Qahramonsan, sira oʻlmaysan!

15:23 29 Aprel 2020 Jamiyat
250 0

Xalqi uchun jon tikkan oʻgʻlon,

Bilgin aslo unut boʻlmaysan!

Yashagaysan qalblarda mangu,

Qahramonsan, sira oʻlmaysan!

1976-yilning 18-noyabri. Said aka va Roziya opa xonadonida farzand oʻgʻil dunyoga keldi. Oʻshanda Said aka turmush oʻrtogʻiga “Kelajakda shu oʻgʻlimizning sizga mehri boshqacha boʻladi” deb aytgandi. U haq boʻlib chiqdi. Afsuski, Samarqand viloyatining bir nechta tumanlarida xalq salomatligi yoʻlida xizmat qilgan tajribali jarroh Said aka Sayyorning onasiga, Ona yurtiga boʻlgan mehrini va sadoqatini koʻrish nasib qilmadi...

Bola boshidan...

Olti yoshida otasidan erta ayrilgan Sayyorning oʻsha paytda koʻnglidan nimalar kechganligi bizga qorongʻu. Ammo Roziya xolaning xotirlashicha, oʻgʻli taqdirning bu ogʻir zarbasini xuddi kattalardek qabul qilgan. Otasini qabrga qoʻyib kelgandan keyin meni mahkam quchib, qandaydir boshqacha yupatgandi deya eslaydi.

– Bolamning oʻshanda nima demoqchi ekanligini qalban anglab yetganman. Sayyorim chaqaloqligidan oʻzgacha xislatlar bilan otasi va meni koʻp hayratlantirgan. Bir safar uyimizga mehmonlar kelganda uning metin irodasiga guvoh boʻlganmiz. Mehmonlar bilan ovora boʻlib, Sayyordan xabar olish yodimdan chiqibdi. Kechki payt oʻgʻlimning harorati koʻtarilgani va kasal boʻlib qolganligini bildik. Murgʻak goʻdak boʻlishiga qaramay, shu ahvolida umuman yigʻlamagandi.

Yillar oʻtib farzandlarim otasining oʻrnini bosa oladigan qobil yigitlar boʻlib ulgʻayishdi. Sayyor oʻspirinlik paytida qoʻlidan kelgancha akasi va menga roʻzgʻorda yordam berishga harakat qilardi. Ishlab topgan pullarini menga keltirib berardi. Turmush oʻrtogʻimdan ayrilgan qiyin kunlarimda oʻgʻillarim menga suyanchiq boʻlganidan boshim osmonga yetgan...

Armon boʻlgan uchrashuv

Halok boʻlishidan sal avvalroq, gazetada Sayyorning “Jasorat” medali bilan taqdirlangani haqidagi xushxabarni oʻqib qoldim. Shundan keyin akasi Baxtiyor bilan uni koʻrish uchun Chirchiqqa bordik. Birga yashaydigan safdoshlari bilan bizni rosa xursand boʻlib kutib olishdi. Rosa sogʻingan ekanmi, bir necha kunga qolishimni iltimos qildi. Boshqa oʻrtoqlarini ham chaqirib, osh bilan mehmon qilmoqchiligini aytdi. Roʻzgʻor tashvishlari va ishlarim tufayli taklifini rad etganman. Endi oʻsha taklifni rad etganim bir umrlik armonim boʻlib qoldi. Endi esa Sayyor bilan bir martagina dasturxon atrofida oʻtirib ovqatlanish uchun, farzandimning hidini toʻyib-toʻyib hidlash uchun butun borligʻimdan kechishga tayyorman. Afsuski, vaqtni ortga qaytarib boʻlmaydi.

Surxondaryoda jangarilar bilan boʻlgan jangda bolaginam yurtimiz tinchligi yoʻlida koʻksini qalqon qildi. Oʻsha voqealarda u bilan birga boʻlgan doʻstlarining aytishicha, koʻksidan yaralanganiga qaramay, bir nechta dushmanni yoʻq qilgan. Oʻq yuragining tepa qismiga tekkanligi uchun koʻp qon yoʻqotishi natijasida gospitalda jon berganligini aytishdi…

Bolaginam kamtar boʻlishi bilan birga otasi aytganidek menga juda mehribon edi. Aslida “Jasorat” medali bilan taqdirlanganini meni xavotirga qoʻymaslik uchun erishgan yutuqlari uchun berilganligini aytgan ekan. Keyinchalik mukofotni quroldosh doʻstlari bilan Vatanimiz sarhadlarini buzib kirishga harakat qilgan jangari guruhni yoʻq qilishdagi xizmatlari uchun berilganligini eshitdim.

