Qaytish (hikoya)

11:34 16 Yanvar 2020 Madaniyat
819 0

Qishloqning chang koʻchasi boʻylab

ketib bormoqda,

bir mahzun,

bir gʻamgin,

bir bashang yigit.

Oʻsha sen boʻlasan,

oʻsha — MEN!

Qishlogʻingni sogʻinib ketasan… Avtobus seni tuproq yoʻllar boshiga tashlab oʻtadi. Hozir butun qishloq qarshingga chiqadigandek. Shaharda oʻqishingni koʻrsatib qoʻymoqchisan, shimingning balogʻini turib olasan. Gals¬tuk boʻyningda salqi osilgan.

Koʻhna tutning soyasida singilchang oʻynab oʻtiribdi. Tagida eski olacha. Qoʻgʻirchoqlari choʻpdan, kiyimi – latta-putta. Boʻshagan atir shishasiga havasakka suv toʻldirib olgan. U: “Akam keldi!” – deb oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi, boʻyningdan quchadi. Olib kelgan ikkita xoʻrozqandingdan boshi koʻkka yetadi. Bilmaydiki, buni uyoqlarda… nazariga ham ilishmaydi.

Onang peshvoz chiqadi, necha yildirki senga qadrdon boʻlib ketgan koʻylagi bilan, qalampirmunchoq hidini tuyasan. Qarshingda loysuvoq uying. Kuni bilan qizib yotgan tuproq kechqurun suv sepilgach, yoqimli hid taratadi. Sal chang tegsa, ustini oʻn marta qoqadigan shaharliklar bu hovlini koʻrsa, nima qilishar ekan – oʻylaysan…

Quyoshning botishini kuzatib oʻtirarkansan, iting kelib yaltoqlanadi, qoʻlingni yalayveradi, dumini likillatadi, kuni kecha sen boshligʻingga elanganing kabi. Kechasi otang kirib keladi. Oʻylab qolasan, kuyovligidan keyin biror marta yangi kostyum kiyganmikin? Padari buzrukvoring Toshkentning tinchligidan soʻraydi.

Tezda qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ yigʻiladi. Dasturxonda non, qatiq, chakki, sarimoy, meva… Kunning qahramoniga aylanib ketasan. Shahar haqida aytilgan gaplarni xuddi kino koʻrganday tinglashadi. Mutlaq haqiqatday qabul qilishadi. Bu gaplar esa ogʻzingning bir chekkasidan chiqib ketaveradi. Toshkentga qachonlardir borgan togʻang sen bilan metro haqida tortishadi. Boshqalar kimga qoʻshilishini bilmay hayron. Onaizoring senga tikilib-tikilib oladi, xuddi tush koʻrayotganday…

Qishloq odamlarining yuragi kabi keng, cheksiz osmon tagiga joy solinadi. Shahar va qishloq qizlarini solishtirib koʻzing ilinadi. Bir uygʻonsang, onang boshingda oʻtiribdi, sochingni silab. Otang ertaga bozorga chiqish uchun tayyorgarlik koʻrish kerakligini aytadi. Senga berib yuborish uchun pul kerak. Qoʻy sotishmoqchi.

Ertalab tursang, sutli choy tayyor. Ukang yirtiq tufli bilan maktabga bormayman, deb xarxasha qilyapti. Onang qoʻshnilarnikiga chiqib ketgan, oyoq kiyim izlab. Singling ikki paqir suv koʻtarib kelib qoladi, qishloqning narigi chekkasidan.

Chiqib ketasan. Joʻralar, doʻstlar davrasi. Dalani, togʻni aylanasan, maktabga borasan, domlalarni yoʻqlab. Uyda koʻzi toʻrt boʻlib seni kutib oʻtirgan boʻlishadi. 

Tong. Safaring qaridi, endi shaharga qaytish kerak. Onang boshqalarga bildirmay, senga qarab-qarab oladi. Uzoqdan avtobus koʻrinish beradi. Momong qoʻlini duoga ochadi. Uzun duodan soʻng oʻn-oʻn besh juft qoʻl yuzni silaydi. Avtobus toʻxtamay oʻtib ketadi. Qoʻshni xotinlar haydovchini qargʻab qoladi. Yana duo. Navbatdagi avtobusga amallab chiqib olasan…

Koʻzing oʻngida onangning termilgan nigohi, momongning nuroniy chehrasi, eski atir idishini koʻtarib yurgan singling, yangi tufli deb xarxasha qilayotgan ukang, seni deb duoga koʻtarilgan qoʻllar… Qulogʻing tagida bobongning nasihatlari jaranglaydi.

Senga ancha masʼuliyat yuklab qoʻyishdi. Otang esingga tushadi: eng soʻnggi pulini ham farzandlarini ilmli qilishga sarflagan tanti oʻzbekning siymosi emasmi?

…Nimadir orqada qolib ketganday boʻlaveradi. Qoʻlingni sumka ichiga tiqib koʻrasan: “Ha, shu yerda turibdi!”

Farruh JABBOROV, yozuvchi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?