Qadimgi rasadxona

16:11 24 Yanvar 2020 Madaniyat
439 0

Qadimgi rasadxona

“Qizilqum ekspeditsiyasi” vaqtida ellikqalʼalik tarixshunos olim Samandar Ismoilov bilan qadimgi rasadxona – Qoʻy qirilgan qalʼa tarixini oʻrganish va uni tasvirga olish jarayonida ayni shu holatni idrok etganmiz. Bir tomoni Qizilqum, ikkinchi tomoni Qoraqumga tutash qadimiy Amudaryoning quyi qismi qoʻsh sohilidan oʻrin olgan koʻhna Xorazm davlati koʻz oʻngimizda namoyon boʻlgan. Bu yodgorlikka bejiz toʻxtalmadik.Negaki, uch ming yillik tarixga ega bu obida rasadxona boʻlib qolmay, matematika, geometriya, trigonometriya, fizika, astronomiya, astrologiya va geodeziya kabi fanlar rivoj topgan oʻquv markazi ham edi. Ammo nima uchun “Qoʻy qirilgan qalʼa” deb atalgan u? Bu savolga Samandar aka quyidagicha izoh beradi: “Agar gapni uzoqdan boshlasak, bunday nomlanishi, aniqrogʻi, shu nomda ilmda qayd etilishining sababi, oʻtgan asrning oʻttiz yettinchi yilida Amudaryoning oʻng sohilidagi tarixiy obidalarni aniqlash va ularni roʻyxatga olish maqsadida kelgan arxeolog S.P. Tolstov fotograf Ye A. Polyakov hamda Beruniy tumanidagi “Sakson bir” ovulida istiqomat qiluvchi tuyakash Sansizboy Oʻrumov degan qozoq chol hamrohligida tuyalarda sahro kezib, mashaqqat chekib, mavjud koʻhna obidalarning barchasini birma-bir suratga olib, roʻyxatga tirkab chiqadi. Shaxsan men arxeolog Sergiy Tolstov rahbarligidagi ekspeditsiya aʼzolaridan soʻnggi nafasimgacha minnatdorman. Oʻsha kezlarda aksariyat qadimiy qalʼa va qoʻrgʻonlarning haqiqiy nomi unut boʻlib, baʼzilari mahalliy aholi tomonidan turlicha nomlanib, ayrimlari butunlay nomsiz edi. S. Oʻrumov obidalar nomini oʻz tilida ifoda etgani sababli koʻpgina qalʼa va qoʻrgʻonlar nomi fanda qozoq tilida qayd etilgan, masalan, Jonboshqalʼa deganday.” Xullas, Bozorqalʼa, Qoʻyqirilganqalʼa, Qizilqalʼa, Teshikqalʼa, Dumonqalʼa, Qavatqalʼa, Burgutqalʼa kabi oʻnlab yodgorliklar yerli kishilar tomonidan qanday atalgan boʻlsa, xuddi shu nomda tarix sahifasidan oʻrin olgan. Bundan tashqari, keksa otaxon ayrim nomsiz qalʼalarni tashqi koʻrinishiga qarab oʻzicha nomlab ketavergan. Bu odat mahalliy aholiga xos boʻlib, obidalarni nomlashda uning tashqi koʻrinishiga koʻproq eʼtibor berishgan. Masalan, Teshikqalʼa – shu kungacha saqlanib qolgan devorlaridan birida kattakon teshik boʻlgani uchun, Burgutqalʼa – bir devori qoʻnib turgan burgutday qoʻnqayib turgani sabab, Qizilqalʼa – quyoshning chiqish va botish paytida qalʼa devorlarining qizarib koʻrinishi tufayli shunday nomlangan. Qoʻyqirilganqalʼaga kelsak, aytishlaricha, qaysi bir zamonda qalʼa poyida oʻtlab yurgan qoʻy suruvi boʻrilarning kutilmagan hamlasidan nobud boʻlgan va Qoʻyqirilganqalʼa degan nom shundan qolgan ekan.

Xoʻsh, mazkur qalʼaning qadimiy haqiqiy nomi nima?

Qalʼaning qadimiy haqiqiy nomi “Xadarkat”dir.

