Qadrdonimiz Musa Yerniyazovning yorqin xotirasi xorazmliklar qalbida abadiy yashaydi

19:25 01 Avgust 2020 Jamiyat
140 0

Davlat va jamoat arbobi, Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Qahramoni, Xorazm viloyati aholisining yaqin doʻsti, qadrdoni Musa Tajetdinovich Yerniyazovning vafoti eldoshlarimizni qattiq qaygʻuga soldi. 

Oʻtgan yillar davomida Musa Tajetdinovich Qoraqalpogʻiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy, qishloq xoʻjaligi, ilm-fan, sanoat, turizm sohalarini har tomonlama taraqqiy topishiga, aholi turmush darajasini yuksaltirishda oʻzining koʻp yillik bilim va tajribasini safarbar qilib, el-yurt farovonligi yoʻlida fidoyilik bilan mehnat qildi.

Eng chekka qishloqlarda, mahallalarda, xonadonlarda, oilalarda boʻlib, aholi bilan dildan suhbatlashdi, ularning taklif va mulohazalarini tinglab muammolarini tezkorlik bilan bartaraf etishda kunu tun jonkuyarlik, jonbozlik koʻrsatdi.

Ayniqsa, Musa Tajetdinovichning Xorazm viloyati bilan yaqin qoʻshni sifatida doimiy ravishda Xorazm viloyati rahbariyati, turli soha vakillari bilan hamkorlikda faoliyat yuritib, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirishga, atrof-muhit musaffoligini taʼminlashda, Orol muammosini bartaraf etishda va boshqa sohalarni taraqqiy qildirish maqsadida olib borgan ezgu ishlarini yuksak qadrlaymiz va hurmat bilan tilga olamiz.

Musa ogʻa oʻzining kamtarligi, mehnatsevarligi, kechayu kunduz tinim bilmasdan fidoyi mehnat qilishi hamda jonkuyarligi, mehribonligi bilan ham hamisha el-yurt oldida yuksak hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlgan.

Yurtimizning suyukli farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi, yaqin doʻstimiz, qadrdonimiz Musa Tajetdinovichning yorqin xotirasi xorazmliklarning qalbida abadiy yashaydi.

Xorazm viloyati hokimligi va butun Xorazm eli nomidan Oʻzbekiston Qahramoni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi - Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining oʻrinbosari Musa Tajetdinovich Yerniyazovning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etamiz.

Xorazm viloyati hokimligi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?