Qayta jilolanayotgan Termiz

11:25 06 May 2019 Jamiyat
375 0

Olib borilayotgan xalqchil siyosat, inson omilini ulugʻ tamoyili nafaqat poytaxtda, balki, hududlar hayotida ham oʻz ifodasini topib, tub oʻzgarish va yangilanishlar koʻlami kengayib boryapti. Chunonchi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan jadal islohotlar pirovardida jamiyat tubdan yangilanib, odamlar qalbi, ongu tafakkuri, shuurida, kundalik turmushi-yu, hayotida yangi bir hayot nafasi ufurmoqda. Ayni jarayonlarga uygʻun ravishda bunyodkorlik, yurtni obod etish ishlari ham yangi bir pallaga kirdiki, koʻz oʻngimizda eng chekka qishloqlar, mahalla-ovullar, shaharu kentlarimiz yangi qiyofa kasb etib, tanib boʻlmas darajada oʻzgarib bormoqda.

Bunday oʻzgarishlar Surxondaryo viloyatining maʼmuriy markazi Termiz shahrida aytish mumkinki, rivojlanishning yangi davrini boshlab berdi. Binobarin, Sharqning qadimiy shaharlaridan biri Termiz oʻtmishda ham yuksak sivilizatsiyalashgan, Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan yirik savdo va madaniy markaz sifatida Gʻarbu Sharqni bir-biriga bogʻlab kelgan. U Sugʻdiyona, Xorazm, Margʻiyona va Parfiya kabi koʻhna shaharlar qatori yurtimiz va jahon tarixida alohida oʻringa ega. Tarix silsilasida gohida vayron, gohida obod boʻlgan Termiz bugun mamlakatimizning janubdagi gavhari, zamonaviy megopol shaharga aylanib bormoqda. Taʼbir joiz boʻlsa, Termiz tarixi goʻyo oq qogʻozda yangidan bitilayotir...

Davlatimiz rahbari Surxondaryoga ikki marotaba amalga oshirgan tashriflari chogʻida Termiz shahrini zamonaviy shaharsozlik talablari asosida qayta qurish,odamlar uchun qulay turmush sharoitlarini yaxshilashga doir amaliy taklif va tavsiyalarni bildirgandi. Shunga koʻra, qabul qilingan davlat dasturlari izchil amalga oshirilmoqda. Bugun butun shaharni yirik qurilish maydoniga qiyoslash mumkin. Shaharda qad rostlayotgan koʻp qavatli uy-joylar, madaniy-maishiy inshootlar, shuningdek, kommunikatsiya tarmoqlarining yangidan bunyod etilishi tufayli koʻhna keng yuksalib, koʻrkamlashib bormoqda. Jumladan, davlat dasturi asosida shaharda 2017-2018 yillarda tijorat banklari kredit mablagʻlari hisobida 62 ta koʻp qavatli uy-joylar barpo etildi. Shu bilan birga yosh va ehtiyojmand oilalar uchun 2017 yilda 5 ta,2018 yilda 10 ta jami 630 xonadondan iborat 7 qavatli qavatli uy-joylar qurilib foydalanishga topshirilgan boʻlsa,joriy yilda yana 10 ta ana shunday uy-joylarni qurish ishlari boshlangan.

- Bugungi shahar koʻchalarini kezarkanman, gʻururim joʻshib, ichimga siqmay ketaman, - deydi mehnat faxriysi Abdulla Xolmirzayev. –Shaharning shunchalik oʻzgarib borayotganini koʻrib, uning oʻtgan asrning 50-60 yilgi qiyofasini koʻz oldimga keltiraman. Sobiq tuzum davrida eʼtiborsiz qoldirilgan kichik harbiylashgan shaharchada odamlar haminqadar kun kechirar, tor koʻchalar, pastqam, koʻrimsiz uylar shahar emas, xuddiki, qishloq hayotini aks ettirardi.Yirik shaharlarga borganimda, jonajon Termiz shahrimizdagi qoloq hayotni yana ham aniq-tiniq his etardim. Rosti, koʻrimsiz, xaroba koʻchalar, oddiy maishiy sharoitlari yoʻq shaharni shahar deyishga tiling bormasdi. Bugun esa kun sayin obod boʻlib, yangilayotgan Termiz qiyofasi mening hayratim va havasimni oshirib, dilimda shukronalik, minnatdorlik tuygʻularini joʻsh urdirmoqda.

- Oilada toʻrt oʻgʻilmiz, - deydi termizlik Sherzod Qodirov. – Oila qurib, ikki farzandim dunyoga kelgach, oʻzimizning uyimga ega boʻlish orzusi dilimga joylashib oldi. Shahrimizda koʻp qavatli arzon uy-joylarning qad rostlashi, bu niyatimizga tez va osongina yetishdim. Shahar markazidagi 7 qavatli uyga koʻchib kelib, toʻkin, farovon hayot kechirayotganimizga bir yildan oshdi. Keng va yorugʻ xonalar, qulay maishiy sharoitlarga ega xonadonimizda oilam quvonchi, farzandlarim baxtini koʻrib quvonaman! Men kabi imtiyozli shartlar asosida uzoq muddatli kredit asosida yangi uy-joyga ega boʻlayotgan yosh oilalar koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklar uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Darhaqiqat, oiladagi tinchlik, xotirjamlik, farovon turmush tarzi baxtli hayot kechirishning muhim sharti. Ayni jihatlar inobatga olinib, oʻtgan yili Termiz shahrida 19 ta 3 qavatli arzonlashtirilgan uy-joylar qurilib foydalanishga topshirildi. Bu esa yuzlab oilalarga qulay turmush sharoitlarini yaratib berdi. Bundan tashqari, Termiz shahrida 2017 yilda harbiy xizmatchilar uchun 3 ta 54 xonadonli uy-joylar qurilgan boʻlsa, oʻtgan yana 90 xonadonli xizmat uylari harbiy xizmatchilarga topshirildi. Milliy gvardiya xodimlari uchun 30 xonadonli, Favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlari uchun 30 xonadonli, Ichki ishlar xodimlari uchun 2 ta 60 xonadonli, DDX xodimlari 3 ta 90 xonadonli, Teatr xodimlari 1 ta 50 xonadonli, Universitet professor oʻqituvchilari uchun 2 ta 64 xonadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Ijroiya hokimiyati va davlat idoralarining hududiy boʻlinmalari rahbarlari uchun Termiz shahrida 25 ta xizmat uy-joylari qurildi.

