Qayta kashf etilayotgan Mirzacho‘l

09:45 24 May 2018 Jamiyat
242 0
Foto: Uzbekistan24.uz

Mirzacho‘l tumanining o‘alaba mahallasi “Obod qishloq” dasturiga ko‘ra qayta chiroy ochayotir. Bu yerda qurilish ishlari uchta massivga bo‘lingan holda olib borilmoqda. Mahalladagi, xalqona tilda aytganda, “barak” uylardan 54 tasi va ularning atrofidagi noqonuniy inshootlar buzib tashlandi.

— Yangi qurilayotgan turarjoylarga, birinchi navbatda, uyi buzilgan, kam ta’minlangan oilalar ko‘chib kirishi aholini xursand qilayapti, — deydi ushbu mahallaning Do‘stlik ko‘chasida yashovchi mehnat faxriysi O‘razali Isoqov. — Uylari buzilgan 315 xonadonda 1 ming 266 nafar mahalladoshimiz istiqomat qilardi. Endi ular ko‘rkam hamda shinam uylarga bosqichma-bosqich ko‘chib o‘tishadi.

Mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari boshlanganidan buyon 40 ta ikki qavatli uyning eskirgan tom qismi to‘liq yangilandi. Uylar oldidagi kimdir xom g‘ishtda, kimdir eski tunukada o‘rab olgan “hovlichalar”, tovuqxona, tandirxona, garaj hamda rejasiz qurilgan boshqa inshootlar olib tashlanib, atrofi obodonlashtirildi. Hozirgi kunda bu uylarning 36 tasi to‘liq ta’mirdan chiqarildi.

— Odamlar uchun uydan tashqari yordamchi binolar ham zarur, albatta, — deydi tumandagi “o‘alaba” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilbar Qulmatova. — Shuning uchun buzilgan inshootlar o‘rniga zamonaviy asosda 13 ta tandirxona, o‘choq hamda o‘tinxonalar qurib berildi. Qolganlarida qurilish ishlari davom etmoqda. Bularning barchasi odamlar yashash tarzini yaxshilash, madaniyatini o‘zgartirishda muhimdir.

O‘zbekchilikda yana bir an’ana bor: ertangi kunimizga asqatadi, farzandlarimiz to‘ylariyu yaxshi kunlarida ishlatamiz, deb bir-ikki bosh qoramol, qo‘y-qo‘zi boqamiz. Ana shu jihatlar ham dasturda hisobga olingani diqqatga sazovor. Hozirgi kunda ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholining istaklari asosida 100 bosh qoramol va yana shuncha qo‘y-echki uchun mo‘ljallangan chorvachilik majmuasi qurilayotir.

Ayni paytda mahallada qurilish hamda obodonlashtirish ishlariga o‘nlab maxsus texnika va moslamalar, mutaxassis hamda ishchi kuchi safarbar qilingan. Poytaxt va viloyat markazidan sement, taxta, shifer singari qurilish materiallari ortilgan mashinalar karvoni paydar-pay kelmoqda. Mahallaning muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yangilash ham dasturdan o‘rin olgan.
— Mahallada elektr energiyasi bilan bog‘liq masalalar yechimiga alohida e’tibor qaratilmoqda, — deydi Jizzax viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Baxtiyor Ibragimov. — Bir nechta maxsus texnikalarimiz tunu kun navbatchilik asosida ishlab turibdi. Bugungi kungacha 112 ta temir-beton tayanch ustun o‘rnatildi, 11,45 kilometr uzunlikda elektr uzatish tarmoqlari tortildi. Bitta yangi transformator punkti o‘rnatilib, to‘rttasi qayta ta’mirlandi.

Shuningdek, mahallada 11,1 kilometr ichimlik suvi quvurlari tortildi, 22 dona ichimlik suvi qudug‘i yangilandi, to‘rtta kanalizatsiya qudug‘i tozalandi. Ko‘chalarni kengaytirish, yaroqsiz holga kelib qolgan beton ariqlarni almashtirish, yangilarini qurish, yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar barpo etish ishlari ham qizg‘in olib borilmoqda. Buning uchun mahallaning asosiy O‘zbekiston ko‘chasini kengaytirish maqsadida 1,3 kilometr masofada qazish va yer tekislash ishlari olib borildi, 1902 metr yangi lotok o‘rnatildi, 2 ming tonnaga yaqin qum-shag‘al aralashmasi yotqizildi.

Mahallada uy-joy qurish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Tuman bandlikka ko‘maklashish markazi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga vaqtincha ishsiz bo‘lganlar va yoshlarni jalb qilishi natijasida zarbdor quruvchilar, yoshlardan iborat otryadlar shakllantirildi. Pirovardida 400 nafar fuqaro ishli bo‘ldi. Qolaversa, uy bekalari hamda kollejlarning 200 nafar o‘quvchisi tikuvchilik, bichuvchilik hamda to‘quvchilik kasblariga tayyorlandi.

— Dastur doirasida 200 o‘rinli korxona tashkil etilib, 145 ta tikuv mashinasi bilan jihozlandi, — deydi “Mirzacho‘l tikuvchilik majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sirojiddin Nazarov. — Qisqa vaqtda tashkilotlardan buyurtmalar ham kela boshladi. Ayni paytda 1 milliard so‘mlik fartuk, 250 million so‘mlik maxsus kiyim-boshlar uchun buyurtma oldik.

Aholi salomatligini tiklash, tibbiy madaniyatni shakllantirish muhim masalalardan hisoblanadi. Shu bois faol xotin-qizlar, tibbiyot vakillari xonadonlarda muloqotlar o‘tkazayapti. Shu asnoda mavjud masalalarni joyida hal etish yuzasidan amaliy ishlar olib borilayotir.

Lekin o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, hali qilinadigan ishlar juda ko‘p. Shu bois ham loyiha doirasida qishloq aholisini to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga aravachalar, eshitish moslamalari va protez-ortopediya buyumlari yetkazib berishni tashkil etishga katta ahamiyat qaratilmoqda.

Qisqasi, “Obod qishloq” dasturi qishloqlarni obod qilish, aholi turmush darajasini yanada oshirish, yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni hal etish orqali odamlarning hayotiga yangicha ma’no-mazmun kiritayapti.

Tolibjon ERGASHEV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?