Qadimiy tangalarni O‘zbekistondan olib chiqib ketmoqchi bo‘lganlar ushlandi

17:02 06 Iyun 2018 Jamiyat
278 0

Ma’lumki, mamlakatimiz qonunchiligiga muvofiq tarixiy tangalar ham madaniy boyliklar toifasiga kiradi. Ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarning O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketilishi mumkin emas.

Yaqinda Surxondaryo viloyatida mazkur tartiblarga rioya qilmasdan turib, tarixiy ahamiyatga ega tangalarni bojxona chegarasidan olib chiqishga bo‘lgan urinishlar fosh qilindi. Bu haqida “Xalq so‘zi”ga Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati vakili ma’lumot berdi.

2018 yil 3 iyun kuni Termiz aeroportida Sankt-Peterburgga parvozi oldidan fuqaro S.M. yashil yo‘lakdan o‘tar ekan, bojxona xodimlarining diqqatini tortdi. Unga tegishli bagaj ko‘zdan kechirilganida, ushbu shaxs har birining qadimiyligi 50 yildan oshgan va turli o‘lchamdagi 4 dona qadimiy tangalarni yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lganligi aniqlandi.

Xuddi shu reys bilan uchib ketayotgan yana bir fuqaro Yu.M. ham 28 dona qadimiy tangalarni yashirincha olib chiqish uchun yashil yo‘lakni tanlagan paytda, to‘xtatib qolindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?