Sayyor oʻlmagan, Sayyorlar yashayapti

Taqdirning achchiq qismati yuragimni oʻrtasa-da, shunday qahramon farzandni tarbiyalaganimdan faxrlanaman. Negaki, uning doʻstlari qiyin damlarni unutishimda yonma-yon turib dalda berishdi. Ularning koʻpchiligi oʻgʻlimning jasoratidan faxrlanib, farzandlarining ismini Sayyor deb qoʻyganligini aytganlarida, Sayyor oʻlmagan, Sayyorlar yashayapti degan ishonch menga umid bagʻishlaydi. Shunday paytlarda farzandimning nomi avlodlar timsolida mangu yashayotganligi his qilaman.

Sayyorning jasoratidan taʼsirlangan xorazmlik mayor Hamdambek Shomuratov bilan ona-bola tutinganman. Hamdambek Surxondaryoda halok boʻlgan oʻgʻlonlar qahramonligini yana-da yaqinroq oʻrganishga qiziqishi tufayli menga xuddi oʻgʻlimday boʻlib qolgan. U 2015-yil Samarqandga xizmatga kelganida meni qidirib topdi. Turmush oʻrtogʻi Charosxonni kelinimday, ikki oʻgʻlini oʻz nevaralarimday yaxshi koʻraman. Baraka topkur Hamdambek bolam oilasi bilan tez-tez holimdan xabar olib turadi. Shunday paytlarda insonning ismi jismiga qanchalik mos kelishiga amin boʻlaman. Sayyor oʻgʻlim bugungi avlod timsolida qalblardan qalblarga koʻchib yurgan boʻlsa, Hamdambek hamisha quvonchli va qaygʻuli kunlarimda yonimda ekanligiga shukrona keltiraman.

Yaqinda kinorejissyor Hilol Nasimov tomonidan suratga olingan “Hayot” filmini tomosha qilib, Sayyorning oʻlmaganligiga yana bir marta amin boʻldim. Fattoh Nasimov ijro etgan roldagi qahramonni koʻrib, oʻgʻlim tirilib kelganday vaziyatga tushdim. Shu film namoyishidan keyin Fattoh bilan telefonda tez-tez gaplashib turibman. Hatto bir safar xuddi ona bolalardek yigʻlab ham oldik…

Roziya xolaning qalb iztiroblariga toʻla xotiralarini koʻzlarida yosh bilan esga olishini, qalbiga malham boʻlayotgan bugungi kun voqealarini koʻrib, eshitib qattiq taʼsirlandim. Hech bir ONA “Bolam” deb nola qilmasin, ekan. Osoyishta hayot yoʻlida jonini tikkan oʻgʻlonlarni voyaga yetkazib, ularning firogʻida yonib yashayotgan onalar qarshisida hamisha bosh egamiz.

Yoshlarga namuna boʻlgan jasorat

Vatan oldidagi xizmatlari uchun II darajali “Shon-sharaf” ordeni va “Jasorat” medali taqdirlangan maxsus guruh komandiri, leytenant Sayyor Sadinov kabi qahramonlarning jasorati kelajak avlod uchun namunadir. Chunki yuqorida tilga olingan voqealar tarixi, ularning qisqa hayoti va amali qalbida choʻgʻi bor har bir yoshni vatanparvarlik ruhida kamol topishiga xizmat qiladi.

Sayyor Sadinov taʼlim olgan Samarqand shahridagi 19-umumtaʼlim maktabida uning izdoshlari kamol topmoqda. Qahramonning byusti oʻrnatilgan mazkur taʼlim dargohida oʻqigan Jasur Davronov endilikda “Temurbeklar maktabi” oʻquvchisi hisoblanadi. U Sayyor Sadinovning jasoratiga, mardligiga havas qilgan.

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi, 9-may Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan samarqandlik harbiy xizmatchilar, faxriylar, viloyat mudofaa ishlari boʻlimi xodimlari hamda “Temurbeklar maktabi” vakillari Roziya xola xonadonida mehmon boʻlishdi. Shuningdek, ular Sayyor Sadinov oʻqigan maktabda ham boʻlib, qahramonlik va vatanparvarlik timsoli boʻlgan jasorat sohibiga bagʻishlangan tadbir uyushtirdilar. “Temurbeklar maktabi” oʻquvchisi Jasur Davronov va uning toʻrt nafar doʻsti yigʻilganlar qarshisida Sayyor Sadinov singari haqiqiy yurt oʻgʻloni boʻlishga ahd qilishdi. 

Asror ROʻZIBOYEV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?