Qayerda ipoteka kreditini 20 yilga foizsiz olish mumkin?

17:08 08 Avgust 2019 Dunyo
414 0

Daniyada ipoteka stavkalari tarixdagi eng past darajaga tushdi. Mamlakat tarixida birinchi marta mahalliy bank 0 foizli ipoteka kreditini 20 yilga taklif qilmoqda. Boshqa bir kreditor 10 yillik kreditlar uchun manfiy stavka belgiladi – yaʼni qarzdorlardan foiz olish oʻrniga ularga pul toʻlashga rozi boʻldi.

Bloomberg agentligining yozishicha, Daniyadagi Nordea Bank Abp 20 yilga nul foizli ipoteka krediti berishini eʼlon qilgan. Agentlikning qayd etishicha, bu mamlakat banklari tarixidagi birinchi shunday hodisadir. Bu haqja minbar.uz xabar berdi.

Bungacha, avgust oyining boshida Daniyadagi eng yirik ipoteka kreditori boʻlgan Realkredit Danmark 30 yilga yillik 0,5 foizlik ipoteka krediti berishni yoʻlga qoʻyayotganini maʼlum qilgan edi. Oʻtayotgan haftada esa Daniyadagi eng katta uchta bankning biri boʻlgan Jyske Bank tez orada manfiy stavkada (yillik -0,5 foiz) 10 yilga ipoteka krediti bera boshlashini eʼlon qildi, yaʼni bank bergan ipoteka krediti boʻyicha mijozdan foiz olish oʻrniga unga foiz toʻlaydi.

Daniya markaziy bankining kredit stavkasi 2015-yil yanvardan beri 0,05 foiz boʻlib turibdi.

“Ipoteka krediti boʻyicha Daniya tarixidagi eng past stavkalar bizda. Tarixda bunaqasi boʻlmagan”, – dedi “Realkredit Danmark”ning bosh iqtisodchisi Kristin Xiligsoy Xeynig The Copenhagen Post gazetasiga. “Bu ipoteka tarixidagi yangi sahifadir. Bir necha oy oldin biz bunday boʻlishi mumkin emas degan boʻlardik, lekin vaziyat bizni hayron qoldirayapti”, – dedi Jyske Bank iqtisodchisi Mikkel Xeg.

“Pul qarz olish hech qachon arzonga tushmagan. Biz bu choramiz uy narxi oshishiga yordam beradi deb umid qilayapmiz”, – dedi Bloomberg agentligiga Nordea bankining katta tahlilchisi Lise Nyutoft Bergmann. Uning aytishicha, stavkalarning tushirilishi uy sotib oluvchilar uchun yaxshi yangilikdir.

Shu bilan birga u bozordagi ahvolni “deyarli dahshatli” deb atadi. “30 yilga qarz beradigan va evaziga atigi yarim foiz haq oladigan investorlar borligi odamni taajjublantiradi”, – deydi Bergmann.

Daniya – dunyodagi eng katta ipoteka obligatsiyalari bozori mavjud mamlakat. Bloomberg yozishicha, bu obligatsiyalar dunyodagi eng ishonchli hujjatlardan biri hisoblanadi – hatto qirollik oʻz majburiyatlari boʻyicha defolt eʼlon qilgan Napoleon urushlari vaqtida ham ipoteka obligatsiyalari bozori jiddiy toʻxtalishlarsiz faoliyat koʻrsatishda davom etgan. Ipoteka krediti boʻyicha foiz stavkasi investor oladigan kupon qiymatiga teng.

Bergmanning soʻzlariga koʻra past va manfiy stavkalar investorlar moliya bozoridagi vaziyatdan xavotirlanayotganidan darak beradi. “Ular vaziyat oʻnglanguncha koʻp vaqt oʻtadi deb oʻylashmoqda”, – deydi tahlilchi.

Xeynig “The Local”ga hozirgi stavkalar jahon iqtisodiyotidagi vaziyatni aks ettirishini aytdi. “Asosiy sabab jahon iqtisodiyoti oʻsishi bilan bogʻliq noaniqliq, shuningdek AQSH va Xitoy oʻrtasidagi savdo urushining qaytalanishi bilan bogʻliq mavhumlikdir”, – dedi u.

Xeynigning tan olishicha, uzoq kelajakda past foiz stavkalari uy bozorida pufak paydo boʻlishiga olib kelish xavfi bor. Ammo hozircha buning alomatlari yoʻq.

Vaziyatga boshqa tomondan qaraganda banklar hozir aksariyat omonatlar boʻyicha foiz toʻlamayapti. Markaziy bankning depozitlar boʻyicha foiz stavkasi -0,65 foizga teng. Daniya markaziy bankining maʼlum qilishicha, mamlakat aholisi banklarda 921 mlrd kron ($139 mlrd) pulini saqlamoqda, bu pullarning deyarli 55 foizi nul foizli omonatlarga qoʻyilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?