Qahramon ERGASHEV: Elektr, gaz va suv hisoblagichlari qiyoslov koʻrigidan 8 yilda oʻtkaziladi

13:10 13 Sentyabr 2019 Jamiyat
513 0

Mamlakatimizda fuqarolarga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimi tubdan isloh qilinib, izchillik bilan takomillashtirilmoqda. Bu aholining hayot sifati, mamlakatning investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash imkonini bermoqda.

Joriy yilning 20-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Taʼkidlash joiz, ushbu hujjat davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Mazkur hujjat bilan aholiga bar qator qulayliklar yaratilyapti. Bugungi kunga qadar elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatish uchun ariza beruvchilar hududiy kommunal tashkilotlar binosiga kelib, hujjatlarni topshirib, bir necha kungacha boʻlgan muddatda hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan oʻtkazish va oʻrnatishda hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha murakkab tartib-taomillardan oʻzlari oʻtishga majbur edilar. Bu esa, oʻz navbatida, ushbu masalada aholiga ortiqcha ovoragarchilik holatlarini yuzaga keltirayotgan edi.

Endilikda, ushbu qaror bilan 2019-yil 1-noyabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlarining energiya manbalarini hisobga olish priborlarini qiyoslash bilan bogʻlik ishlarni amalga oshirish uchun murojaatlari Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali qabul qilinadi.

Ilgari hisoblagichlarni yechish uchun hududiy energiya taʼminot korxonalariga, hisoblagichni qiyoslashdan oʻtkazish uchun metrologiya xizmatlariga, hisoblagich nosoz deb topilsa, taʼmirlash korxonalariga va yana bir bor hududiy energiya taʼminot korxonalariga hisoblagichlarni qayta oʻrnatish uchun murojaat qilinar edi.

Yana bir muhim oʻzgarish bu hisoblagichlarni qiyoslash davriyligi bilan bogʻliq. Yangi tartibga asosan, hisoblagichlarning qiyoslashlararo muddatlari ikki baravarga uzaytirildi — elektr, gaz va suv hisoblagichlari jismoniy shaxslar uchun 8 yil, yuridik shaxslar uchun 4 yil qilib belgilandi.

Yangi tartibga binoan, hududiy taʼminot korxonalari hisobga olish uskunasini davriy tekshiruvdan oʻtkazishning amal qilish muddati tugashidan 30 kun oldin talabgorning hisobga olish uskunasini davriy tekshiruvdan oʻtkazish zarurligi haqida yozma ravishda ogohlantirish berishi zarurligi belgilab qoʻyildi.

Yana bir muhim masala — hisobga olish uskunasi talabgorning aybisiz vaqtinchalik buzilganda yoki qiyoslashdan oʻtkazish uchun yechib olinganda, yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob Byuroni xabardor qilgan holda, hisobga olish buzilishiga yoki qiyoslashdan oʻtkazishga qadar boʻlgan oldingi uch hisob-kitob oyidagi oʻrtacha sarf boʻyicha aniqlanadi. Hisob-kitobning bunday tartibi bir oydan ortiq qoʻllanilishi mumkin emas. Hisobga olish uskunasi bir oy muddatda oʻrnatilmagan hollarda hisob-kitob oʻrtacha sutkalik sarf boʻyicha amalga oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda, sohada amalga oshirilayotgan tizimli ishlar aholining davlat xizmatlaridan keng foydalanishini taʼminlash, ularni koʻrsatish bilan bogʻliq vaqt va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi.

Qahramon ERGASHEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?