Qaysi yoʻnalishdagi ishlar saylovchilar kutgan darajada amalga oshirilmayapti? — OʼzLiDeP Siyosiy Kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

12:36 11 Sentyabr 2020 Siyosat
220 0

Joriy yilning 11-sentyabr kuni OʼzLiDeP Siyosiy Kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida partiyaning Kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy sarhisob qilindi va galdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Taʼkidlanganidek, hayotning oʻzi bugun oldimizga kechiktirib boʻlmaydigan juda muhim vazifalarni qoʻymoqda. Shunday boʻlishi tabiiy. Negaki, mamlakatimiz ayni paytda rivojlanishning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda “...Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston — kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.

Qoʻyilgan maqsadlarga albatta erisha olishimizga esa hech bir shubha yoʻq. Bu qoʻyilgan maqsadning tub negizida olijanob bir intilish – shu yurtda yashayotgan insonlar hayotini tubdan yaxshilash, ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini har tomonlama taʼminlashdek intilishlar yotibdi. Bugun “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyili mamlakatda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyatiga singib ulgurdi. Aynan inson manfaatlari mamlakatimizni uchinchi renessansga tomon boshlovchi bosh gʻoyaga aylandi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Jamiyat hayotida tub burilish davri boʻlmish bunday pallalarda barchani oldinga, yangi ufqlarga boshlovchi oʻziga xos yetakchi qatlam — jamiyat lokomotivlari alohida rol oʻynaydi.

Yurtimiz taraqqiyotida mutlaqo yangi sifat darajasini boshlab berayotgan bugungi masʼuliyatli pallada oʻzining yaratuvchanlik qobiliyatini bilan nafaqat oʻz oilasini, balki butun jamiyatning farovonligini taʼminlashga, dasturxonini toʻkin qilishga xizmat qilayotgan qatlam boʻlmish tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlar qatlami jamiyatning ana shunday lokomotiviga aylangani sir emas.

Bu esa aynan shu qatlam nomidan Oʻzbekiston siyosiy sahnasida faoliyat yuritayotgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi oldida juda katta masʼuliyatli vazifalarni qoʻyishi aniq.

Chunki bugun jamiyatning yetakchi kuchiga aylangan – lokomotiv qatlam vakillariga jamiyat va xalq oldidagi oʻz tarixiy missiyasini uddasidan chiqishi, mamlakatimizni taraqqiyotning mutlaqo yangicha, innovatsion bosqichiga oʻtishini taʼminlashi uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka, qishloqlarda esa fermerlik harakatiga keng yoʻl ochilishini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshishi kerak.

Partiya tuzilmalari tomonidan oʻtgan davrda qilingan ishlar sarhisob qilinar ekan, masalaga ana shunday yondashish va shu asosda aniq va taʼsirchan chora-tadbirlarni amalga oshirishi lozimligi taʼkidlandi. Bunda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investorlar uchun investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportga moʻljallangan mahsulot va materiallar ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy prinsiplari va mexanizmlarini joriy etishni qamrab oladigan vazifalar aniq aks etishi lozimligi alohida aytib oʻtildi.

Bu borada partiya Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini sifatli va samarali amalga oshirish ham nihoyatda muhim. Xususan, “Har bir oila – tadbirkor” degan olijanob gʻoyani izchillik bilan hayotga tatbiq etish, jamiyatda faol tadbirkorlik madaniyatini shakllantirish, maktabdan boshlab oliy taʼlim muassasalarida ham tadbirkorlik darslarini oʻtish, Tadbirkorlar akademiyasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, sohaga qiziqayotgan yoshlar uchun esa konsalting markazlarini tashkillashtirish shular jumlasidandir. Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan ishlarni tanqidiy koʻrib chiqib, bu borada yangi strategiya va yondashuvlar asosida ish yuritish maqsadga muvofiqdir. Ochigʻi ushbu yoʻnalishda qilinayotgan ishlar saylovchilar kutgan darajada amalga oshirilyapti, deb ayta olmaymiz.

