Qadri qaddidan baland usta

09:34 23 Sentyabr 2020 Jamiyat
214 0

Har bir hududning oʻziga xos urf-odatlari, anʼanalari mavjud. Andijon viloyatining Shahrixon tumani ham qadri baland hunarmandlari bilan tanilgan. Ayniqsa, temirchilik sohasida ildiz otgan anʼanalar necha yilki, ajdodlardan avlodlarga meros boʻlib kelmoqda. Bu borada ustazoda pichoqchi Rahmatxoʻja Alixoʻjayevning ham ulkan hissasi bor.

Rahmatxoʻja akaning hikoya qilishicha, ushbu sulolaning asoschisi Islomxoʻja bobo asli margʻilonlik boʻlgan. 1800-yillarda Qoʻqon xoni Amir Umarxonning turmush oʻrtogʻi Nodirabegim Andijonga qilgan safarlari chogʻida hayxotdek manzillar oʻzlashtirilmay turganligidan afsuslanadi. Bu haqida xon bilan maslahatlashib, oʻshal manzillar tomon soy oqizishni taklif etadi. Shu tariqa Amir Umarxon buyrugʻi bilan Andijon shahridan Qoʻqon shahri tomon yurishda bir manzilga soy qazilib, bu yerda shahar bunyodkorligiga asos solinadi va u “Shahrixon”, yaʼni “Xonlar shahri” nomi bilan atala boshlanadi.

Har bir shaharda inson ehtiyoji uchun zarur boʻlgan sharoitlar boʻlmogʻi kerak. Jumladan, Shahrixonga ham odam zoti uchun neki zarur boʻlsa barchasini taxt qilguvchi hunarmandlar olib kelinadi. Oʻsha paytda bu sohada ancha taraqqiy topgan Margʻilon eli hunarmandlar manzili boʻlgan. Amir Umarxon ular orasidan iqtidorlilarini tanlab olib, Shahrixonda qoʻnim topishlari uchun sharoit yaratib bergan. Shu tariqa yangi maskanda hunarmandlar mahallalari bunyod boʻlgan. Bu mahallalar ularning amalga oshirgan ishlari bilan atalgan. Natijada “Temirchi”, “Pichoqchi”, Koʻnchi”, “Oshpaz”, “Sartarosh”,”Toʻnchi” kabi hududlar paydo boʻlgan.

— Tasavvur qiling, inson dunyoga hech nimasiz keladi,-deydi hunarmand Rahmatxoʻja aka Alixoʻjayev.-Unga inson qiyofasini kirgizish uchun avval mato toʻquvchi kerak, oʻshal matodan koʻylak tikish uchun chevar kerak. Boshga doʻppi tikadigan doʻppidoʻzu poyabzal tikuvchigacha hammasi mana shu inson uchun xizmat qiladi. Umarxon Shahrixonga hunarmand tanlashda masalaning shu jihatiga eʼtibor qaratgan va bu yerda barcha kasb-kor egalari jamuljam boʻlgan. Margʻilondan yollangan hunarmandlar orasida mening bobom Islomxoʻja ham boʻlganlar. Ular Shahrixonda pichoqchilikka asos solgan. Yoniga farzandlarini, shogirdlarini olib, xalq xizmatiga kirishganlar. Oradan shuncha yillar oʻtdi. Bobomiz boshlab bergan anʼanani bugunga kelib yettinchi avlod davom ettirmoqda.

Maqolamiz qahramoni esini tanibdiki, sandon va oʻchoq atrofida paydo boʻlgan. Otasining har bir harakati uning xotirasiga muhrlangan. Qoʻliga bolgʻa olib, pichoqchilik sir-sinoatlarini oʻzlashtira boshlaganida 14 yoshda edi. Mustaqil tarzda ilk mahsulotini yaratguniga qadar yana 14 yil hunar oʻzlashtirishiga toʻgʻri kelgan.

— Respublikamizning bir nechta hududlarida pichoqchilik hunari keng rivojlangan,-deya suhbatni davom ettiradi qahramonimiz.-Ularning har biri oʻz xususiyatiga ega. Misol uchun, Shahrixon pichoqlari yengilligi va oʻtkirligi bilan ajralib turadi. Qolaversa, unga berilgan ishlovlar betakrordir.

Rahmatxoʻja aka nafaqat, Shahrixon pichoqlari shakllanishiga, balki, respublikamiz hunarmandchiligi taraqqiyotiga hissa qoʻshib kelmoqda. U yaratgan sanʼat asarlari (darvoqe, usta yaratgan pichoqlar xoʻjalik quroli emas, sanʼat asari darajasidagi ahamiyatga molik) oʻnlab xorijiy davlatlardagi koʻrgazmalarda namoyish etilgan. Ayniqsa, respublikamiz mustaqillikka erishgach, hunarmandlarga yaratilgan sharoit, mavjud imkoniyatlar Rahmatxoʻja aka faoliyatida yangi bosqichlarni boshlab berdi. Natijada 1995-yili YUNESKO tashkilotining 50 yilligi munosabati bilan boʻlib oʻtgan xalqaro hunarmandlar koʻrgazmasida ishtirok etdi. 2003-yili Fransiya davlatida boʻlib oʻtgan “Sifat belgisi” xalqaro koʻrgazmasida 166 ta davlat vakillari orasidan uning faoliyatiga yuqori baho berilib, 1-darajali diplom va Oltin kubok bilan taqdirlangan.

Rahmatxoʻja Alixoʻjayev oʻzi istiqomat qilayotgan xonadonda ustaxona tashkil etgan. Shu yerda moʻjazgina muzey ham barpo qilgan. Har yili 100 dan ortiq sayyohlar uning uyiga tashrif buyurib, sulola tarixi va faoliyati bilan tanishadilar.

— Birinchi Prezidentimizning 1997-yildagi xalq hunarmandchiligini rivojlantirish toʻgʻrisidagi Farmonidan keyin respublikamizda hunarmandlar faoliyatida keskin burilish yuzaga keldi,-deydi hikoyamiz qahramoni. –Bugunga kelib daromad soligʻi va bojxona toʻlovlaridan ozod etilganmiz. Faoliyatimizni muvofiqlashtirib turuvchi “Hunarmand” uyushmasi tashkil etildi. Ustaxona ochish, savdo qilish uchun sharoitlar yaratildi. Imtiyozli kreditlar bilan taʼminlanmoqdamiz. Bularning barchasi yurtimizda hunarmandchilik taraqqiyotiga boshlab boruvchi yoʻllar darvozasini ochib berdi.

Eshon aka (uni Andijonda barcha shu nom bilan ataydi) ayni paytda uch oʻgʻli va 50 nafar shogirdlari bilan pichoqchilikning 43 ta yoʻnalishini shakllantirib kelmoqda. Amalga oshirayotgan, erishgan yutuqlari nafaqat, xalqimiz ardogʻida, sayyohlar eʼtiborida, balki, hukumatimiz eʼtirofida ham. Shu bois davlatimiz rahbarining shu yil 28-avgust kungi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

Bizni bolaligimizdanoq bir maqol bilan tarbiyalashgan: “Mehnat insonni ulugʻlaydi”. Murgʻak qalbimiz bilan aql idrokimizga muhrlangan ushbu purmaʼno maqolning nechogʻli haq ekanligiga bugun Rahmatxoʻja Alixoʻjayev misolida yana bir bor guvoh boʻldik.

Saminjon HUSANOV,

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?