzarb masalalar ­Prezidentning parlamentga Muro­jaatnomasida aks etdi. Unda faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish boʻyicha dadil takliflar ilgari surilgan. Mamlakatimiz uchun juda muhim boʻlgan vazifalarni hal qilishga yoʻnaltiriladigan mablagʻni jalb etish masalasiga alohida eʼtibor berilgani bejiz emas. Atom elektr stansiyasi qurilishini olaylik. U Oʻzbekistonning gullab-yashnashi, xalq farovonligi uchun naqadar beqiyos ahamiyatga ega. Shu singari koʻpgina yirik loyihalarni roʻyobga chiqarish jarayonida kreditlarni oʻz vaqtida toʻlash kerak boʻladi. Shunda qiynalib qolmaslik uchun ham zarur choralar koʻzda tutilgan, yaʼni qishloq xoʻjaligi, sanoat mahsulotlari, ­jumladan, toʻqimachilik buyumlarini eksport qilish kengaytiriladi, ­turizm rivojlantiriladi.

Ilgari taraqqiyotni sekinlashtirgan yana bir muammo hal etilmoqda. Turli sohalarda mutaxassislar yetishmasligi achchiq haqiqat boʻlsa-da, undan koʻz yumib kelar edik. Oliy taʼlim tizimi koʻp yillar davomida oʻzini oqlamadi. Bu masalada xorijliklarga ishonish oʻta soddalik boʻlgan boʻlardi. Negaki, chetdan keladigan mutaxassis moʻmaygina pulni oladi-yu, qaytib ketadi. Shu bois oʻz farzandlarimizga sarmoya kiritamiz. Oʻzbekistonda xorij universitetlarining filiallari, viloyatlarda esa poytaxt oliy taʼlim muassasalarining boʻlimlari ochilayotgani haqidagi yangiliklarni oʻqib, xursand boʻlaman. Taʼlimga investitsiya — eng bebaho sarmoya ekani ayni haqiqat.

Bugungi talabalar bir necha yildan soʻng yangi korxonalar tashkil etib, mamlakatimizni rivojlantirishadi. Masalan, Qoraqalpogʻiston tumanlaridan birida metallurgiya kombinati qurish moʻljallangan. Tasavvur qiling, bu yerdagi rudadan 21 foizgacha metall chiqadi. Hatto Rossiya metallurgiyasining bayroqdori boʻlgan Uralda ham bu koʻrsatkich 16-17 foizni tashkil etadi, xolos. Oʻlkamizda yer qaʼri rangli metallarga boy. Anchagina chuqurlikda neft ham joylashgan, uniyam qazib olish mumkin.

Yoshlarimiz Vatan ravnaqiga ­xizmat qilishiga, “Oʻzbekiston — 2035” strategiyasini roʻyobga chiqarishiga ishonaman. Davlatimiz rahbarining gʻoyasiga koʻra, bu dasturilamal hujjat Oʻzbekistonning dunyodagi eng yirik iqtisodiyotlar safiga kirishidek ulugʻvor maqsadga yetish boʻyicha vazifalarni belgilab beradi. Ushbu maqsad sari intilish hozirdanoq boshlangan. Ilk qadam sifatida eks­portni oshirishni keltirish mumkin, investitsiyalarga juda katta eʼtibor berayotganimiz ham, ­aslida, shundan.

Dadil ayta olamizki, bugun biz “oʻzbek moʻjizasi”ning ostonasida turibmiz. Bu — nafaqat orzu, ­balki isbot talab qilmaydigan voqelik, ­aksioma.

R. ALISHЕROV, H. AHMЕDOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?