Qalbaki mahsulotlar uchun qonuniy javobgarlik kuchaytiriladi

18:21 23 Sentyabr 2020 Jamiyat
101 0

Mamlakatimizda kontrafakt mahsulotlar aylanmasini oldini olish, intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun qonuniy javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi hamda “Havas food” MCHJ kompaniyasi oʻrtasida kontrafakt mahsulotlar savdosining oldini olish va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik oʻrnatish hamda kompaniya tarmogʻiga kiruvchi supermarketlarni kontrafaktsiz hududga aylantirish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shu oʻrinda kontrafakt soʻziga taʼrif berib oʻtsak. Bu — asl mahsulot brendini oʻzlashtirib, intellektual mulk huquqlarini jiddiy ravishda buzib chiqarilgan mahsulotdir. Afsuski, soʻnggi paytlarda savdo doʻkonlarida kontrafakt mahsulotlar turi koʻpayib bormoqda. Bu esa tegishli tartib-qoidalarni poymol qilish bilan birga, isteʼmolchilarning salomatligiga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Yuqorida imzolangan memorandum shu boisdan ham har tomonlama dolzarbdir.

Memorandum doirasida “Havas food" MCHJ kompaniyasi savdo doʻkonlarida sotilayotgan mahsulotlar boʻyicha Agentlikka soʻrov yoʻllash orqali mahsulotlarning kontrafakt yoki kontrafakt emasligi boʻyicha mutaxassis fikrini olish huquqiga ega boʻladilar. Shu bilan birga, agentlik mutaxassislarini jalb qilgan holda kompaniyada xizmat qilayotgan xodimlarning intellektual mulk sohasi boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan davra suhbatlari, seminar-treninglar oʻtkazib boriladi.

Agentlikning kontrafakt mahsulotlar savdosi oldini olish yoʻlida olib borayotgan tashabbusiga oʻziga ishongan tadbirkorlar hamkorlikka qoʻshilishi va bu borada oʻz takliflarini bildirishi mumkin. Sababi ushbu tashabbus halol tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan taraf manfaatlari uchun xizmat qiladi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?