Qaysi hokim qayerda?

12:25 24 Avgust 2020 Jamiyat
551 0

Bugun idorada oʻtirib, buyruq berib ish bajaradigan payt emas. Manzillarda boʻlib, xalq ichiga kirib bormagan, ularning dardu hasratini tinglamagan, yashash uchun, mehnat qilishlari uchun yetarli sharoit yaratib bera olmagan rahbar oʻz-oʻzidan chetga surilib qolishi hech gap emas. Har bir lavozim egasiga fuqaroning oʻzi xolis baho berayotgan bir paytda eng avvalo, hokimlar yangicha ishlash tizimini oʻzlashtirishlari lozim. Bu borada vaziyat qanday? Ana shu savolga javob izlab Andijon viloyati boʻylab hokimlar faoliyati bilan tanishishni lozim topdik.

Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov faoliyatini zimdan kuzatgan kishi borki, uning asli idorasi bormikin, degan xayolga boradi. Boisi, tong otmasdan uzoq tumandagi dalada paydo boʻlgan viloyat rahbarini tushlikka yaqin, u chekkadagi tumanda ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishayotganiga guvoh boʻlasiz. Bu safar Fargʻona viloyati bilan chegaradosh Ulugʻnor tumanida uchratdik. Bir guruh yoshlar davrasidagi hokimning fikrlariga quloq solib amin boʻldikki, bu yerda “Yoshlar bogʻi” tashkil etilmoqda. Bogʻ bunyodkorligi uchun 30 dan ortiq texnik vositalar jalb etildi. Bunyodkorlikning 1-bosqichida 450 nafarga yaqin yoshlarning bandligi taʼminlanadi.

— Bu yerda har birimizga 3 gektardan yer maydoni ajratib berildi, —deydi yosh bogʻbon Farhodbek Ibrohimov. — Hudud choʻllikdan iborat boʻlgani bois, eng avval, suv taʼminoti yoʻlga qoʻyildi. Biz ham mavjud sharoitni inobatga olgan holda kam suv ichadigan yongʻoq, pista, bodom kabi mevali daraxt koʻchatlarini ekishni lozim topdik. Koʻchatlar orasida dehqonchilik qilib, daromad topish mumkin.

Asaka tumani hokimi Inomjon Mamadaliyevni “Yuksalish” MFYda uchratdik. Bu yerda aholini qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish maqsadida tashkil etilgan sayyor qabulga yuzlab fuqarolar tashrif buyurgan edi.

— Bir paytlar hokimiyatga borib, haftalab navbat kutib turardik, -deydi mehnat faxriysi Alijon ota Akbarov. — Bugun hokimlarning oʻzlari mahallamizga kelib, nima darding bor, deb turishibdiyu! Xolimizdan xabar olib, mahallamizdagi suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz taʼminotida uzilishlar boʻlmasligini aytdi. Kimgadir moddiy yordam beryapti, kimnidir ishga joylayapti. Bir soʻz bilan aytganda, hokim bolaga yolchiganimizdan qoʻlimiz duoda!

Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarovni topishimiz qiyin boʻlmadi. Viloyat markazining eng gavjum koʻchalaridan birida ijtimoiy koʻmakka muhtoj fuqaro bilan suhbat qurayotgan paytida uchratdik. Suhbat asnosida bilib oldikki, ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro Kimyoxon Joʻrayeva uysizligi bois farzandi Qamariddin Joʻrayev bilan birgalikda koʻchada tunab qolayotganligi toʻgʻrisidagi xabar eʼlon qilingan. Fuqarosining ogʻir ahvoldaligidan xabar topgan hokim mutasaddilarni yuborib, vaziyatga oydinlik kiritsa ham boʻlardi. Biroq, bunday qilmadi. Uning oʻzi fuqarolar huzuriga borib, ahvoli bilan tanishdi. Natijada ular salomatliklarini tiklash uchun tibbiyot muassasasiga yuborildi, yangi kiyim-boshlar taqdim etildi. Turar joy masalasi esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-sonli qaroriga asosan belgilangan tartibda oʻrganib chiqiladigan boʻldi.

Boʻston tumani hokimi Sadbarxon Mamitovani oxirgi marta oyogʻida erkaklar etigi bilan koʻrganliklarini eshitgan zahotimiz yoʻlimizni dalaga burdik. Har bir vaqtdan unumli foydalanadigan hokim opamiz bu paytda paxta yigʻim-terimiga tayyorgarlik ishlarini koʻzdan kechirib boʻlib, tumandagi ishlab chiqarish hajmini pasaytirgan korxonalarning holatini oʻrganishga kirishib ketgan ekan. Tuman xokimi tadbirkorlarni qoʻllab quvvatlagan xolda, faoliyatini tiklash uchun “Clean Trade Lux”MCHJga oʻz faoliyatini qadoqlash liniyalariga almashtirish taklifini kiritdi. Bundan tashqari «Oila akfa» va “Otash polvon dovrugʻi” MCHJlar uchun banklar tomonidan kredit mablagʻlari ajratish, “Boʻz non lazzat”, “Asl shirinlik” qolipli non ishlab chiqarish hamda milliy pishiriqlar tayyorlash korxonalariga ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish borasida oʻz koʻrsatmalarini berdi.

Xullas, qaysi hokimni izlab hokimiyatga borgan boʻlsak, birortasini ish joyida top olmadik. Yoʻgʻ-ye, ish xonasidan, desak toʻgʻri boʻladi. Axir, ularning ish joyi oʻzi faoliyat yuritayotgan tuman-ku! Eng muhimi, aksariyat hokimlar faoliyatidan hamyurtlarimiz minnatdor! El dardi bilan yashayotgan rahbar borki, fuqarosi roziligiga munosibdir. Ha endi, sal bundayroq hokimlar ham yoʻq emas... Ular haqida keyingi safar...

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?