Qaynoq choy saraton keltirib chiqarishi mumkin

15:50 28 Mart 2019 Jamiyat
225 0

Illyustrativ foto

Koʻp miqdorda qaynoq choy (yoki boshqa har qanday qaynoq ichimlik) ichish xavfli va katta ehtimol bilan qiziloʻngach saratonining rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin. 50 mingdan ziyod inson qatnashgan keng koʻlamli tadqiqot shunday xulosa bilan yakunlangan, deb xabar berdi BBC.

Tadqiqot Eronning shimoliy-sharqida boʻlib oʻtgan. Olimlar 10 yildan oshiqroq vaqt davomida 45 yoshdan 70 yoshga qadar boʻlgan qaynoq choy ichuvchi erkak va ayollarni kuzatib borganlar. Tadqiqot mobaynida ichimlikning harorati va isteʼmol qilinayotgan miqdori hamda piyolaga quyilishidan to ichilguniga qadar oʻtgan vaqt qayd etib borilgan.

Toʻplangan maʼlumotlar turli davlatlar va madaniyatlar koʻra farqlanadi. Maʼlum boʻlishicha, harorati Selsiy boʻyicha 60 darajadan yuqori boʻlgan ichimlik aksariyat odamlar tomonidan chidab boʻlmas darajada issiq choy sifatida qabul qilinadi.

Olimlar kelgan xulosaga koʻra, bir kunda harorati 60 darajadan yuqori boʻlgan choydan ikki piyoladan kam boʻlmagan miqdorda ichgan odamlarda qiziloʻngach saratoni rivojlanish xavfi buncha miqdorda choy ichmaydiganlardan koʻra ikki karra yuqori boʻladi.

AQSHda saratonning bu turi eng keng tarqalgan onkologik xastaliklar roʻyxatida sakkizinchi oʻrinni egallagan. Qiziloʻngach saratoni bilan kasallanish xavfi erkaklarda 1:132, ayollarda 1:455 nisbatni tashkil qiladi.

Biroq boshqa mamlakatlarda manzara umuman oʻzgacha. Masalan, Eron va Xitoyda qiziloʻngach saratoni ancha keng tarqalgan kasallik hisoblanadi. Bunga ovqatlanish madaniyati va chekish kabi omillar sabab, deya koʻriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?