Qadimda Xadarkat, endilikda Qoʻyqirilgan qalʼa degan nomga ega boʻlgan yodgorlik oʻtmishiga chuqur nazar tashlaganimiz sayin koʻzimizga u oʻzgacha koʻrinib, qalbimizda hayrat hissini tuya boshlaymiz. Biroq, bundan uch ming yil narisida donishmand ajdodlarimiz samoviy yoritgichlarning oʻrni va holati hamda harakat qonuniyatlarini aynan, ushbu nuqtadan turib kuzatishganini idrok etishimiz baribir oson kechmaydi. Ammo bu ayni haqiqat – oʻtgan asrning elliginchi yillarida bir guruh arxeolog olimlar bilan qalʼada qazish ishlarini olib borgan S.P. Tolstovmazkur obida nafaqat rasadxona, balki meʼmorchiligi jihatidan Markaziy Osiyodagi eng qadimgi qalʼaligi haqida Moskvaga hisob berib turilgan. Oʻsha paytda ayrim yodgorliklar, jumladan, Qoʻy qirilgan qalʼaning yoshi ham bir necha asrga yoshartirgan holda koʻrsatilishi arxeologlardan qatʼiy tarzda talab qilingan. Arxeologlar bu yoʻriqqa soʻzsiz itoat etmoqqa majbur boʻlishgan. Bu bilan demoqchimanki, qadimiy bu rasadxona dunyoning boshqa joylariga nisbatan ancha burun, yaʼni miloddan avvalgi IV asrda emas, balki miloddan burungi VIII asrda bunyod etilgan. Bu oʻz-oʻzidan arifmetika, matematika, geometriya, trigonometriya, fizika kabi fanlar bizda ancha oldin rivojlanganini bildiradi. Bu holatni tarixiy maʼnaviy taraqqiyotga taqqoslab, miloddan avvalgi IV asrda yashab oʻtgan antik davrining buyuk olimlari Platon va Aristotel dunyoviy fanlar rivojida katta ishlar qilishganini nazarda tutar boʻlsak, bizda bu saʼy-harakat ancha burun boshlanganini idrok etish qiyin emas. Diyorimizda rasadxona qurilishi va dunyoviy fanlar rivojlanishi davri hozirga qadar tarix kitoblarida yozilganiga nisbatan qariyb ming yil oldinga toʻgʻri keladi.

Bilimga oid suhbatlar hamisha bahsli kechadi. Tabiiy, orada bu fikrga qarshi chiqqanlar ham boʻldi. Ana shunda Samandar aka qalʼa tuprogʻidan bir siqim olib, oʻychan alfozda qadimgi Arkaim shahrini esga oladi. Kamina bu koʻhna shahar tarixidan boxabarligim bois, u haqda qisqacha toʻxtalib oʻtaman:oʻtgan asrda bir guruh arxeologlar janubiy Ural togʻ yonbagʻirligida miloddan avvalgi XVII asrga oid yodgorlik – Arkaim shahri qoldiqlarini qazib oʻrganish paytida, shahar markazida aynan, Qoʻy qirilgan qalʼaga oʻxshash bir yodgorlikka duch keladi. Bu obidada ham quyosh ibodatxonasi, osmon jismlarini oʻrganuvchi rasadxona va shuningdek, kunu tun olov alangalanib turuvchi oʻtxonani mavjud edi. Xoʻsh, bu ikki yodgorlikdagi oʻxshashlik nimani anglatadi? Oʻshanda bu jumboq barcha arxeologlarni chuqur oʻyga toldirgan va keyingi izlanishlar natijasi oʻlaroq, bu ikki qalʼa bir-biriga bogʻliq holda bir davrda faoliyat koʻrsatgan, deya bir toʻxtamga kelingan. Arxeolog olimlarning bu fikri Qoʻy qirilgan qalʼa miloddan avvalgi IV asrda emas, balki undan oldingi davrda bunyod etilgani va qadimgi ajdodlarimiz ilm bilan jiddiy mashgʻul boʻlganini bildiradi. Bu fikrni tarixchi Tohir Karimning “Muqaddas Avesto izidan” kitobidagi (118-124-betlar) quyidagi maʼlumotlar ham toʻla tasdiqlaydi: “Aqchadaryoning oʻng sohilida joylashgan Xadarkat (Qoʻyqirilganqalʼa) butun Xorazm, shuningdek, zardushtiylik dinidagi barcha elatlarning eʼtiqod markaziga aylangan edi. Bu yerda asosan ziyoratchilarga xizmat koʻrsatadigan yuqori martabali kohinlar, mehmonxona xizmatchilari, jumladan, shahar markazida qurilgan Amudaryo (“Avesto”da Dahya) maʼbudasi Ardvi Sura Anaxita sharafiga bunyod etilgan markaziy otashkada xizmatchilari istiqomat qilar edi. Otashkadaga tutash shifoxonada tabiblar, ikkinchi bir tomonidagi oʻquv maskanida diniy va dunyoviy bilimlardan saboq oluvchi talabalar istiqomat qilar, markazdan oʻrin olgan rasadxona (observatoriya)da oʻnlab olim va munajjimlar faoliyat koʻrsatgan. AmmoFarazman podsholigi davriga kelib Xadarkat inqirozga yuz tutadi va mamlakat poytaxti Nuzkatga koʻchiriladi.