- Termiz shahrining yangi Bosh rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, davlatimiz rahbari tomonidan Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, - deydi Surxondaryo viloyati hokimining qurilish ishlari boʻyicha oʻrinbosari Alisher Amirov. – Jumladan oʻtgan yili viloyatimizga yoʻnaltirilgan jami kapital qurilmalar hajmi 6 trillion 110 milliard soʻmdan ziyodni tashkil etdi. Pudrat ishlari esa 2 trillion 400 milliarddan oshdi. Aytish kerakki,vohamizdagi qurilish-bunyodkorlik ishlarining katta qismi Termiz shahrida amalga oshirilyapti. Xususan,Termiz shahrida 700 oʻrinli “Sanʼat saroyi“ va 3000 oʻrinli “Amfiteatr” binolari qurilib, xalqimiz xizmatiga topshirildi. Shahardagi “Baxt bogʻi“ni rekonstruksiya qilindi. Viloyat musiqali drama teatri binosi qoʻgʻirchoq teatriga aylantirildi. Ayni paytda esa yana bir muhtasham inshoot – viloyat “Oʻlkashunoslik“ muzeyi foydalanishga taxt holga keltirildi.

Termiz shahrida umumiy qiymati 4 milliard 370 million soʻmlik 250 oʻrinli yangi dehqon (oziq-ovqat) bozorini qurish ishlari amalga oshirilgan boʻlsa, shaharning Alisher Navoiy va 7-7 loyihadagi koʻchalari kesishuvidan umumiy qiymati 104 milliard soʻmlik “Yashil dunyo bozori” majmuasini qurish ishlari davom etmoqda.

Shuni ham aytish kerakki, Prezidentimiz topshirigʻiga binoan, Investitsiya dasturi asosida 2017 yilda Termiz shahrida jami 10 ta, 2018 yilda 15 ta ijtimoiy soha obyektlarini qurish va kapital taʼmirlash uchun Respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan 42 milliard 408,9 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. -------

Termiz shahridagi qurilish ishlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ham jalb etilib, 2018-2019 yillarda “AFGAN-GERMAN COMPANY” Ltd qoʻshma korxonasi tomonidan loyiha qiymati 10.0 million AQSH dollaridan iborat boʻlgan zamonaviy koʻp qavatli uy joylarni qurish ishlari boshlandi. Shuningdek, shahar hududida mahalliy tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari hisobidan 20 ta 5, 7, 8 va 9 qavatli turarjoy binolarini qurish ishlari amalga oshirilyapti.

Termizni sanoatlashgan markazlardan biriga aylantirish koʻzda tugʻilgan holda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha jami loyiha qiymati 377 milliard 489 million soʻmlik 68 ta loyihalarning amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, shuning natijada 1561 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilangan. Servis va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish boʻyicha 150 ta loyihalarning amalga oshiriladi.

Mahalliy va xalqaro turizm istiqbollarini taʼminlash uchun 6 ta yangi mehmonxonalar barpo etilyapti. Koʻchalarni obodonlashtirish, shaharga jozibador koʻrinish kasb etuvchi tashqi reklama vositalari hamda rang-barang tungi yoritgichlar oʻrnatilishi barobarida Termiz shahriga kirib keluvchi xalqaro va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllari tubdan taʼminlanmoqda. Xususan, 34,6 km. markaziy va kichik halqa yoʻllari kapital-rekonstruksiya qilindi, 174,0 km mahalla ichki yoʻllari joriy taʼmirlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda Surxondaryo viloyatiga tashriflari chogʻida bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida hozirda Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi barpo etilib,markazda faoliyat olib boruvchi olim va mutaxassislar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida barcha qulayliklarga ega 5 ta kotej tipidagi xonadonlar qurildi, 2 ming kishiga moʻljallangan yangi masjid binosi, mehmonxona kompleksi va otalar choyxonasini qurish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Amalga oshirilayotgan bunday tub islohotlar, jamiyat hayotining barcha jabhalardagi oʻzgarishlar avvalo inson omili, uning baxtli, saodatli hayotining kafolati boʻlib xizmat qilyapti. Bu oʻz navbatida, odamlarda oʻz hayotidan mamnunlikni, ertangi kunga boʻlgan yuksak umid va ishonchni yanada orttirmoqda.Oʻz taqdirini Vatan taqdiri bilan chambarchas bilgan odamlar koʻnglidagi koʻtarinkilik, baxtiyorligu shodmonlik ularning yuksak taraqqiyot sari intilishlariga beqiyos kuch-quvvat baxsh etmoqda.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?