“Qalbimiz, eshigimiz, bilimli va shijoatli yoshlar uchun doimo ochiq!”

17:55 26 Iyun 2020 Jamiyat
368 0

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov intiluvchanlik salohiyati yuqori boʻlgan, tadbirkor va tashabbuskor bilimli yoshlar vakillari bilan uchrashdi.

Nurafshondagi “Yoshlar markazi” binosida oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimligining yoshlar siyosatiga masʼul xodimlari, taʼlim tizimi rahbarlari, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlar, maktab va kollej bitiruvchilari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

—Bugungi uchrashuvimiz anʼanaviy boʻlsa-da, hammamiz uchun quvonchli boʻlgan “Yoshlar kuni” arafasida oʻtkazilayotgani bilan ahamiyatlidir, dedi viloyat hokimi. — Yoshlar siyosati doirasida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan belgilab berilgan vazifalarni bajarishda sizlar bilan yana-da bahamjihat ishlashimiz kerak. Hali joylarda muammo va kamchiliklar koʻp. Ularni hal qilish, yoshlar bandligini toʻliq taʼminlash, tashabbuskor yigit-qizlarimizga zaruriy sharoitlar yaratib berish borasida yechim kutayotgan masalalarni bugungi anjumanda koʻrib chiqamiz. Qalbimiz, eshigimiz bilimli va shijoatli yoshlar uchun doimo ochiq! Maslahat, taklif, tashabbus bilan keling, barcha fikrlaringizni tinglaymiz va qoʻllab-quvvatlaymiz!
 

—Vaqt va imkoniyat hech qachon kutib turmaydi, — deya, fikrini davom ettirdi R.Xolmatov. — Undan unumli foydalangan kishigina yutadi. Imom Buxoriy, imom Termiziy, Moturidiy, Mirzo Ulugʻbek, Beruniy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari yuksak salohiyat va bilimga ega boʻlgan bobolarimiz ana shu mezonga qatʼiy amal qilib, bizlarga bebaho maʼnaviy meros qoldirishdi. Uni oʻrganish va kelajak avlodga yetkazishda bugungi yoshlar nihoyatda masʼuldir. Ularning sabr-qanoati, iqtidori, cheksiz tafakkuridan ibrat olishimiz kerak.

Bu yil viloyatimizdagi umumtaʼlim maktablarini bitirgan yoshlarning hammasi ham oliy oʻquv yurtlariga hujjat topshirmaydi. Xoʻsh boʻsh qolgan yigit-qizlarning ertangi kuni nima boʻladi? Davlatimiz rahbari bizdan ana shu borada alohida hisobot soʻramoqda. Bu boradagi vazifalarni bajarishda viloyatimizning ichki imkoniyatlari yetarli. Yoshlarimiz koʻproq ishbilarmonlikka moyil boʻlishlari lozim. Tumanlarimizda gʻalladan boʻshagan maydonlarda dehqonchilik qilish, qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Qolaversa, axborot texnologiyali yutuqlarini qunt bilan egallash lozim. Kompyuter savodxonligi orqali IT tizimini puxta egallash har bir yoshning kelajagini taʼminlaydi.

Viloyat rahbarining anjumandagi bu kabi oshkora muloqoti yigit-qizlarni hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yoshlarning boʻsh vaqtlarini foydali jarayonlarga yoʻnaltirish,5 ta tashabbus doirasidagi barcha vazifalarni namunali bajarishga chaqirdi.

—Mavjud umumtaʼlim maktablaridan bu yil 35 ming nafardan oshiq 11-sinf bitiruvchilari mustaqil hayotga yoʻllanma oldilar, ularning 17 ming nafardan oshigʻi qizlardir,-deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi rahbari Nargis Rahmonqulova. — 210 nafar oʻquvchilarimiz maktablarni oltin va kumush medal bilan bitirdilar. Bu — oʻquvchilarimiz bilim darajasini yuksaltirish borasida ularni oliy taʼlim dargohlariga puxta tayyorlash borasidagi 44ta umumtaʼlim maktablarida variativ oʻquv rejalari ishlab chiqilganligi samarasidir. Bunda bolaning qaysi fanga qiziqishiga koʻproq urgʻu berildi. Ming nafardan oshiq oʻquvchilar bu rejani samarali bajardilar. Bundan tashqari maktablarda “Qorakoʻl tajribasi”dan unumli foydalanildi. Barcha tuman va shaharlarda bu yoʻnalishdagi oʻquv markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Pandemiya cheklovlari davrida ham jarayon toʻxtatilmadi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan toʻrtta telekanal orqali onlayn darslari muntazam oʻtkazi borildi. 9-11 sinf oʻquvchilari onlayn-repetitor dasturidan ham samarali foydalanishdi. Natija yomon emas. Bugungi anjumanda oʻquvchi yoshlarning ana shu jihatlariga ham tahliliy baho berildi.

Yoshlar anjumandan juda katta saboq oldilar. Uchrashuv jarayoni viloyatning shahar va tumanlaridagi 20 dan oshiq auditoriyalarda ZOOM dasturi orqali qiziqish bilan kuzatildi. Viloyat yoshlarining bilim va manfaatlari doimo qoʻllab-quvvatlanishi, himoya qilinishi yuzasidan bildirilgan ishonch doimiy qarsaklar bilan olqishlandi.

Viloyat rahbari 11-sinf va kasb-hunar bilim yurtlarini aʼlo baholarga bitirgan yigit-qizlarga oltin medal va imtiyozli diplomlarni topshirdi.

Uchrashuv soʻngida yoshlarning viloyat rahbari bilan oshkora kayfiyatdagi savol javoblari boʻlib oʻtdi. Aholi bandligini izchil taʼminlash, cheka qishloqlardagi yigit-qizlar tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlash, joylardagi mavjud kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish borasida aniq toʻxtamga kelindi. Hudud infratuzilmasini rivojlantirishda yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash yuzasidan galdagi rejalar ilgari surildi.

Shodiyor MUTAHAROV,
“Xalq soʻzi”
Nozim Abdullo olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?