Bu maʼlumotni bejiz keltirmadik, chunki eramizdan burungi IV asrda Aleksandr Makedonskiy Markaziy Osiyoga hujum qilgan paytda haqiqatdan Xorazm podshosi Farazman boʻlgan va uning hukmdorligi uzoq asrlar gullab-yashnagan Xadarkatning tanazzuli vaqtiga toʻgʻri kelgan. Shu oʻrindan, yana bir maʼlumot, Qoʻyqirilganqalʼa nafaqat astronomik kuzatishlar markazi, balki dastlabki Xorazm yozuvining beshigi ham boʻlgan. Arxeologlar fikriga koʻra, Markaziy Osiyoga taalluqli yozuvning eng qadimgi namunalari aynan, ushbu qalʼadan topilgan. Bu yozuvlar Oromiy xati asosidagi Xorazm alifbosida bitilgan boʻlib, olimlar bu noyob osor miloddan avvalgi III asrga taalluqli ekanini aniqlashga muyassar boʻlgan. Xorazm yozuvi dunyodagi dastlabki yozuvlar – Fors mixxati, Finiqiy va Oromiy alifbolari bilan deyarli bir davrda paydo boʻlgan. S. Ismoilov bunga qoʻshimcha qilib shunday deydi: “Gar “Avesto”ning milloddan avvalgi VIII asrda yozilganligini nazarda tutar boʻlsak, Xorazm yozuvi undan ancha oldin paydo boʻlgan.”

Shundan keyin u kishi Qoʻyqirilganqalʼdan topilgan yana bir osor haqida soʻzlaydi. Bu osor qalʼa devoriga bitilgan matematik formulalar ekan. S. Ismoilov qalʼa boʻlmalaridan birining oʻtgan grek olimlari Gipparx va Ptolomey asarlarida uchraganidek, Kosinus atamasi V–XIII asrlarda hind olimlari asarlarida ham mavjud ekan. Markaziy Osiyoda dastlab Abul Vafo Buzjoniy sinuslar jadvalini tuzgan. XIII asrda yashab oʻtgan Nasriddin At-Tusiy “Toʻla toʻrtburchak haqida” asarida bu atamalar haqida maʼlumot bergan. Abu Rayxon Beruniy, Ulugʻbek, Koshiy asarlarida trigonometrik teoremaga oid atamalar yanada boyitilgan. Yevropada uygʻonish davrida dastlab ingliz olimi Broduardin (1290-1349-y.) asarida ham bu atamalar ishlatilgan. Keyinchalik bu fan oʻn beshinchi asrda yashab oʻtgan nemis olimi Iogan Myuller, polyak olimi Kopernik hamda Lobachevskiy asarlarida rivojlantirilib, hozirgi zamon fani darajasiga koʻtarilgan. Xoʻsh, bu nimani anglatadi? Qoʻyqirilganqalʼa devoridan topilgan teorema formulalari, shuningdek, kosinus teoremasi formulasi yer yuzining boshqa joylariga nisbatan qariyb 900-yil oldin bizda yaratilgan ekan. Bu noyob osorlarning devor yuzida saqlanib qolishiga kelsak, rasadxonada talabalarga dars ham berilganini unutmaslik lozim.

