“Qaytim? Qanaqa qaytim? Bor-yoʻgʻi ellik soʻm uchun pastkashlik qilayotganiga qarang?” Yoxud halollikning bahosi bormi?

14:54 11 Mart 2020 Jamiyat
159 0

Bugun yurtimizning qaysi goʻshasiga bormaylik, yuqori darajada xizmat koʻrsatadigan ishlab-chiqarish korxonalari, katta-kichik supermarketlarga koʻzimiz tushadi. Endi savdo peshtaxtalarini toʻldirish uchun dunyoning yetti iqlimidan isteʼmol mollarini axtarib, ovora boʻlishga hojat yoʻq. Tadbirkorlarning oʻzi konserva mahsulotlaridan tortib, qandolat, salqin ichimliklargacha yuqori darajada qadoqlab, elimiz dasturxoniga yetkazib bermoqda. Oʻzbekiston dalalarida yetishtirilgan mevalarni aytmaysizmi? Mazasi va sifatiga gap boʻlishi mumkin emas. Shunga qaramay, baʼzilarning “Betimning qattigʻi, jonimning huzuri“, deb ayrim masalalarda gʻirromlik qilayotganiga hayron qolasiz. Mana, bir misol.

Yaqinda Chilonzor savdo doʻkonlarining biriga tushgandik. Hisob-kitob paytida bir bolakay kassa yonida uzoq turib qoldi. Hammani hayratga solgan manzara shu boʻldiki, bolakay kassa hisobchisidan qaytimini olish uchun sargʻayib oʻtirardi.

-- Qaytim? Qanaqa qaytim? Bor-yoʻgʻi ellik soʻm uchun pastkashlik qilayotganiga qarang? — deya savdo xodimasi hamkasblariga qaradi.

Bolani nohaq kamsitayotganiga chidolmasdan xaridorlar:

-- U sizdan qaytimini soʻrayapti. Unga qurut yoki saqich emas, qaytimini bering, -- deyishdi.

Kassachi boshqalar bilan bahslashib oʻtirishga vaqti yoʻqligini aytib:

-- Biz topshiriqni bajaradigan xodim boʻlsak. Mana, qaytim, endi savdo yoʻlini boʻshatib qoʻying, -- deya shunday xijolatli vaziyatdan xamirdan qil sugʻurgandek chiqib ketdi. Bu qizning taʼmagirligi-yu, dilozorligini ifodalash qiyin. Shirin yolgʻondan achchiq haqiqat yaxshi, deganlaridek odam ham har xil boʻlarkan. Kimdir luqmasini halollash uchun ne-ne mashaqqatlarni yengib oʻtsa, boshqasi yengil hayot kechirish uchun yolgʻonni yoʻlboshchisiga aylantirib olgan. Boshqa savdo doʻkonlari, bozorlarda tosh-tarozu, puldan oshkor uradigan savdo xodimlarini uchratganimizda halollik noyob fazilatga aylanib borayotganidan tashvishga tusharkansan, kishi. Toʻgʻri, insof, diyonat, halollik haqida har kim oʻz tushunchasiga ega. Ammo inson qadr-qimmati moddiy boyliklar emas, odamgarchilik bilan oʻlchanadi.

--Halollik bor joyda baraka boʻladi, -- deydi Qatortoldagi “Pimak” savdo doʻkoni rahbari Shamsiddin Rustamov. -- Savdo-sotiq sohasida ancha yillardan beri faoliyat koʻrsatib kelmoqdamiz. Avval Turkiya, Italiyadan sanoat sohasiga oid texnikalardan tortib, jihozlarigacha olib kelganmiz. Hozir shu tovarlarni oʻzimizda ishlab-chiqarishga harakat qilyapmiz. Ertalabdan kechgacha oʻz biznesimiz bilan mashgʻulmiz. Xaridorlarni koʻrib turibsiz. Savdo doʻkonlari oʻrtasida raqobat kuchayib boryapti. Respublikamiz boʻylab “Pimak” brendi asosida savdo filiallari, ishlab-chiqarish korxonalari ochishga harakat qilyapmiz. Eng sifatli texnika vositalarini ishlab chiqarish uchun chet ellik ishbilarmonlar, tadbirkorlar, sotuvchilar bilan mustahkam aloqa oʻrnatganmiz. Oʻzim halol oilada tarbiya topganman. Masul xodimlardan tortib, ishchilargacha qoʻli “toʻgʻri“ boʻlishini nazorat qilaman. Biznes sohasining oʻzi halollik, toʻgʻrilikni talab qiladi. Birgina, noxolislik katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Xalqimizda ixlos, degan gap bor. Shunga xiyonat qilmasak, topganimizga baraka yogʻilaveradi.

Keyingi paytda mamlakatimizda tadbirkorlik sohasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jamiyatimizda tadbirkorlarning huquqiy erkinlarini kafolatlash va biznes rejalarini amalga oshirish uchun koʻplab imtiyozlar yaratilgan. Lekin bu imkoniyatlarni suiisteʼmol qilish uchun hech kimga huquq berilmagan. Bozor, raqobat, daromad degani oʻz yoʻliga. Biz insonmiz. Tirikchilik deb odamiylikni unutib qoʻymaylik.

Adiba Umirova,

“Xalq soʻzi“.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?