Qayerda ayollar, qizlar qattiqqoʻl, talabchan boʻlsalar, oʻsha yerda oʻsmirlar haqiqiy erkak boʻlib yetishadi

19:00 25 Oktyabr 2020 Jamiyat
300 0

Vatanga, xalqqa hamda ota-onaga boʻlgan hurmatini koʻzgusi sifatida qasamyod qabul qilish kishi zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Qilingan qasamyodga sadoqat, unga astoydil rioya qilish, uni buzmaslik har bir vatanparvar yigit-qizning burchidir.

Bu soha oʻta mashaqqatli boʻlib, soha vakillaridan zamon bilan hamnafas boʻlishni, ham jismonan, ham fikran sogʻlomlikni, shu bilan bir qatorda yangi bilimlarni oʻzlashtirib, xizmatga tatbiq qilishni talab etadi. Muhimi, tanlagan kasbingni sevsang, jamoadoshlaring birdamligi, tajribali ustoz ofitserlarning koʻmagi ila barcha qiyinchiliklarni bartaraf etish mumkin.

Bu kasbni mukammal egallash uchun tinimsiz izlanish, oʻqish va tajriba orttirish kerak boʻladi, albatta. Ana shunday tinimsiz izlanishdagi xodimlar respublikamizda surishtiruv, tergov, jinoyat-qidiruv faoliyati, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl-harakati xavfsizligi, patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda ekspert-krimiinalistika sohalarida oʻzlarining salmoqli hissalarini qoʻshib, zimmasiga yuklatilgan masʼuliyatli vazifalarni sharaf bilan ado etmoqdalar.

Bugungi kunda bu sohada xotin-qizlarning oʻrni alohida ajralib turadi. Nozik sohaning noziktaʼb xodimalari kasb sir-asrorlarini mukammal bilishlari bilan birga oʻtkir zehnlari bilan kasbdoshlariga har jabhada koʻmakdosh boʻlmoqdalar.

Hozirda respublika ichki ishlar idoralari tizimida minglab xotin-qizlar xizmat qilishadi. Bugun ularni ichki ishlar organlarining barcha sohalarida uchratish mumkin. Ular ishonib topshirilgan vazifalarni halol, vijdonan, fidoiyliklarini namoyon qilgan holda bekamu-koʻst bajarib kelmoqdalar. Bunda ayollardagi tabiat inʼom etgan ozodalik, sarishtalik, intizomlilik sifatlari katta ahamiyat kasb etmoqda.

Ichki ishlar sohasida mehnat qilayotgan ayollar kasb vazifalarini sidqidildan bajarish bilan birga oʻz ayollik latofatlarini, onalik, rafiqalik, qizlik, singillik fazilatlarini ham yoʻqotayotganlari yoʻq. Masalan, xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlari hududlarda turli toifa vakilalari shuningdek, profilaktik hisobda turuvchi ayollar bilan tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy tushuntirish ishlarini olib borish barobarida, ularning qalblarida onalik, ayollik xislatlari joʻsh urib, mazkur toifadagi xotin-qizlarimiz tomonidan biror bir turdagi jinoyat yoki huquqbuzarliklar sodir etilishiga qarshi kurashishda oʻzining salmoqli hissalarini qoʻshib kelmoqdalar desam, mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, el tinchligi va osoyishtaligini saqlashdek masʼuliyatli vazifani uddalayotgan ayollarimiz borki, bundan har qancha faxrlansak arziydi!

Ichki ishlar idoralarida xizmat qilayotgan ayol saviyasi yuqoriligi, dunyoqarashi kengligi va huquqiy bilimi teranligi bilan boshqalardan ajralib turishi lozim. Shu bilan birga, roʻzgʻor yuritishi, saranjom-sarishtaligi, xushmuomalaligi, mehribon ona, sadoqatli rafiqa boʻla olishi, odob-axloqi, kiyinishi bilan boshqalarga oʻrnak boʻla oladigan oqila boʻlmogʻi lozim.

Ayol – el tinchligi, jamiyat, xalq taqdiri, yurt kelajagi, millat istiqboli uchun koʻp ishlar qilishga qodir, buning uchun iroda ham, kuch va shijoat ham yetarli. Ular oʻz ishlaridan vaqt orttirib, mahalla hayotiga aralashishlari, aholi, ayniqsa, maktab oʻquvchilari, yoshlar orasida tushuntirish, targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish, yosh avlodni turli mafkuraviy oqimlar taʼsiriga berilib ketishdan asrashlari lozim. Zero, buyuk mutafakkir V.A.Suxomolskiy aytganidek, “Qayerda ayollar, qizlar qattiqqoʻl, talabchan boʻlsalar, oʻsha yerda oʻsmirlar haqiqiy erkak boʻlib yetishadi”.

Bugungi kunda ichki ishlar idoralarida xizmat burchlarini sidqidildan bajarib, fidoiylik koʻrsatayotgan, oʻz vazifalarini qoyilmaqom uddalab, jamoat ishlarida ham faol qatnashayotgan, halolligi, bilimdonligi bilan boshqalarga ibrat boʻlayotgan, qatʼiyatli, metin irodali, puxta bilimli va yuksak kasb maho­ratiga ega xodimlarning salmogʻi ortib borayotgani bizni quvontiradi.

Har bir kasbning oʻziga yarasha mashaqqati boʻlganidek, ichki ishlar sohasida ham qiyinchiliklar yoʻq emas. Biroq, insonlarda oʻz maqsadiga erishish yoʻlida metindek iroda, mustahkam ishonch tuygʻulari borki, har qanday qiyinchiliklar orasidan mardonavor shaxdam qadam tashlab oʻtadi. Oʻz kasbini sevgan, yuragida ishtiyoqi bor, shijoati baland odam uchun bunday mashaqqatlar toʻsiq boʻla olmaydi.

Qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yoʻlida fidoyilik koʻrsatayotgan barcha hamkasblarimni 25-oktyabr – Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni munosabati bilan muborakbod etib, masʼuliyatli hamda sharafli kasbni ado etishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Mahliyo Mirzayeva, Navoiy viloyati IIB HPB Xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori mayor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?