Qaytimga mahsulot olmaslikka haqqingiz bor!

19:13 06 Dekabr 2018 Jamiyat
157 0

Arxiv foto

 

Markaziy bank va Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi qoʻshma murojaat bilan chiqdi

Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qoʻshma murojaat bilan chiqdi.

2018 yilning iyul oyidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 soʻmlik tangalar muomalaga chiqarilgan.

Bildirilishicha, Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 21-moddasiga asosan sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Shu sababli, xarid qilingan tovarlar boʻyicha qaytim oʻrniga sotuvchi tomonidan kam baholi turli tovarlarning qaytarilishidan norozi boʻlinsa:

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 raqamli “ishonch telefoni”ga murojaat qilish soʻraladi.

Shuningdek, tadbirkorlarga ham murojaat qilingan.

Qayd etilishicha, savdo doʻkonlari, supermarketlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, dorixonalar, transport va maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari xaridorlarga qaytim pullarini toʻliq berishni taʼminlash maqsadida, mayda qiymatdagi tangalarni olish yuzasidan xizmat koʻrsatuvchi bank filiallariga murojaat qilishlari lozim.

Oʻz navbatida, aholi bilan naqd pulda hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi xoʻjalik subyektlari tijorat banklari orqali:

- bankdagi depozit hisob varaqlaridagi mablagʻlari doirasida mayda qiymatdagi tangalar bilan taʼminlab beriladi;

- banknot koʻrinishidagi naqd pul mablagʻlarini mayda qiymatdagi tangalarga almashtirib olishlari mumkin boʻladi.

Tadbirkorlik subyektlari murojaatlariga asosan banklardan 50, 100, 200, 500 soʻm qiymatdagi tangalarni olishda muammolar yuzaga kelganda, Markaziy bankning (71) 200-00-44 raqamli “ishonch telefoni“ga murojaat qilishlari mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?