Darvoqe, keyingi paytda ilm ahlidan ayrim kishilarni bu darajada murakkab qalʼa loyihasini tuzish hamda uni qurishda qanday oʻlchov uskunasi qoʻllanilgani juda qiziqtirgan. Axir, bu qadar aniq, bu darajada murakkab oʻlchamdagi loyihani yaratishning oʻzi boʻlmaydi. Ammo, aksiga olganday,qalʼada qazishma ishlarini olib borgan arxeologlar tomonidan oʻlchov uskunalari haqida hech qanaqa maʼlumot qoldirilmagan. Bu esa olimlar orasida turli qarashlarning yuzaga kelmogʻiga sabab boʻlgan. Qadimshunos M. S. Lapirov-Skoblo oʻz ilmiy maqolalaridan birida quyidagi fikrni olgʻa surishga uringan: “Qoʻyqirilganqalʼa qurilishida oʻlchov uskunasi sifatida arqondan foydalanilgan, yaʼni arqondagi bir tugun xonaning enini, ikkinchi tugun xona uzunligini, boshqa tugunlar paxsaning qalinligi, balandligi va boshqalarni belgilab olish vositasi boʻlgan.” S. Ismoilov bu fikrga qatʼyan qarshi chiqadi: “Fan yutuqlari asosida bunyod etilgan murakkab qalʼa qurilishida uzunlik oʻlchovi sifatida oddiy arqondan foydalanilgan, degan fikr mutloqa asossiz. Agar olim “Avesto”dan boxabar boʻlganda, bu gapni aytmoqdan tiyilgan boʻlardi. Chunki bu muammo yechimi muqaddas “Avesto”da aniq keltirilgan. Bu fikrga qoʻshilishni istamagan odam “Avesto”ning – taniqli olim M. Isʼhoqov tomonidan tarjima qilingan – “Videvdod” va “Yasht” kitoblarini bemalol varaqlab koʻrmogʻi mumkin.” Agar mazkur kitoblarni varaqlaydigan boʻlsak, quyidagi maʼlumotlar bilan tanishmoq mumkin: “xatra” – bir chaqirim masofaga, “ashtr” – boʻgʻin yoki barmoq eniga, “ashti” – toʻrt barmoq eniga tengligi va shuningdek,“vetosiy” – oʻn ikki barmoq hajmdagi uzunlik oʻlchovi, “frabazu” – bilak hajmidagi uzunlik oʻlchovi, “vaybazu” – miqdori tugal boʻlmagan, yaʼni turlicha aytilgan uzunlik oʻlchovlarini bildirgan. Xoʻsh, endi mushohada qilib koʻraylik,“Avesto”ni oʻqigan va undagi bilimlardan toʻla bahramand boʻlgan qadimgi ajdodlarimiz nahotki, oʻlchov asbobi sifatida arqondan foydalangan boʻlsa? Qadimgilar har qanday qurilish ishlarida, astronomik kuzatishlarda, yer va masofani oʻlchashda turli oʻlchov birliklari va uskunalaridan hamisha unumli foydalanib kelishgan va bu narsa tarixiy bitiklarda ham oʻz aksini topgan. S. Ismoilov taʼbiri bilan aytganda, oʻsha davrda fan va madaniyat nechogʻli rivojlanganini qalʼa bagʻridan topilgan turli haykallar ham aytib turibdi. Otashparastlik dini maʼbudasi – Anaxita, onalar maʼbudasi – Xorazm madonnasi, maʼbuda Mina va boshqa shu kabi osorlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan. Bu kabi misollarni istagancha keltirish mumkin.

Qizilqum boʻylab qilingan haftalik ekspeditsiya davomida vaqt qanday oʻtganini bilmaymiz. Boisi, sahro kengligida biri boʻylanib, biri yaslanib yotgan koʻhna yodgorlikning har biri oʻziga xos bir tarix – “Qadimgi Xorazm” deb atalmish ulkan kitobning nodir sahifalaridir. Tabiiy, nodir sahifalarni oʻqib, ajdodlarimiz olis oʻtmishiga nazar tashlaganing, davrni tasavvuringda jonlantirging keladi. Ammo bu sahifalarni oʻqimoq oson emas va u hammaga ham nasib etavermaydi. Buning uchun qavatingda soha bilimdonlari boʻlmogʻi lozim. Shunga koʻra, bu safargi ekspeditsiyada Qoʻyqirilganqalʼa bilan kifoyalanar ekanmiz, hikoyamiz soʻnggida rasadxonalarning paydo boʻlishi sabablariga andak toʻxtalib oʻtamiz.

Normurod NORQOBILOV, yozuvchi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?