Yana bir kechiktirib boʻlmas muhim masala bu – Tadbirkorlik va Investitsiya kodekslarini tezroq ishlab chiqishdir. Binobarin, tadbirkor va investorlar uchun oddiy, tushunarli va yaxlit qonunchilik asoslarini yaratish partiya faollarining bu boradagi ishlarni tizimli va sifatli tashkil etishiga bogʻliq.

Muhokamalar davomida partiyaning eng muhim boʻgʻinlaridan biri boʻlgan “Yoshlar qanoti” faoliyatini takomillashtirish, partiyaga yoshlarni keng jalb qilish uchun oliy taʼlim muassasalari, yoshlar tashkilotlari bilan tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish masalasi ham koʻrib chiqildi. Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak, 2020-yil 1-sentyabr holatiga “Yoshlar qanoti” tarkibida 390 130 nafar yoshlar birlashgan boʻlib, ular jami partiya aʼzolarining 52 foizini tashkil qilmoqda. Sifat tarkibiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 181 978 nafari (46%)ni talabalar, 20 869 nafari (5,6%)ni maʼmuriy boshqaruv idoralarida, 26 931 nafari (7%)ni taʼlim sohasida, 23 931 nafari (6,3%)ni fermerlik, 82 131 nafari (22%)ni tadbirkorlik va 54 290 nafari (14%)ni boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi yoshlardan iborat.

Partiya oldida turgan asosiy vazifa faol yoshlarni bir gʻoya atrofida jipslashtirib, partiyaning targʻibot-tashviqot ishlarida keng va samarali foydalanishning yangicha mexanizmini yaratishdan iborat. “Yoshlar qanoti” faoliyatini mutlaqo yangicha talablar asosida qayta koʻrib chiqish, partiya aʼzolari safini bilimli, vatanga sodiq, shijoatli yoshlar bilan kengaytirish, ularning salohiyati hamda intilishlarini faol qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan aniq dasturiy chora-tadbirlar “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Shu asosda ishlar tizimli tashkil etilsa, yoshlar bilan ishlash, ular bilan doimiy hamkorlik oʻrnatilsa, partiya kelajagiga sarmoya kiritiladi.

Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, soʻz va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror toptirish, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha boshlagan ishlarimiz ortga qaytmas tus olgani alohida taʼkidlandi.

Shu maʼnoda partiyaning ommaviy axborot vositalari bilan ishlash yoʻnalishidagi faoliyatini bugungi talablar asosida qayta koʻrib chiqish, uning veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, bloglari faoliyatini yana-da yaxshilash va jonlantirish, xususan, internet tarmogʻidan foydalanishning yangi usullarini joriy etgan holda partiya rahbariyati, fraksiya aʼzolari, hududiy tashkilotlari vakillarining veb-sahifalarida chiqishlari sonini koʻpaytirish ayni muddaodir. Zero OAV qilinayotgan ishlarni aholiga yetkazish bilan birga jamoatchilik nazoratining eng samarali usullaridan biri hisoblanadi.

OʼzLiDePning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi zimmasida ham masʼuliyatli vazifalar turibdi. Xususan, Harakatlar strategiyasi asosida qonun ijodkorligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini amaliyotga toʻlaqonli tatbiq etish, davlat rahbari tomonidan qabul qilingan Farmon va qarorlar asosida aholi va tadbirkorlarga berilgan imtiyozlarning joylardagi ijro etilishi holatini monitoringi olib borish, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi holatini tahlil qilish, qonun loyihalari yuzasidan partiya tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikda muhokamalarni izchil yoʻlga qoʻyish shular jumlasidandir. Qizgʻin muhokama, amaliy taklif va tavsiyalarga boy tarzda oʻtgan yigʻilish soʻnggida kun tartibidagi tashkiliy masalalar ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?